Inson borlig‘ining o‘ziga xos xususiyati. Inson borlig‘i tirik tabiatdan tabiiy rivojlanishning butunlay yangi, yuqoriroq bosqichi ekanligi bilan ajralib turadi. Ayni shu sababli yuqoridagi mavzuda jonli narsalar borlig‘i haqida nima deyilgan bo‘lsa, barchasi insonga ham tegishli va uning tabiiy-jismoniy, biologik asosi hisoblanadi. Shunday qilib, jonli organizmlarning mavjudlik qonunlari va tamoyillari his etuvchi mavjudot sanalgan insonga nisbatan ham to‘la tatbiq etiladi. Ammo bundan tashqari insonni qolgan barcha jonli narsalardan farqlash imkonini beradigan, unda hech shubhasiz mavjud bo‘lgan, lekin sinchiklab qaraganda ko‘rinmaydigan, aniq tavsif berishning iloji bo‘lmagan nimadir mavjud. Insonning ichki dunyosini aks ettiruvchi bu «nimadir» turli davrlarda turli mutafakkirlar tomonidan jon, ruhiyat, ong, tafakkur, ideal va hokazolar deb atalgan.
Shaxs – insonning uni qurshagan boshqa odamlar tomonidan qanday idrok etilishi, tavsiflanishi va baholanishini aks ettiruvchi ijtimoiy hodisa. Shaxs faqat jamiyatda, o‘ziga o‘xshash odamlar bilan muloqot qilish, o‘tgan avlodlar to‘plagan tajriba va bilimlarni, o‘ziga qadar yaratilgan qadriyatlar va xulq-atvor qoidalarini o‘zlashtirish orqali shakllanishi mumkin. Shuning uchun ham shaxs bo‘lish – ijtimoiy «qiyofa»ga ega bo‘lish demakdir. Bularning barchasi ijtimoiy borliqning turli holatlari va jarayonlarini tavsiflaydi. Ularni to‘la yoritish ijtimoiy falsafa muammolarining butun majmuini tahlil qilishni taqozo etadi.
MA’NAVIY BORLIQ sub’ektiv individuallashgan va ob’ektiv (noindividual) ma’naviy borliq sifatida mavjud. Individuallashgan ma’naviy borliq - bu insonning ichki dunyosi. U onglilik va ongsizlikni qamrab oladi. Bunday yondashuvga ko‘ra, ruh – individual ong bilan ayniy tushuncha, tor ma’noda esa u tafakkurdir.
Ong – inson bosh miyasining dunyo borlig‘ini izchil aks ettirish, uni obrazlar va tushunchalarga aylantirish qobiliyati.U taassurotlar, sezgilar, kechinmalar, fikrlar, shuningdek g‘oyalar, e’tiqodlar, qadriyatlar, mo‘ljallar, andozalarning ko‘rinmas jarayoni sifatida mavjud. Ong tez oqadigan va bir xil bo‘lmagan orqaga qaytmaydigan xususiyatga ega. Shaklan bu jarayon tartibsiz, lekin shu bilan bir vaqtda unda muayyan tartib, barqarorlik, struktura, muayyan darajada intizom va iroda mavjud.
IJTIMOIY BORLIQ ayrim insonning jamiyatdagi borlig‘i va jamiyatning o‘z borlig‘iga bo‘linadi. Har bir inson boshqa odamlar bilan muttasil aloqa qiladi, turli ijtimoiy guruhlar: oila, ishlab chiqarish jamoasi, millatning a’zosi hisoblanadi. U boshqa individlar bilan yaqin aloqa qilib yashaydi. Odamlarning barcha faoliyati mazkur sotsiumga xos bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar, chunonchi: siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, axloqiy va boshqa munosabatlar doirasida amalga oshiriladi.
Xullas, «borliq» kategoriyasi o‘ta umumiy falsafiy abstraksiya bo‘lib, u turli-tuman tabiat hodisalari va jarayonlarini, odamlar jamoalari va ayrim kishilarni, ijtimoiy institutlarni, inson ongining darajalari, shakllari va holatlarini mavjudlik belgisiga ko‘ra birlashtiradi. Garchi bu hodisalar va jarayonlar borliqning turli sohalariga taalluqli bo‘lsa-da, ularning barchasini umumiy asos birlashtiradi.