Namunaviy hujjatlar boshqaruvning muayyan bir xil vaziyatlari bilan bog‘liq, bir- biriga o'xshash va ko'p takrorlanadigan masalalar yuzasidan tuzilgan matnlarni o'z ichiga oladi.
Qolipli hujjatlar, odatda, oldindan tayyorlangan bosma ish qog‘ozlariga yoziladi, bunday hujjatlarda ikki turli axborot aks etadi, ya'ni o'zgarmas (oldindan tayyor bosma matnda ifodalangan) va o'zgaruvchi (hujjatni tuzish paytida yoziladigan) axborotlar; shuning uchun bu tur hujjatlarga nisbatan ko'pincha «yozmoq» emas, balki «to'ldirmoq» so'zi ishlatiladi. Shu o'rinda aytish kerakki, hujjatlarning qolipli turlari doirasini kengaytirish - ish yuritishni takomillashtirishdagi maqbul yo'llardan biridir. Chunki bu tadbir hujjat matnlarini bir xil qilish va hujjat tayyorlash uchun ketadigan vaqt hamda mehnatni anchagina tejash imkoniyatini beradi. Qolipli hujjatlar sirasiga, masalan, ish haqi yoki yashash joyi haqidagi ma'lumotnomalar, ayrim dalolatnomalar, xizmat safari guvohnomalari va boshqa ko'plab hujjatlarni kiritish mumkin.
Hujjatlar tegishlilik jihatiga ko'ra xizmat yoki rasmiy hujjatlar va shaxsiy hujjatlarga ajratiladi. Xizmat xujjatlari tayyorlanishiga ko'ra muassasa yoki mansabdor shaxslarga tegishli bo'lsa, shaxsiy hujjatlar yakka shaxslar tomonidan yozilib, ularning xizmat faoliyatlaridan tashqaridagi yoki jamoat ishlarini bajarish bilan bog‘liq masalalarga tegishli bo'ladi (masalan, shaxsiy ariza, shikoyat va h.k.).
Ma'muriy-boshqaruv faoliyatida xizmat mavqeiga ko'ra hujjatlar hozirgi kunda, asosan, quyidagicha tasniflanishi mumkin: tashkiliy hujjatlar; farmoyish hujjatlari; ma'lumot-axborot hujjatlari; xizmat yozishmalari. Ish yuritish huijatlari qo‘llanish doirasi, maqsad va vazifalariga ko‘ra to‘rt guruhga bo‘linadi:
l. Tashkiliy hujjatlar (guvohnoma, yo‘riqnoma, nizom, shartnoma va boshqalar)
2. Farmoyish hujjatlari (buyruq, ko‘rsatma , farmoyish).
3. Ma’lumot-axborot hujjatlari (ariza, bayonnoma, dalolatnoma, ishonchnoma, tavsifnoma, tarjimai hol, tilxat, tushuntirish xati, e’lon va boshqalar).
4. Xizmat yozishmalari (taklifnoma, telegramma, xatlar).