Ish hujjatlarini yuritish tili va uslubi. O‘zbek hujjatchiligini shakllantirish va takomillashtirishdagi eng muhim va dolzarb masalalardan biri hujjatlarning tili va uslubi masalasidir. Hujjat tayyorlash va rasmiylashtirishda eng avvalo o‘zbek tilining barcha asosiy qonuniyatlari va qoidalarini ma’lum darajada tasavvur etish zarur.
Hujjatlar matniga qo‘yiladigan eng muhim talablardan biri xolislikdir. Hujjatlar rasmiy munosabatlarni ifodalovchi va qayd etuvchi rasmiy yozma vositalar sifatida axborotni xolis aks ettirmog‘i lozim. Shuning uchun hujjatlar tilida so‘z va so‘z shakllarini qo‘llashda muayyan chegaralanishlar mavjud. Xususan, rasmiy ish uslubida kichraytirish-erkalash qo‘shimchalarini olgan so‘zlar, ko‘tarinkitantanavor yoki bachkana so‘zlar, dag‘al so‘zlar, tor doiradagi kishilargina tushunadigan so‘zlar, o‘xshatish, jonlantirish, mubolag‘a, istiora, tashxis kabi obrazli tafakkur ifodasi uchun xizmat qiluvchi usullar ishlatilmaydi. Ularning ishlatilishi hujjatlar matnidagi ifodaning noxolisligiga olib keladi.
Hujjat matni aniqlik, ixchamlik, lo‘ndalik, mazmuniy to‘liqlik kabi talablarga ham javob berishi kerak. Bu talablarga javob bera olmaydigan hujjat chinakam hujjat bo‘la olmaydi, bunday hujjat ish yuritish jarayoniga xalaqit beradi, uning samaradorligini keskin pasaytiradi.
Hujjatlar tilida ot turkumiga oid so‘zlar ko‘p qo‘llanadi. Hatto fe’l bilan ifodalanuvchi harakat va holatlar ifodasi uchun ham otga yaqin so‘z shakllari tanlanadi, ya’ni «harakat nomi» deb ataluvchi so‘z shakllari faol ishlatiladi: «...tayyorgarlikning borishi haqida», «...qarorning bajarilishi to‘g‘risida», «...yordam berish maqsadida», «...qabul qilishingizni so‘rayman» kabi.
Xulosa Hujjatlarning mohiyati va maqsadiga muvofiq ravishda ularda so‘roq va undov gaplar deyarli qo‘llanmaydi, asosan, darak va buyruq gaplar ishlatiladi. Zero, hujjatlarda tilning ikki vazifasi xabar berish (informativ) va buyurish (volyuntativ) vazifalari amalga oshadi. Masalan, ma’lumotnomada axborot ifodalanadi, buyruqda buyurish aks etadi, majlis bayonida esa ham axborot («eshitildi...»), ham buyurish («Qaror qilindi..») o‘z ifodasini topadi.
Hujjatlar matni birinchi shaxs yoki uchinchi shaxs tilidan yoziladi. Yakka rahbar nomidan yoziladigan farmoyish hujjatlari (buyruq, farmoyish, ko‘rsatma kabilar) birinchi shaxs tilidan bo‘ladi. Shuningdek, ayrim shaxs tomonidan yozilgan hujjatlar (ariza, tushuntirish xati kabi) ham birinchi shaxs, birlik sonda shakllantiriladi. Boshqa hujjatlar esa yo birinchi shaxs ko‘plik sonda, yoki uchinchi shaxs birlik sonda rasmiylashtiriladi: «...ga ruxsat berishingizni so‘raymiz», «...deb hisoblaymiz»; «ma’muriyat talab qiladi», «boshqarma so‘raydi» kabi.
Hujjatlar matnini tuzishda turg‘unlashgan, qoliplashgan so‘z birikmalaridan ko‘proq foydalanish lozim. Chunki qoliplashgan, yagona doimiy shaklga ega bo‘lgan so‘z tizimlari, iboralar, muhandislik psixologiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa so‘z birikmalariga qaraganda 8–10 marta tez idrok qilinar ekan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. М.Аминов, А.Мадвалиев, Н.Маҳкамов, Н.Махмудов. Иш юритиш. Т. “Ўзбекистон миллий энциклопедияси”, 2000. 2. N.Mahmudov, A.Rafiyev, I.Yo‘ldoshev. Davlat tilida ish yuritish. T., “Sharq” 2004. 3. Ризаев С. Иш қоғозларининг айрим намуналари. Т., "Меҳнат" 1990. 4. Т.З. Имамова, Л.А. Тухватуллина. Иш қоғозлари қандай ёзилади? Как писать деловые бумаги? Т., “Ўзбекистон”, 1992. 5. www.ziyonet.uz
E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT