Abulqosim (Eshon) madrasasi — Toshkentdagi me’moriy yodgorlik. Madrasa, masjid va xonaqohdan iborat. Qurdirgan shayx nomi bilan atalgan. Eng eski binosi — xonaqoi Moʻyi Muborak 1820-yil bunyod etilgan, 1850-yil madrasa qurilgan. Dastlab bir qavatli boʻlgan. Madrasa chortoq tarhli (55×46 metr), hovlisi (22×28 metr) atrofida miyonsaroy, darsxona, masjid, toʻrda Moʻyi Muborak xonaqohi (6,1×6,1 metr) joylashgan. Hovliga old va orqa tomonidagi peshtoq orqali kiriladi. Binoni bezashda asosiy eʼtibor bosh tarziga qaratilgan boʻlib, peshtoqning (balandligi 16 m) ikki yonida guldasta-minoralar qad koʻtargan. Ularning tepa qismi gumbazli mezanalar bilan yakunlangan. Darsxona, maktabxona (murabba tarhli — 6,12×6,12 metr), ikki qavatli hujralardan iborat. Madrasa oldidagi hovuz, keyinchalik qurilgan hammom 1940-yillarda buzilgan. Madrasa eshiklarini oʻratepalik Usta Hasanboy oʻyma naqsh bilan bezagan. Taʼmirlashda A. Solihov, X. Nishonov, O. Polvonovlar qatnashgan (1979). Madrasada Abdulla Qodiriy oʻqigan. 1983-yildan Oʻzbekiston tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish jamiyatining Toshkent boʻlimi joylashgan.
Zangiota maqbarasi
Zangi ota majmuasi Toshkent shahridan uzoq bo‘lmagan qishloqda joylashgan. Mazkur tarixiy san’at yodgorligi qimmatbaho hisoblanadi.Majmua XII asr oxiri XIII asrning birinchi yarmida yashagan Zangi ota nomini olgan Oyxo‘ja shayhning qabri atrofida yuzaga kelgan. U Xoja Ahmad Yassaviyning beshinchi muridi bo‘lib, Markaziy Osiyodagi turk qabilasining bosh so‘fisi bo‘lgan.Aytishlaricha, majmua qurilishi Amir Temur hukmronligi davrida boshlangan bo‘lib, avvaliga avliyo Zangi ota va uning xotini Ambar bibi uchun maqbara binolari qurilgan. Majmua uchta maydondan tashkil topgan: ulkan bog‘, masjid, madrasa, minoralarni o‘z ichiga olgan XIV-XIX asrlarga tegishli imorat hamda Ambar bibi maqbarasi. Janubiy-g‘arbiy qismida masjid bor. U (1870 yil bosh qozi bo‘lgan) zangiotalik qozi tomonidan qurdirilgan. Atrofi hujralar bilan o‘ralgan. Hovliga ikki tarafdan kirish mumkin, darvoza xonasi ark-gumbazli uslubda bezatilgan. Masjid ro‘parasida 1914-15 yillar o‘ziga xos minora-qal’a qad rostlagan. Tarixiy majmuaga janubdan eski qabriston biriktirilgan.