Mavzu Byudjet-soliq siyosatining iqtisodiy o\'sishga ta\'siri
1.Byudjet-soliq siyosatining mohiyati Davlatning asosiy vazifalaridan biri iqtisodiyotni barqarorlashtirish hisoblanadi. Bunday barqarorlashtirishga fiskal siyosat orqali erishiladi. Fiskal siyosat shuningdek, byudjet-soliq siyosati deb ham aytiladi. Byudjet-soliq siyosati deganda noinflyatsion YaIM ishlab chiqarish sharoitida iqtisodiyotda to’liq bandlilikni, to’lov balansining muvozanatini va iqtisodiy o’sishni ta’minlashga qaratilgan davlat xarajatlari va soliqlarini o’zgartirishni o’z ichiga olgan chora tadbirlar tushuniladi.
Iqtisodiyot turg’unlik yoki pasayish davrida bo’lgan vaziyatlarda davlat tomonidan rag’batlantuvchi fiskal siyosat-fiskal ekspansiya olib boriladi.
Iqtisodiyotda to’liq bandlik va ortiqcha talab natijasida inflyatsiya kelib chiqishi mumkin bo’lgan vaziyatlarda cheklovchi fiskal siyosat- fiskal restriktsiya olib boriladi. Cheklovchi fiskal siyosat davlat xarajatlarnni (G) kamaytirish yoki soliqlarni (T) oshirish yoki bo’lmasa ikkala tadbirni bir vaqtda olib borish orqali iqtisodiyotning davriy o’sishini chegaralashdan iborat.
Ushbu farq fiskal siyosat vositalarini tanlashda muhim rol o’ynaydi. Agar hukumat davlat sektorini kengaytirmoqchi bo’lsa, davriy pasayishni tugatish uchun o’z xarajatlarini oshirishi, inflyatsiyani cheklash uchun esa soliqlarni oshirishi maqsadga muvofiq bo’ladi.
Aksincha, fiskal siyosat davlat sektorini cheklashga qaratilgan bo’lsa, davriy pasayish sharoitida soliqlarni kamaytiradi, davriy ko’tarilish paytida esa davlat xarajatlarini oshirish maqbul yo’l hisoblanadi.
Xukumatning bandlik darajasi, ishlab chiqarish hajmi, inflyatsiya sur’atlari va to’lov balansi holatini o’zgartirishga yo’naltirilgan maxsus qarorlarni qabul qilishi natijasida davlat xarajatlari, soliqlar va davlat byudjeti qoldig’ini maqsadli o’zgartirilishi diskret fiskal siyosat deyiladi. Diskretsion fiskal siyosat yuritilganda iqtisodiy pasayish davrida jami talabni rag’batlantirish uchun davlat xarajatlarini oshirilishi va soliqlarni kamaytirilishi natijasida davlat byudjeti kamomadi yuzaga 1keltiriladi. O’z navbatida davriy ko’tarilish paytida byudjet ortiqchaligi yuzaga keltiriladi.
Diskretsion fiskal siyosat iqtisodiy tebranishlarni yumshatishda muhim rol o’ynasada, uning ayrim kamchiliklari mavjud. Bu, avvalambor, vaqt oraliqlari bilan bog’liq.
Nodiskretsion fiskal siyosat — davlat xarajatlari, soliqlar va davlat byudjeti qoldig’ini avtomatik o’zgartirishni ko’zda tutadi. Nodiskretsion fiskal siyosat o’rnatilgan barqarorlashtirgichlarga asoslanadi. Rivojlangan davlatlarda o’rnatilgan barqaror-lashtirgichlari rolini progressiv soliq tizimi, davlat transfertlari tizimi va foydada ishtirok etish tizimi o’ynaydi. Nodiskretsion fiskal siyosat davriy tebranishlarni yumshatish uchun huqumatning bevosita aralashuvini talab etmaydi.
Iqtisodiyotning o’rnatilgan barqarorligi darajasi davriy byudjet taqchilligi va ortiqchaligi miqdorlariga bog’liq. Davriy taqchillik (ortiqchalik) iqtisodiy faollik pasayishi (oshishi) sharoitida soliq tushumlarining avtomatik kamayishi (oshishi) va davlat xarajatlarining avtomatik oshishi (kamayishi) natijasida yuzaga keladigan davlat byudjeti taqchilligi (ortiqchaligi)dir.
Davriy pasayish bosqichida soliqlar avtomatik pasayishi, davlat transfertlarining oshishi natijasida byudjet taqchilligi kelib chiqadi.
Davriy yuksalish bosqichida soliqlar avtomatik ko’payishi va davlat xarajatlarining kamayishi natijasida byudjet ortiqchaligi paydo bo’ladi.
Davlat xarajatlari o’zgarmas bo’lgan sharoitda ham byudjet taqchilligi va ortiqchaligi mavjud bo’lishi mumkin. Davriy taqchillik va ortiqchalik miqdorlari soliq va byudjet funktsiyalari grafiklarining «tikligiga» bog’liq. Soliq funktsiyasi T ning egilish burchagi miqdori chegaraviy soliq stavkasiga t ga bog’liq. t qancha yuqori bo’lsa, T chizig’i shuncha tikroq, γ qancha pastda bo’lsa, G chizig’i ham shuncha tik bo’ladi. Bu esa iqtisodiyotning o’rnatilgan barqarorligi darajasini oshiradi. Ammo iqtisodiy o’sishning ta’minlash vazifasi T va G chiziqlarini yotiqroq bo’lishini taqozo etadi.