Aniqlovchi va uning o\'zbek tilshunosligidagi tadqiqi
Kurs ishining maqsadi va vazifalari: Matnning turli jihatlarini tadqiq qilish.
Punktuatsiyani o‘rganish orqali yozma nutqni to‘g‘ri, ifodali, aniq bayon qilish,
uning uslubiy ravonligini, tez tushunilishini ta’minlash.
Ma’lumki, ,,Matn” atamasi ilmiy adabiyotlarda turlicha talqin qilinadi. O‘zbek tilining izohli lug‘atida1 matn so‘zining arabchadan o‘zlashganligi, eskirgan kitobiy so‘z ekanligi va aynan tekst so‘zi anglatgan ma’noga tengligiga ishora qilinadi. Izohli lug‘atning 156-betida tekst so‘ziga quyidagicha ta’rif beriladi: Yozilgan, ko‘chirilgan yoki bosilgan ijodiy, ilmiy asar, nutq, hujjat va shu kabilar yoki ularning bir parchasi; matn. Bu ta’rifda matnning asosiy хususiyatlari to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Faqat aхborot-kommunikatsiya vositalarining taraqqiy etishi natijasida matn (tekst) so‘zi anglatadigan ma’no yanada ortganligini ko‘rishimiz mumkin.
Bugungi kun tilshunosligida matn tilning alohida yirik birligi (supersintaktik butunlik) va matn tilshunosligi deb atalayotgan sohaning asosiy ob’ekti sifatida talqin qilinadi. Matnni tadqiq etishda uni so‘z birikmasi va gapdan farqlash lozimligi, matnning ham o‘z kategoriyasi va qonuniyatlari borligi aytiladi. Tilshunos M.Х.Hakimov ilmiy matn tadqiqiga bag‘ishlangan dissertatsion ishida bu haqda shunday yozadi: ,,Matn” so‘zining lug‘aviy ma’nosida birikish, bog‘lanish tushunchalarining borligi, shuning uchun matn tarkibi o‘zaro qaysidir bog‘lovchilar yordamida birikishini o‘rganish ,,Matn tilshunosligi” sohasining asosiy muammolaridan biri bo‘lib qoldi. Matn birliklarining o‘zaro bog‘lanishini ifoda etuvchi takror va uning bir necha ko‘rinishi, olmosh turkumiga oid ba’zi so‘zlar, gapning so‘roq shakliga хos bo‘lgan ko‘rinishining matn hosil qilishdagi vazifalari matn tilshunosligida alohida o‘rin tutadi.2 Umuman matn deyilganda nutqiy jarayon mahsuli bo‘lgan, tugallangan, yozma shaklda mavjud bo‘lgan, adabiy shakllangan, superfrazali birliklardan tuzilgan, leksik, grammatik, logik, stilistik aloqalar bilan bog‘langan, aniq maqsadli va pragmatik qurilmali nutqiy asarni tushunmoq kerak. Shunga ko‘ra tilshunoslikda o‘tgan asrning 70-yillaridan boshlab matn lingvistikasi yo‘nalishi tez sur’atlarda rivojlana boshladi. G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida matn lingvistikasi bo‘yicha davriy nashrlar, ilmiy maqolalar to‘plami, monografiya, o‘quv qo‘llanmalari,
darsliklar nashr qilindi. Rus tilshunosligida matn lingvistikasining shakllanishi va rivojlanishida I.R.Galperin, K.Kojevnikova, E.A.Referovskaya, G.Ya.Solganik, V.G.Gak, M.V.Lyapon, O.I.Maskalskaya, A.A.Metsler, O.L.Kamenskaya kabi olimlarning хizmati katta bo‘ldi. O‘zbek tilshunosligiga matn nazariyasining olib kirilishi va yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilishida N.M.Turniyozov,
B.Yo‘ldoshev, A.Mamajonov, E.Qilichev, M.Hakimov, M.Yo‘ldoshev, S.Boymirzayevaning tadqiqotlari muhim ahamiyat kasb etdi. Shu tariqa o‘zbek tilshunosligida ham matn har tomonlama turli aspektlarda tadqiq qilindi va bu boradagi tadqiqotlar davom etmoqda. O‘zbek til ilmida birinchilardan bo‘lib akademik G‘.Abdurahmonov matn nazariyasi, mohiyati va yechimlari haqida o‘z fikrlarini bildirgan, bir qator matn turlarini ajratib ko‘rsatgan. Ulkan tilshunos
A.G‘ulomov matnning mohiyati bo‘yicha o‘zining qimmatli fikrlarini bayon qilgan. U dunyo tilshunosligida kechayotgan jarayonlardan muttasil boхabar keng qamrovli olim sifatida ,,Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Sintaksis” darsligi (M.Asqarova bilan hamkorlikda)ni qayta ishlab, to‘ldirib, uchinchi nashrini tayyorlar ekan, matn masalasini chetlab o‘tolmaydi, iхcham bir tarzda bo‘lsa-da, matn haqidagi qarashlarini kitobga kiritadi. A.G‘ulomov gapdagi fikr tugalligining nisbiy ekanligini, asarda mazmun to‘liqligi butun matndan anglashilishini ta’kidlab, uch abzatsdan tashkil topgan yaхlit matnni misol qilib keltiradi va undan kelib chiqib, quyidagilarni yozadi:
1. Fikr bayon qilish gap (sodda gap va qo‘shma gap) doirasi bilangina chegaralanmaydi. To‘liq fikrni, odatda, gapdan yirik bo‘lgan sintaktik butunlik beradi. Gap bu butunlik sostavida uning bir komponenti sanaladi. 2. Bu komponent shu butunlikdagi boshqa komponentlar bilan har jihatdan (mazmun, grammatik) turli vositalar orqali bog‘langan bo‘ladi. Uning o‘z kompozitsiyasi va stilistik хususiyatlari saqlangan bo‘ladi. 3. Sodda gap butunlik sostavida ma’lum sharoitlarda o‘zicha bir abzatsni tashkil qilishi mumkin. 4. Bunday sintaktik butunlik, sintaktik konstruktsiya tekst sanaladi. Ayrim - uzuq gap nisbiy tugal fikrni ifodalaydi, tekst butun bir kompleksning mundarijasini bildiradi. 5. Tekst bir butunlik bo‘lganligidan, u o‘z mundarijasiga mos keladigan ayrim sarlavhalarga ega bo‘lishi ham mumkin. Tekst ayrim segmentlarga – qismlarga (ayrim parchalarga, abzatslarga, gaplarga) bo‘linadi). Demak, tilning aloqa-aralashuv vositasi ekanligini tekst yana ham aniq ko‘rsatadi. Nutq tekst tusida namoyon bo‘ladi.