Aniqlovchi va uning o\'zbek tilshunosligidagi tadqiqi
4) otlashgan son bilan:O‘nning yarmi – besh. 5) otlashgan olmosh bilan (sifat, son o‘rnida qo‘llanadigan otlashgan olmosh bilan):Buning sababi ko‘p. (P.Qodirov). 6) otlashgan sifatdosh bilan:O‘qiganning tili ko‘p uzun bo‘ladi. (Maqol). 7) otlashgan ravish bilan:Ertaning buguni bor, bugunning ertasi bor. (Maqol). Qaratuvchi ba’zi hollarda so‘z birikmasi bilan ifodalanishi mumkin. Masalan: ... kim bo‘lsa ham beklardan birining shunday tinchsizlik chiqarishig‘a «mumkin va bo‘ladirg‘an ish» deb qarar edi. (A.Qodiriy). Cho‘qqida yashashning ta’rifi ulug‘, cho‘qqidan olam keng, cho‘qqida - yorug‘!!! (Shuhrat). Qaratuvchi gapga teng predikativ birlik bilan ham ifodalanadi. Masalan: Uyda rohati yo‘qning ko‘chada farog‘ati yo‘q. (Maqol). Dili qing‘irning tili qing‘ir. (Maqol). Qizi borning nozi bor. (Maqol). Qaratuvchi ikki xil shaklda bo‘lishi mumkin: belgili va belgisiz. Aniqlovchi qaratqich kelishigi affiksini olgan bo‘lsa, belgili bo‘ladi. Masalan: Har narsaning dalili bor: aqlning dalili – fikr, fikrning dalili sukutdir. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). Aniqlovchi qaratqich kelishigi affiksini olmagan bo‘lsa, belgisiz sanaladi. Masalan: Xullasi, ikkala qal’a ahli bir-biri bilan ahil, bir onaning bolasidek yashar ekan. (S.Ahmad). Mashina Hazrat Botir burulishiga kelganda, Tolibjon kabina tomini tapillatib urdi. (S.Ahmad).
3. Izohlovchi Bu bo‘lak aniqlovchining bir turi sifatida o‘zi aloqador bo‘lgan so‘zga bitishuv yo‘li bilan bog‘lanib, uni boshqacha nom berish yo‘li bilan aniqlab, izohlab keladi.
Izohlovchi bog‘lanib kelgan so‘z izohlanmish deb qaraladi.
Izohlovchi, asosan, ot bilan ifodalanib, quyidagi ma’nolarni bildiradi:
1) unvonni:Orqadagi «Chayka»dan general Luqmonov tushdi. (S.Ahmad). Ro‘para kelgan bir ayoldan: «Professor Jabborov qayerda o‘tiradi?»- deb so‘radi. (O‘.Usmonov). 2) amalni:Qishloq xo‘jalik bo‘limining mudiri Zokir Qo‘shmoqov qotmadan kelgan, jikkakkina yigit bo‘lib, harakatchan yigit edi. (O‘.Usmonov). Ko‘rinishidan qo‘rs odamga o‘xshab ketadigan bo‘lim mudiri O‘sar Qurbonovich kirib keldi. (Y.Yakvalxo‘jaev).