Sug‘urta tashkiloti haqida tushuncha, ularning turlari.
Sug‘urta tashkiloti – bu turli xildagi sug‘urta korxonalari, muassasalari. Sug‘urta kompaniyalari, aksionerlik sug‘urta kompaniyalari, regional va xalqaro moliyaviy guruhlar, qo‘shma sug‘urta va qayta sug‘urta birlashmalar (kompaniyalar), xususiy firmalar, davlat sug‘urta kompaniyalari va boshqalar. U davlatning umumiy iqtisodiy tizimida mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt sifatida faoliyat yuritadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunining 6-moddasida sug‘urtalovchilarga quyidagicha ta’rif berilgan: «Sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovoni (sug‘urta puli) to‘lovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi yuridik shaxs sug‘urtalovchi deb hisoblanadi.
Sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuzaga kelishini bartaraf etish va oldini olishga oid chora-tadbirlarni maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda va shartlarda moliyalashtirishga haqli.
Sug‘urtalovchilar sug‘urtani amalga oshirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkin emas. Quyidagilar bundan mustasnodir:
maxsus vakolatli davlat organi belgilaydigan tartib va shartlardagi investitsiya faoliyati;
sug‘urta sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish bilan bog‘liq faoliyat;
sug‘urta agenti sifatidagi sug‘urta vositachiligi.
Sug‘urtalovchilar ustav fondining eng kam miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Sug‘urtalovchi ustav fondining kamida to‘qson foizi muassislarning (ishtirokchilarning) pul mablag‘laridan shakllantiriladi.
Sug‘urtalovchining ustav fondini shakllantirish uchun kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va boshqa jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.