Nazorat savollari: Yurish texnikasini tushuntirib bering.
Yurish qanday siklik harakat deyiladi.
Sportcha yurish bilan oddiy yurishni farqli jihatlarini aytib bering.
Sportcha yurish bilan oddiy yurishni farqli o`xshash jihatlarini aytib bering.
Tez yurganda, ayniqsa sportcha yurish vaqtida qoʼlning faol harakatini tushuntirib bering.
Adabiyotlar
Abdullayev M.J., Olimov M.S., To‘xtaboyev N.T. Yengil atletika va uni o‘qitish metodikasi. Darslik, -Toshkent: “Barkamol fayz media” nashriyoti, 2017 y. 620 b.
Abdullayev M.J. Sport mahoratini oshirish (Yengil atletika). Darslik. – Toshkent: “Cho‘lpon nomidagi nashriyot va matba ijodiy uyi”, 2019 y. 472 b.
Normurodov A.N. Yengil atletika. Toshkent: O‘quv-uslubiy qo‘llanma. ToshDShI 2002 yil.
Niyozov I. Yengil atletika. Farg‘ona: O‘quv qo‘llanma. Farg‘onanashriyoti 2005 yil.
6-Mavzu. Sakrash texnikasi asoslari. Oʼquvchi-talabalar jismoniy tarbiya mashgʼulotlarida yugurib kelib uzunlikka sakrash mashqini bajaradilar. Bu yugurib kelib “oyoqlarni bukkan”
holda uzunlikka sakrash boʼlib, u oddiy va hammaga maʼqul boʼlgan mashq turidir. Yengil atletika bilan doimiy ravishda shugʼullanayotgan sportchilar “egilib” va “qaychisimon” sakrashning istiqbolli usullarini egallab, nihoyatda yuqori natijalarga erishmoqdalar.
32-rasm. Yugurib kelib uzunlikka sakrash “Oyoqlarni bukish” usuli bilan sakrashning mazmuni shundaki, bunda 7-9 yugurish qadami masofasidan turib (bu 14-18 oddiy qadamga teng) shunday yugurish kerakki, sakragan chogʼda harakat maksimal tezlik darajasiga chiqsin (32-rasm).
Bundan tashqari, sakraganda yerdan itarilgan oyoq tez tekislanishi, qoʼllar va tizzadan kuchli bukilishi, siltanish oyogʼi oldinga – yuqoriga koʼtarilishi, tana toʼgʼri tutilishi lozim. Uchayotganda itarilgan oyoq oldinga – yuqoriga siltab koʼtariladi. Yerga tushayotganda har ikkala oyoq bukiladi, qoʼllar esa oldinga choʼziladi. Uzunlikka sakrashning tarkibiy qismlari yugurish, depsinish, uchish va qoʼnish boʼlib, oʼzaro uzviy bogʼliq, ajralmas va bir xilda muhimdir.
Eslatma: depsinayotgan oyoqning son qismini gorizontal xolatgacha koʼtarish (xuddi tizza bilan toʼpni yuqoriga tepayotgandek qilish) lozim. Ikki qoʼl bilan navbatma-navbat siltanish harakatlari bajarilsa, yelkalar tez koʼtariladi, bu esa sakrashga yordam beradi.
Uchish chogʼidagi xarakatlar. Uchishning boshida gavdaning yuqori qismi dastlabki holatda boʼladi. Sakragandan keyin tayanch oyoq orqada qoladi. Yerga tushishdan avvalgina xar ikkala oyoq keskin oldinga choʼziladi va gavdaning yuqori qismi “bukiladi”, qoʼllar tizzaning ustiga keladi. Har ikkala oyoq bir xil balandlikda ushlanib, sakrash chuqurligiga parallel kelib tegadi. Koʼkrak tizzalarga tegib turadi. Oyoqlar tovoni birlashtiriladi. Qoʼllar pastga – orqaga uzatilgan, oyoqlar oldinga choʼzilgan boʼladi.
Yerga tushayotganda tovonlar yerga tegishi bilan oyoqlar tizzadan yumshoq bukiladi. Dastlab, dumba yerga tegib qolmasligi kerak. Xar ikkala oyoq bir xilda yerga tushadi. Oyoqlar qumga tekkandan keyin gavda toʼgʼri chiziq boʼylab oldinga siljiydi yoki yon tomonga qarab yiqilishi mumkin. Qoʼllar gavdani oldinga siljishiga yordam beradi. Shundan soʼng sakraladigan chuqurlikdan oldinga yoki yon tomonga chiqiladi.