Xulq-atvor o'zgarishining 4 ta qonuniyati bo'lib, ular yaxshi odatlarni shakllantiradi va yomon odatlarni yo'qotadi. Muayyan odat 4 elementdan iborat: ishora > kuchli istak > javob reaksiyasi > mukofot. 4 elementga mutanosib tarzda, biror harakat/maqsadni odatga aylantirish uchun quyidagi 4 qonuniyatdan foydalanish kerak:
1. Ko'zga tashlanadigan/oson payqaladigan qiling - Ishora ishtiyoqni vujudga keltirishi uchun uni imkon qadar oson payqaladigan qiling. Masalan, men har kuni ertalab suv ichishni odatga aylantirish uchun ishora sifatida uyg'onganda ko'zga tashlanishi uchun stakan va suvni yaqindagi stolga qo'yaman. Ertalab stakananni ko'rishim bilan suv ichish ishtiyoqi uyg'onadi.
Ushbu qonuniyat asosida amaliy tavsiyalar: Yaxshi odatlarni shakllantirish uchun:
Shakllantirmoqchi bo'lgan odatni aniq belgilab oling: "Men har kuni [ANI VAQT]da, [JOYDA] [ODAT]ni qilaman". > "Men har kuni ertalab uyg'onishim bilan kravatim yonida 1 stakan suv ichaman"
Odatlarni ketma-ketlikda bir-biriga bog'lang. Shunda 1 odatni qilish navbatdagi odatga ishora beradi. Masalan, ertalab 1 stakan suv ichgandan KEYIN, tahorat olaman.
Atrof muhitingizni odatlaringiz oson qilinishi uchun o'zgartiring.
Yomon odatlarni tark etish uchun:
Yomon odatga signal beradigan ishoralarni kamaytiring. Masalan, ovqatlanish vaqtida telefonga qaramaslik uchun uni ovozini o'chirib, uzoqroqqa qo'yish mumkin.
2. Jozibali / o'ziga tortadigan qiling - Agar shaklantirmoqchi bo'lgan odatingiz o'ziga tortadigan bo'lmasa, ongda uni qilishga kuchli xohish paydo qilmasa, uni takrorlashga bo'lgan irodamiz uzoqqa yetmaydi. Shu sababli uni jozibali qilish yo'llarini o'ylab topishingiz kerak. O'zimdan misol: har kuni yugurish davomida MTRKning audiokitoblari, radioteatrlarni eshitaman. Har kuni keyingi epizodni eshitish ishtiyoqi yugurish odatini jozibali qiladi.