Auditorlarning malakasini oshirish buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotda akkreditatsiyadan o‘tgan o‘quv markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Auditor auditorning malaka sertifikatini olgan yildan keyingi yildan e’tiboran har yili auditorlarning malaka oshirish kurslaridan o‘tadi.
Auditorlarning malakasini oshirish kurslari vakolatli davlat organi tomonidan auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan birgalikda tasdiqlanadigan namunaviy dastur bo‘yicha o‘tkaziladi.
Auditorning malaka sertifikati (bundan buyon matnda sertifikat deb yuritiladi) auditorning malakasini tasdiqlaydigan va unga auditorlik tashkiloti tarkibida auditorlik xizmatlarini ko‘rsatish huquqini beradigan hujjatdir.
Sertifikat basharti talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirsa, vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan, qat’iy hisobotga oid hujjatdir.
Sertifikat dastlabki besh yillik muddatga beriladi, uning amal qilishi navbatdagi o‘n yillik muddatga va keyinchalik muddatsiz davrga uzaytiriladi.
Talabgorda xalqaro buxgalter sertifikati mavjud bo‘lgan hamda u ushbu Qonunning 21 va 22-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etgan taqdirda, sertifikat unga malaka imtihonini topshirmagan holda dastlabki besh yillik muddatga beriladi va belgilangan davriylik bilan uzaytiriladi.
Sertifikat olish uchun talabgor oliy ma’lumotga hamda oliy ta’lim tashkilotini tamomlaganidan keyin oxirgi o‘n yildan kamida uch yil buxgalteriya hisobi va audit sohasida yoki oliy ta’lim tashkilotida “Buxgalteriya hisobi” yoxud “Audit” fanidan dars berish sohasida ish stajiga (shu jumladan o‘rindoshlik asosida) ega bo‘lishi kerak.
“Buxgalteriya hisobi” va “audit” ixtisosliklari bo‘yicha magistr diplomiga ega bo‘lgan talabgor uchun auditorlik tashkilotida kamida bir yillik ish staji (shu jumladan o‘rindoshlik asosida) talab qilinadi.
Talabgorning iqtisodiy ixtisosliklar bo‘yicha ilmiy darajasi mavjud bo‘lgan taqdirda, buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi ish staji talab etilmaydi.