Birlamchi o‘lchash o‘zgartkichi — o‘lchash o‘zgartkichi birinchi bosqichi bo‘lib, unga o‘lchanayotgan fizik kattalik qiymatini boshqa fizik kattalik qiymatiga o‘zgartiradi, masalan, deformatsion manometrning naysimon prujinasi. Birlamchi o‘lchash o‘zgartkichi yordamida o‘lchanadigan kattalik yoki o‘zgartiriladigan fizik kattalik boshqa o‘zgartkichga yoki o‘lchash asbobiga uzatilishi mumkin.
Oralik o‘lchash o‘zgartkichi — o‘lchash zanjirida birlamchi o‘zgartkichdan keyingi o‘rinni egallagan o‘lchash o‘zgartkich bo‘lib o‘lchanayotgan fizik kattalikni unifikatsiya (bir xil) signalga o‘zgartirishga mo‘ljallangan o‘zgartkichdir.
Uzatuvchi o‘lchash o‘zgartkichi — o‘lchash axboroti signallarini masofadan turib uzatish uchun mo‘ljallangan o‘zgartkichdir.
Masshtabli o‘lchash o‘zgartkichi — kattalikni berilgan marta o‘lchash uchun mo‘ljallangan o‘zgartkich.
Istagan vazifani bajaruvchi o‘lchash o‘zgartkichi o‘lchash asbobi bilan konstruktiv birlashtirilgan bo‘lishi yoki o‘zi alohida qurilmani tashkil etishi mumkin. O‘lchash ob’ektiga o‘rnatilgan va o‘lchamlari, massasi hamda ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga mustahkamligiga nisbatan alohida talablarga javob beruvchi, zarur yordamchi elementlar bilan birga o‘lchov o‘zgartkichlarining bir qator konstruktiv to‘plamini datchik deb atash qabul qilingan.
CHiqish signalining turiga qarab bir xillashtirilgan, tabiiy yoki diskret (kontaktli) signallar farq qilinadi.
CHiqish signallari bir xillashtirilgan o‘lchash o‘zgartkichlari chiqishda o‘lchanayotgan fizik kattalikning turiga bog‘liq bo‘lmagan holda maxsus qurilmalar yordamida shakllanadigan signallarga ega (ular tegishli davlat andozalarida ko‘zda tutilgan).
CHiqish signallari tabiiy bo‘lgan o‘lchov o‘zgartkichlari shunday qurilmalarki, ularda chiqishdagi signallar tabiiy yo‘l bilan shakllanadi, ya’ni o‘lchanayotgan kattalikni birlamchi almashtirish uchun eng oddiy va samarali yo‘l bilan shakllanadi. O‘lchanayotgan kattaliklarning juda xilma-xilligiga qaramay tabiiy chiqish signallarining turlari, odatda, o‘nta bilan chegaraladi: siljish, burish burchagi, kuchlanishi, vaqt oralig‘i, o‘zgarmas va o‘zgaruvchan kuchlanish, aktiv va kompleks qarshilik, elektr sig‘im, chastota (takroriylik). Tabiiy signalli o‘lchov o‘zgartkichlarining ba’zi hollarda qo‘llanishi asosan lokal nazorat qurilmalarida va uncha murakkab bo‘lmagan ob’ektlarni avtomatlashtirishda iqtisodiy va texnik jihatdan maqsadga muvofiqdir.
Tabiiy signallarni bir xillashtirilgan signallarga aylantirish uchun maxsus me’yorlovchi o‘zgartkichlar ko‘zda tutilgan.