Halollika birinchi bo‘lib to‘xtalishimizning sababi shundaki, mustamlakachilik davrida,
ayniqsa, sho‘rolar hukmronlik qilgan chorakam bir asr vaqt mobaynida yolg‘on, aldov, nopoklik,
haromxo‘rlik, munofiqlik singari illatlar xalqimizga shu qadar ustalik bilan singdirildiki, hozirgi
paytda ko‘pchilik odamlar halollik, rostgo‘ylik ustidan hatto kuladigan bo‘lib qolganlar. So‘z bilan
ish birligi yo‘qolgan, qog‘ozdagi chiroyli gaplar hayotga to‘g‘ri kelmaydi.
Lekin bularning
hammasi, afsuski, odatiy holdek qabul qilinadi. Shu bois mustaqilligimizning dastlabki
kunlaridanoq bu illatlarga qarshi kurash boshlandi. Hozirgi kunda davlatimiz milliy–ma’naviy
qadriyatlarni tiklashni, odamlarni halol, insofli, adolatli bo‘lishga chaqirishni o‘z ichki
siyosatining muhim qismi deb bilgan holda ish tutmoqda. Zero, ko‘z o‘ngimizda nopoklik yolg‘on,
aldov, ikkiyuzlamachilik nimaligini
deyarli bilmaydigan jamiyatlar, millatlar gullab–
yashnamoqda. Yaponiya, Olmoniya, Fransiya, AQSH, Buyuk Britaniya singari mamlakatlar
shular jumlasidan. SHu o‘rinda quyidagi misolni keltirib o‘tish maqsadga muvofiq.
Falsafa jamiyati a’zolari bilan muloqot–uchrashuvga kelgan bir taniqli olim va jamoat arbobi
qiziq voqeani so‘zlab bergan edi. Olimning hikoya qilishicha, Finlyandiyada u bilan birga Rossiya
Jamoat televideniesi xodimini o‘z mashinasida olib yurgan fin fuqarosi yonilg‘i
quyish
nuqtalaridan birida to‘xtab, sakson litr benzin oladi va borib egasiga shuncha benzin olganini aytib,
haqini to‘laydi. Uning qancha yonilg‘i quyib olganini kuzatishni xayoliga ham keltirmagan
yonilg‘i quyish shaxobchasi xo‘jayini pulni olib, ishini davom ettiraveradi. Mashina yo‘lga
tushganda, sobiq Sho‘rolar Ittifoqi hududidan kelgan mehmonlar hayratlanib so‘rashadi: «Nega
xo‘jayin sizni benzin quyayotganingizda kuzatib turmadi?» U esa tushunmay elkasini qisadi:
«Nimaga kuzatib turishi kerak?» Mehmonlar tushuntirishmoqchi bo‘lishadi: «Axir, siz sakson
litrga haq to‘lab, yuz litr benzin quyib olishingiz mumkin edi–ku!» U yana hayron qoladi: «Nega
yuz litr olishim kerak ekan, menga faqat sakson litr zarur!». Mehmonlar
yana tushuntirishga
harakat qilishadi: «Siz kam pul to‘lab, ko‘p benzin olishingiz mumkin edi, nega unday
qilmadingiz?» Mezbon esa yana elka qisadi: «Nega men kam pul to‘lashim kerak – sakson litr
zarur edi, sakson litr oldim, tavba, buning nimasi tushunarsiz?!», deydi. Xullas, ikki birday kishi
harom yo‘l bilan ortiqcha benzin quyib olish mumkinligini Finlyandiya fuqarosiga tushuntira
olmaydilar; harom va yolg‘on nimaligini bilmaydigan mezbon bular meni kalaka qilyapti degan
xayolga borib, asabiylasha boshlaganidan keyingina mehmonlar gapni boshqa yoqqa buradilar.
Qanchalik achchiq bo‘lmasin, bu – bor gap, haqiqat. Zero, birinchi Prezident Islom Karimov
nutqlaridan birini «Halollik va fidoyilik faoliyatimizning asosiy mezoni bo‘lsin» deb, boshqa bir
suhbatini esa «Adolat har ishda hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin» deb atagani bejiz emas; hozirda
halol, rostgo‘y, insofli, fidoyi insonlardan iborat bo‘lgan fuqarolar jamiyatini qurish – faqat
axloqiy
muammo emas, balki kelajagi buyuk davlatimizning mohiyatini anglatuvchi ijtimoiy–
siyosiy YAngilanishdir.
Dostları ilə paylaş: