Ijtimoiy pedagogika va pedagogik sosiologiyada ilmiy tadqiqotning vazifalari. Ijtimoiy pedagogikada va pedagogik sosiologiyada ilmiy tadqiqotlar ma’lum maqsadga qaratilgan vazifalarni bajaradi. Biz quyida ushbu vazifalar ko‘rib chiqamiz.
Fundamental tadqiqotlar. Fundamental tadqiqotlar voqelik hodisalari va qonunlari haqida yangi bilim olishga qaratiladi. Ular biron-bir amaliy maqsadlarga erishishni bevosita ko‘zlamaydi. Bu yerda tadqiqotchini haqiqat o‘z-o‘zicha qiziqtirmaydi, u mazkur haqiqatning tagiga yetish qanday foyda keltirishi mumkinligini bilmasdan uni izlaydi. Fundamental tadqiqotlar ikki xil: erkin va aniq maqsadga qaratilgan bo‘ladi.
Erkin tadqiqot (izlanish) odatda individual xususiyat kasb etadi yoki ish maqsadini mustaqil belgilash va unga zarur bo‘lgan mablag‘larni o‘z ixtiѐriga ko‘ra tasarruf etish imkoniyatiga ega bo‘lgan olim tomonidan boshqariladi. Erkin izlanish rejimida ish olib boraѐtgan olim o‘z faoliyati metodlari va yo‘nalishlarini tanlashda erkin bo‘ladi. Uning aqlida kutilmagan g‘oyalarning paydo bo‘lishi, agar ular olimga qiziqarli bo‘lib tuyulsa yoki tabiat qonunlarini yanada teranroq tushunishni va’da qilsa yoinki tadqiqotning yangi sohalarini ochish imkoniyatini bersa, ilmiy izlanish yo‘nalishini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Aniq maqsadga qaratilgan fundamental tadqiqotda ilmiy izlanish yo‘nalishi aniq belgilangan bo‘ladi va tadqiqotchilardan qo‘yilgan maqsadlarga erishish yo‘lidan og‘maslik talab etladi. Odatda, bunday tadqiqot muayyan tashkilot tarkibida, jamoa bo‘lib amalga oshiriladi. Unda jamoa ishiga ma’muriy rahbarlik qilish tizimi ulkan rol o‘ynaydi. Ixtisoslashtirilgan ilmiy guruhlar, laboratoriyalar, bo‘limlar tashkil etiladi, ularning faoliyati muvofiqlashtiriladi. Agar tadqiqot yo‘li lozim darajada aniq bo‘lsa, uni rejalashtirish, har bir bosqichda olinishi kerak bo‘lgan natijalarni hamda buning uchun zarur texnika va moddiy vositalarni nazarda tutish imkoniyati paydo bo‘ladi.