Fan va ishlab chiqarish.
Fundamental, amaliy tadqiqotlar va tadqiqotchilik ishlanmalari o‘rtasida aniq chegara mavjud emas, ular ko‘pincha bir-biri bilan bog‘lanadi. Tadqiqotchilik ishlanmalari turli xil loyiha-konstruktorlik ishlari sohasiga fanni bevosita kiritadi. Bu soha fan sohasi bilan qisman kesishadi va qisman uning chegarasidan chetga chiqib, tajriba namunalarini yaratish va sinovdan o‘tkazish, tayyor mahsulot ishlab chiqarish va undan foydalanish texnologiyasini ishlab chiqish va o‘zlashtirish bilan bog‘liq amaliy ishlarni ham o‘z ichiga oladi. O‘z navbatida, mazkur ishlar yakunlovchi bosqichlarda ishlab chiqarish sohasi bilan tutashadi. Bunda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish zaruriyati loyiha-konstruktorlik ishlari jarayonida ham, ishlab chiqarish jarayonida ham (ayniqsa ishlab chiqarilayotgan mahsulotni va uni tayyorlash texnologiyasini takomillashtirish munosabati bilan) yuzaga kelishi mumkin. Ilmiy bilim daraxtida yangi va yangi novdalar kurtak otadi. Yangi fanlar qanday paydo bo‘ladi? Avvalambor, shuni esga olish lozimki, hozirgi fanlarning aksariyati falsafadan ajralib chiqqan (masalan, fizika, kimѐ, tibbiyot, psixologiya, mantiq va h.k.) Yangi fanlarning shakllanishi biron-bir murakkab ob’yekt haqidagi yagona umumiy fan qismlarga ajralishi va ular ayni shu ob’yektning turli tomonlari yoki elementlari haqidagi ozmi-ko‘pmi mustaqil alohida fanlarga aylanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Masalan, biologiyada jonli organizmlarni turli tomonlardan o‘rganish bilan anatomiya (organizm tuzilishi), fiziologiya (uning faoliyat ko‘rsatishi), embriologiya (homila holati), sitologiya (hujayralar tuzilishi) bilan shug‘ullanadi. Yangi fanlar biron-bir turdagi ob’yektlarga doir bilimlarning yig‘ilishi va yaxlit bir butunga birlashtirilishi natijasida paydo bo‘lishi mumkin. Bu holda «kollektor dasturi» («faqat u haqda» prinsipiga muvofiq) yangi fanni shakllantirish mexanizmiga aylanadi. Masalan, bunday dastur mamlakatshunoslikka xos («faqat Gresiya haqida»). Ornitologiya (faqat qushlar haqidagi fan), ixtiologiya (baliqlar haqidagi fan), entomologiya (hasharotlar haqidagi fan) kabi biologik fanlar ham ayni shu prinsipga muvofiq tashkil etilgan. Ilgari odamlarga ma’lum bo‘lmagan (yoki ma’lum bo‘lsa ham ilmiy o‘rganilmagan) yangi ob’yektlarni bilish natijalari ham yangi fanga aylanishi mumkin. Masalan, XVIII(o‘n sakkizinchi) asrda moziydan oldin yashagan hayvonlarning qoldiqlarini o‘rganish natijasida paleontologiyaga asos solingan. XX asrda ilgari odamlarga ma’lum bo‘lmagan mikrodunyo fizik tadqiqotlarning yangi sohasiga aylanadi va bu atom fizikasi, kvant mexanikasi, yadro kimyosi va boshqa fanlar yaratilishiga olib keladi. Kompyuterlarning yaratilishi natijasida yangi turdagi mazkur texnikani ishlab chiqish va undan foydalanish bilan bog‘liq bir qancha ilmiy fanlar paydo bo‘ladi.
Bilimlarning biron-bir sohasi alohida fanga aylanishiga ba’zan jamiyatda muayyan vazifani yechishga tug‘ilgan ehtiyoj – «ijtimoiy buyurtma» ham sabab bo‘ladi. Masalan, XX asrning ikkinchi yarmida konfliktshunoslik mustaqil fan maqomini kasb etadi. 1970-yillarda e’lon qilingan bir qator ilmiy ishlarning mualliflari o‘z tadqiqotlari sohasini dam olish va turizmni tashkillashtirishning geografik jihatlari haqidagi fan – «rekreasion geografiya» deb nomlaydilar.
Yangi fan vujudga kelishi uchun asos bo‘lib turli ob’yektlarni o‘rganishda qo‘llaniladigan biron-bir metod yoki metodlar guruhi xizmat qilishi ham mumkin (masalan, spektral tahlil metodi). Metodlar bir fandan boshqa fanlarga o‘tkazilishi ba’zan ular tutashgan joyda yangi fanlar paydo bo‘lishiga olib keladi (masalan, astrofizika, fizik kimyo, biofizika, geobotanika, iqtisodiy geografiya, gen injeneriyasi va sh.k.).
Nihoyat, yangi fanlar turli, ba’zan hatto bir-biri bilan uncha bog‘lanmagan fanlarni materiali sintez qilinishi va yangicha nuqtai nazardan umumlashtirilishi natijasida paydo bo‘ladi. Bu yo‘lda nisbatan mustaqil ilmiy fanlarni birlashtiruvchi kompleks fanlar tashkil topishi ham mumkin (masalan, ba’zan «kompleks fanlar» deb nomlanadigan kibernetika, san’atshunoslik, madaniyatshunoslik, ekologiya va boshqa fanlar).
Fanlar paydo bo‘lishining ko‘rsatilgan yo‘llari turli sabablarga ko‘ra birikishi ham mumkin. Masalan, muhim ijtimoiy vazifa yuzaga kelgan va uni yechish uchun turli fanlarning ma’lumotlaridan foydalanish talab etilganida. Bu holda yangi fanning shakllanish manbaiga aylanishga qodir bo‘lgan fanlararo tadqiqotlar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.
Ilmiy bilishning hozirgi bosqichida turli fanlar tutashgan joyda o‘tkazilayotgan tadqiqotlarning istiqboli ayniqsa porloq hisoblanadi. Ayni shu turdagi ishlar ko‘pincha yangi faktlar, metodlar va nazariy yondashuvlarning topilishi bilan bog‘liq kashfiyotlar va ixtirolarga olib keladi.
Dostları ilə paylaş: |