VI Bo‘lim. BILISh FALSAFASI (GNOSeOLOGIYa) 1-bob.BILISh IMKONIYaTLARI - GNOSeOLOGIYa MUAMMOSI SIFATIDA Inson o‘zining bevosita borligini, mavjudligini uni qurshab turgan dunyo bilan doimiy aloqada amalga oshiradi. Dunyoda yashash va optimal moslashish uchun inson, uning aql-idroki va hislari tashqariga, ya'ni dunyoni bilishga qaratilgan. M.Xaydeggerning so‘zlari bilan aytganda «bilish tadqiqot sifatida mavjud narsani hisobotga jalb etadi». Bilish faoliyatiga inson hayoti va faoliyatining zarur elementi deb qaramoq zarur. Bilishning maqsadi va vazifasi turli hodisalarni o‘rganish yo‘li bilan ularning chuqur, turg‘un, belgilovchi tomonlari va qirralarini, ularning mohiyatini ochib, xaqiqatni anglab olishdan iborat. Antik falsafadayoq sofistlar va Sokrat dunyoqarashining asosiy masalasini insonning tabiatga, sub'ektning ob'ektga, tafakkurning borliqqa munosabati masalasi sifatida ilk bor ta'riflab bergan edilar.
Yangi zamonda F.Bekon va R.Dekart bilish to‘g‘risidagi ta'limotni boyitib, uni sub'ektning ob'ektga munosabati deb ta'rifladilar. Dekartning so‘zlariga ko‘ra, sub'ekt – bu bilish harakatining sohibi bo‘lgan shaxsdir, fikrlovchi «Men» dir. Ob'ekt – bu sub'ektning bilish faoliyati yo‘naltirilgan narsadir, ya'ni bizni qurshab turgan butun olamdir. Bilish ob'ekti bilish vaziyatida bevosita berilgan emas, u ijtimoiy amaliyotning rivojlanish darajasi bilan belgilanadi, determinatsiyalanadi. Bilish sub'ekti ham o‘zining bilish faoliyati keng amalga oshiriladigan konkret ijtimoiy-tarixiy vaziyat orqali belgilanadi. Binobarin, bilishning o‘zi ham ijtimoiy tabiatga ega, uni ijtimoiy amaliyot belgilab beradi. Dunyoni bilib bo‘ladimi yoki yo‘qmi, agar bilib bo‘lsa bu bizning ongimizda qanday aks etadi, degan masala hamisha falsafiy fikrni qiziqtirib kelgan. Bilish nazariyasi, yoki gnoseologiya (yunoncha – bilish haqidagi ta'limot) – falsafiy ta'limotlarning ajralmas qismidir.
Gnoseologiya sub'ektning bilish faoliyatining prinsiplari, qonuniyatlari, shakllari, bosqichlari va darajalarini, shuningdek, shu prinsip va qonunlardan kelib chiqadigan, haqiqiy bilimga erishilishini ta'minlaydigan talablar va mezonlarni o‘rganadi. Bilish nazariyasi bilish jarayonining oddiy, kundalik darajasini ham, bilishning umumiy ilmiy shakllari va metodlarini ham tadqiq qiladi. Bilish jarayoni, bu – to‘laligicha ratsional, faqat aqlga bo‘ysunuvchi, formal, quruq jarayon emas, chunki u tirik kishilar tomonidan amalga oshiriladi, shu sababli bilish emotsional elementlarni – iroda, niyat, istaklarni o‘z ichiga oladi. Shu munosabat bilan aytish joizki, narsalar, atrofdagi voqyelik hodisalari sub'ektning nazariga tushgan, nimasi bilandir uning diqqatini tortgan, u bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan, uning tomonidan jami boshqa predmetlar va jarayonlardan ajralib olingan taqdirdagina bilish ob'ektiga aylanadi. Shu ma'noda sub'ekt ob'ektni shakllantiradi, shuning uchun ham ob'ektsiz sub'ekt bo‘lmaganidek sub'ektsiz ob'ekt ham bo‘lmaydi, deydilar.
Falsafa tarixida vaqti-vaqti bilan dunyo haqida ishonchli bilimlarga erishish mumkinligini shubha ostiga qo‘yuvchi ta'limotlar paydo bo‘lib turgan. Bunday ta'limotning birinchisi eramizdan avvalgi IV asrda paydo bo‘lgan antik skeptitsizmidir. Skeptiklar bilishning mumkinligiga e'tiroz bildirmaganlar, lekin bizning bilimlarimizning ishonchliligini, ularning tashqi dunyo hodisalariga muvofiqligini shubha ostiga qo‘yganlar. Skeptitsizm tarafdorlari ikki qoidadan kelib chiqqanlar. Birinchisi – falsafada tizimni tashkil etuvchi yagona asos yo‘q, ya'ni u o‘z ichida mantiqan ziddiyatlidir. Ikkinchisi – faylasuflar bir-biriga zid keladigan va bab-baravar rad etilishi mumkin bo‘lgan qoidalarni asoslashlari sababli falsafa haqiqatni topa olmaydi. Binobarin, dunyo haqida ishonchli bilimning bo‘lishi mumkin emas.
Skeptitsizmning asoschilaridan biri Pirron (eramizdan oldingi taxminan 365-275 yillar) xissiy idrokni ishonchli deb hisoblagan (masalan, agar biron narsa sub'ektga achchiq yoki shirin tuyulsa, shu haqidagi fikr haqiqat bo‘ladi), yanglishuv esa, uningcha sub'ekt bevosita hodisadan mohiyatni, ob'ekt asosini bilishga o‘tmoqchi bo‘lganda paydo bo‘ladi. Uning fikricha, ob'ekt haqidagi har qanday da'voga uning mazmuniga zid bo‘lgan da'voni qarama-qarshi qo‘yish mumkin. Demak skeptik uzil-kesil hukmlardan tiyilib turmog‘i lozim.
Sinopalik Diogen va Sekst Empirik shunga o‘xshash g‘oyalarni yoqlab chiqdilar. Ular bilish faoliyatida, shuningdek kundalik hayotda ham sub'ekt o‘z sog‘lom fikriga tayanmog‘i kerak deb hisoblaganlar. O‘rta asrlar davrida skeptitsizm g‘oyalari G‘arbda ham (Per Abelyar), Sharqda ham (al-G‘azzoliy) rivoj topdi. Masalan, Al-G‘azzoliy bunday degan: «Oxirigacha bilishga ojizlik ham bilishdir; kishilarga Uni bilish yo‘lini faqat Uni bilishga ojizlik orqali yaratib bergan Zotga sharaflar bo‘lsin»318.
Yangi zamon falsafasida skeptitsizm pozitsiyasini Yum izchilik bilan himoya qilib chiqdi. Yum tashqi dunyoning realligini shubha ostiga oldi. Faqat o‘z sezgilarimizning realligiga shubhalanish mumkin emas, deydi shotlandiyalik bu mutafakkir. Sezgi organlarining bu taassurotlari yo ularga tashqi dunyo ta'siri tufaylik yoki inson aqlining alohida energiyasi tufayli kelib chiqishi mumkin. Bu yerda tajriba sezgilarimizning haqiqiy manbaini aniqlashga ojizdir. Yum dunyoni bilish mumkinligini inkor etibgina qolmasdan, balki, shu bilan birga, sub'ektning xissiy taassurotlari doirasidan tashqarida biron-bir real narsaning mavjudligi to‘g‘risidagi masalani ochiq qoldirdi.
Nemis klassik falsafasining asoschisi I.Kant D.Yum g‘oyalarini tanqidiy jihatdan qayta ishlab chiqdi. Kantning transsendental idealizmi shundan iboratki, u, bir tomondan, bizning ongimizdan mustaqil ravishda «o‘zida narsalar» («vesh v sebe») mavjudligiga shubhalanmagan, ikkinchi tomondan esa, u «o‘zida narsalarni» prinsip jihatidan bilib bo‘lmaydi, deb da'vo qilgan. Narsalarning mohiyatini hyech nima bilan payqab, ilg‘ab bo‘lmaydi. Bilish sub'ekti bo‘lgan odam faqat hodisalar va jarayonlar sirtida yotgan bilan kifoyalanadi, faqat hodisa, «biz uchun narsa» («vesh dlya nas»)bilan ish ko‘radi. «Biz uchun narsa» bizga «o‘zida narsalar» haqida hyech nima demaydi. Dunyo inson uchun «o‘zida narsalar»ning bilib bo‘lmas siri bo‘lib qoladi, shuning uchun bu falsafa agnostitsizm nomini oldi (yunoncha a – inkor, gnostos – bilib bo‘ladigan )
Agnostitsizm – bu shunday ta'limotki, unga ko‘ra dunyo haqida haqiqiy, ishonchli bilimlarga erishib bo‘lmaydi. Agnostitsizm bilishni faqat biluvchi aqlning faoliyati deb biladi.
Materialistlar Kantni u «o‘zida narsalarni» e'tirof etgani holda ularni bilib bo‘lmaydi deb e'lon qiladi, deb tanqid qilsalar, idealistlar uni u sub'ektdan tashqarida va unga bog‘lik bo‘lmagan holda allaqanday sirli «o‘zida narsalarni» e'tirof etadi, deb tanqid qiladilar. Agar Kant nazdida «o‘zida narsa»ni mutlaqo bilib bo‘lmasa, hozirgi zamon materialistlari uni hali bilib olinmagan narsadir, lekin bu uni mutlaqo bilib bo‘lmaydi, degan ma'noni bildirmaydi, deb biladilar.
Agnostitsizm g‘oyasi XIX-XX asr falsafasida ham rivojlandi. Masalan, nemis fizigi va fiziologi G.Gelmgolsning (1821-1894) «simvollar nazariyasi» yoki «ierogliflar nazariyasi» o‘z mohiyatiga ko‘ra agnostik xarakterda edi. Gelmgols qarashlarining mazmuniga ko‘ra, sub'ektning sezgilari real predmetning obrazi emas, balki simvollar, shartli belgilar, ierogliflardir. U xissiy obrazning uni keltirib chiqargan timsol, «original», real narsa bilan aloqasini, o‘xshashligini inkor etgan.
XIX-XX asrlar chegarasida agnostitsizmning yana bir turi – konvensionalizm shakllandi. Konvensionalizm (lotincha konvensio – shartnoma, kelishuv, bitim) – bu falsafiy ta'limot bo‘lib, unga ko‘ra ilmiy nazariyalar va tushunchalar tashqi dunyoning, uning tomonlari va xossalarining real tafsifi emas, balki olimlar o‘rtasidagi kelishuv mahsulidir. Konvensionalizmning eng yirik vakili fransuz matematigi va filosofi Anri Puankaredir (1854-1912).
Ilmiy-texnikaviy taraqqiyot va informatsion sivilizatsiya davrida hozirgi zamon gnoseologiyasida shuni hisobga olmoq muhimki, bilish sub'ekti bilan ob'ekt orasida ko‘pincha vositachi pribor, tadqiqot qurilmasi turadi. Bu o‘ziga xos gnoseologik vaziyatni vujudga keltiradi. Pribor ob'ektni adekvat, aynan aks ettirish jarayoniga muayyan uzluksiz va tasodifiy xatolar kiritishi sababli, tadqiqotchi ularga zarur korrelyasiya qilmog‘i lozim. Biroq bu agnostitsizmning tantanasini bildirmaydi, balki bizning bilish usullarimiz, metodlarimiz, vosita va shakllarimiz doimiy takomillashtirilib turishga muhtoj ekanligini ko‘rsatadi. Bizni qurshab turgan dunyoni bilish mumkin, bilish esa – sub'ektning haqiqatni anglash va uni o‘z amaliy, yaratuvchilik, o‘zgartiruvchilik faoliyatida qo‘llash maqsadida tashqi dunyoni ongli ravishda aks ettirishidir.