Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org
2-§. Ratsional bilish Agar biz sezgilar vositasida hodisalar olamini aks ettirsak, sezgi bilan idrok etib bo‘lmaydigan mohiyatni aql bilan bilib olamiz. Aql bizning sezgi a'zolarimiz tashqi olamdan olgan axborotlarga asoslanib, hodisalar mohiyatini xiralashtiruvchi va yashiruvchi tashqi, tasodifiy holatlardan abstraktlashib hodisalar dunyosini tashqi, nomuhim xususiyatlar va aloqalardan xalos qiladi. Muhimni nomuhimdan farqlantira va ajrata olmaydigan sezgilardan farqli o‘laroq, aql hodisalardan hamma narsani emas, balki faqat eng muhimini, barqarorini, qonuniyatlisini oladi. Shuning uchun abstraksiyalar xissiy bilish uchun g‘oyat harakaterli bo‘lgan yorqinlik, bevositalik va yaqqollikdan mahrumdir.
Ratsional, abstrakt-mantiqiy tafakkur hodisalar olamining qonuniyatli aloqalarini bilishga imkon beradi, bu esa insonga tashqi dunyoni bemalol tushunib olish va tevarak-atrofdagi voqyelik hodisalari va jarayonlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish uchun zarurdir.
Ratsional bilishning asosiy shakli tushunchadir. Tushuncha – bu tajriba ma'lumotlarini umumlashtirish natijasidir, dunyoni o‘rganish yakunidir. Tushunchalarning paydo bo‘lish jarayoni o‘rganilayotgan predmetning bir qator ikkinchi darajali alomatlari va xossalarini e'tiborga, hisobga olmaslik, ulardan chalg‘ishdir, abstraktlashishdir. Tushunchaga ta'rif berish – torroq tushunchani kengroq tushuncha ostiga qo‘yishdir. Masalan: olma - meva, fil - hayvon, Erkin - odam, terak - daraxt va hakozo. Tushunchalarning paydo bo‘lishi – bu biluvchi inson ongi faoliyatining oliy maxsulidir. Bilish jarayonida tushunchalarni ifodalabgina qolmasdan, balki ularni qo‘llay bilish ham kerak. Tushunchalarni qo‘shib biz hukm shakllantiramiz, hukmlarni bir-biri bilan qo‘shib ulardan aqliy xulosa chiqaramiz.
Hukm tafakkurning shunday shakliki, unda inson narsani uning aloqalari va munosabatlarida ifodalaydi. Gnoseologik nuqtai nazardan, hukm – bu biron bir narsani tasdiqlash yoki inkor etish yo‘li bilan voqyelikni aks ettirish shaklidir. Shu boisdan hukm tasdiqlovchi («hozir yomg‘ir yog‘moqda» kabi) yoki inkor etuvchi («bugun yomg‘ir yog‘maydi» kabi) hukmlarga bo‘linadi. Agar biz ikki yoki bundan ko‘proq hukmni bir-biri bilan tenglashtirib, taqqoslab, solishtirib ko‘rsak, u holda biz yangi hukmga ega bo‘lishimiz, ya'ni aqliy xulosa chiqarishimiz mumkin.
Aqliy xulosaning, mantiqiy natijaning chinakam to‘g‘ri bo‘lishi uchun ikki shart zarur. Birinchisi: mantiq ilmida asoslar deb atalgan dastlabki hukmlar haqiqiy bo‘lmog‘i, ya'ni voqyelikka mos kelmog‘i lozim. Ikkinchisi: boshlang‘ich asoslardan aqliy xulosa chiqarish jarayonining o‘zi mantiq ilmining qonunlariga muvofiq to‘g‘ri bo‘lmog‘i lozim.
Mantiq ilmining asoschisi Aristotel sillogizmga klassik misol keltiradi:
Hamma odamlar o‘ladi} asos
Suqrot odam} asos
Suqrot o‘ladi – aqliy xulosa
Agar biz mantiq qonuniga amal qilsagu, lekin boshlang‘ich hukm haqiqiy bo‘lmasa, u holda sillogizm ham haqiqiy bo‘lmaydi, balki soxta bo‘ladi. Masalan:
Suqrot – odam
Hamma odamlar o‘lmaydi
Suqrot o‘lmaydi – soxta aqliy xulosa