Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Jamiyatning siyosiy sohasi



Yüklə 0,73 Mb.
səhifə143/202
tarix02.06.2023
ölçüsü0,73 Mb.
#122287
1   ...   139   140   141   142   143   144   145   146   ...   202
Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida

3-§. Jamiyatning siyosiy sohasi

Jamiyatning siyosiy sohasi (yoki sodda qilib aytganda - siyosat) sotsium tuzilmasining asosiy qismlaridan biridir. Keng ma'noda «siyosat» va «siyosiy soha» tushunchalari bir-biriga mos keladi. Tor ma'noda siyosat deganda odamlarning, siyosiy kuchlarning hokimiyatga egalik qilishi, uni saqlab turish, mustahkamlash va amalga oshirishga qaratilgan ongli xatti –harakati tushuniladi. Jamiyatning har bir a'zosi ma'lum bir darajada: davlatning fuqarosi sifatida, siyosiy partiya yoki ijtimoiy-siyosiy tashkilotning a'zosi sifatida, mehnat jamoasi yoki jamoatning a'zosi sifatida siyosiy soha bilan bog‘liqdir.


Yangi davrgacha falsafada «ijtimoiy» va «siyosiy» degan tushunchalar deyarli sinonim so‘zlar degan nuqtai nazar mavjud edi, shunga ko‘ra, siyosiy soha umumiy ijtimoiy-falsafiy muammolardan ajratilmas edi. Faqat XVII-XVIII asrlarga kelibgina siyosiylik tushunchasi inson faoliyatining turli, nisbatan mustaqil predmet sohalaridan, shu jumladan axloq, iqtisodiyot sohasidan farqli o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi ma'lum bo‘la boshlaydi.
Turli manfaatlarga ega bo‘lgan ijtimoiy guruh va jamoatlarning shakllanishi va faoliyat ko‘rsatishi ular o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarning shakllanishida muhim bir asosga aylanadi. Antik davrdan beri «siyosiylik» so‘ziga ta'rif berishga harakat qilib kelindi. Masalan, Arastu barcha sohalar orasida siyosatga qat'iy ravishda birinchilikni bergan, jumladan, «agar barcha bilim va san'atlarning oxirgi maqsadi yaxshilik bo‘lsa, unda barcha bilim va san'atlar orasida eng oliy yaxshilik siyosatning maqsadidir»376, deb baho bergan edi.
Ko‘p asrlar davomida Sharqda ham G‘arbda ham siyosatni ijtimoiy-siyosiy jihatdan tushunish shakllanib keldi. Bunda siyosat asosan ijtimoiy jarayonlarni boshqaradigan soha sifatida tushunildi. Beruniyning ta'kidlashicha, «boshqarish va yetakchilik qilish – bu boshqariladiganlarning tinchligi deb o‘z tinchligidan voz kechishdir… Ularning oilalari, mol-mulklari va hayotlarini qo‘riqlash hamda himoya qilish uchun o‘z kuchini yo‘qotishdir».377
Siyosatning mohiyatini tushunishda Forobiy ham o‘z hissasini qo‘shgan. Siyosiy fanning predmeti sifatida u quyidagilarni aytib o‘tadi: a) turli guruhlarning ongli harakatlari, odatlari, me'yorlari, ko‘nikmalari va boshqalar; b) ularning qanday maqsadga va nima uchun yo‘naltirilganligi; v) ularning insonda namoyon bo‘lishining shakl va usullari; g) ularning insonning xatti-harakatlarida mustahkamlashni boshqarishning usullari va yo‘llari.378
Siyosatning mohiyatiga oid zamonaviy falsafiy qarashlarning shakllanishida J.Lokk, T.Gobbs, N.Makiavelli (1469-1527), Sh.Monteske, J.-J.Russo, G.Xegel, A.Tokvil, L.Feyerbax, K.Marks, K.Popper va shu kabi mutafakkirlarning g‘oya va ta'limotlari muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham hozirgi zamon jamiyati siyosat sohasining fundamental asosi shakllanishida va ularni asoslashda bu mutafakkirlarning xizmatlari kattadir. Xususan, N.Makiavelli birinchilardan bo‘lib, siyosatning inson hayoti va jamiyatda alohida va mustaqil o‘rin egallashini aniq asoslab bergan. Shuningdek, T.Gobbsning «Leviafan»i, J.Lokkning «Davlatni idora etish haqidagi ikki risola»si, Sh.Monteskening «Qonunlarning ruhi haqida»gi asari, J.J.Russoning «Ijtimoiy bitim to‘g‘risida»gi, Xegelning «Huquq falsafasi» asari, I.Kantning «Abadiy dunyo to‘g‘risida»gi risolasi, K.Popperning «Ochiq jamiyat va uning dushmanlari» asari va boshqalarning asarlarini yuqori baholash mumkin.
Hozirgi zamondagi ijtimoiy-falsafiy fikrlarga binoan siyosat «davlat hokimiyati va shu jamiyat ichidagi davlat (shu jumladan, milliy davlat) tuzilmasi bo‘yicha katta ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi, shu jumladan, xalqaro maydonda davlatlar o‘rtasidagi munosbaatlar»379 sohasi sifatida tushuniladi. Keng ma'noda jamiyatning siyosiy tizimiga siyosiy faoliyat, siyosiy rejim, siyosiy nazariya va boshqalar kiradi. Tor ma'noda esa siyosiy soha jamiyat siyosiy tizimining sinonimi sifatida tushuniladi.
Jamiyatning siyosiy tizimi sotsiumning asosiy qismi hisoblanadi. U boshqa tizimlar – iqtisodiy, mafkuraviy, huquqiy, ma'naviy va boshqa tizimlar bilan o‘zaro aloqadorlikda va ta'sirda bo‘ladi.
Muayyan jamiyatning siyosiy tizimi o‘zining ijtimoiy tabiati, ijtimoiy qurilishi, boshqarish shakli, siyosiy munosabatlarning turi bilan belgilanadi. Siyosiy tizim siyosiy institutlar, ijtimoiy tuzilmalar, me'yorlar va qadriyatlarning majmuasidan iborat bo‘lib, siyosiy hukumat orqali amalga oshiriladi. Siyosiy tizim turli siyosiy sub'ektlar faoliyatlarining uzluksizligini, ular o‘rtasidagi aloqani va muvofiqlashlarni ta'minlaydi. U ijtimoiy ziddiyatlar va kelishmovchiliklarni yechish yo‘llarini ko‘rsatib, jamiyat taraqqiyotiga erishish yo‘lida turli ijtimoiy kuchlarni birlashtiradi. Siyosiy tizim sotsiumning maqsadga erishish resurslarini safar ettiruvchi va qarorlarni ishlab chiquvchi mexanizmdir.
Jamiyat siyosiy tizimining asosi, poydevori davlatdir. Davlatning asosiy vazifasi siyosiy hokimiyat va siyosiy boshqarishni ta'minlashdir. Davlatning asosiy belgilari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: a) boshqa sotsiumlar ustidan oshkorona hukmronlik; b) suverenitet – ma'lum hududlardagi to‘liq hukmronlik; v) hukmronlik vakolatlari amal qiladigan hududning o‘zi (undan davlatni mamlakat deb tushunish kelib chiqadi); g) huquqiy hujjatlarni chop etish va ularning bajarilishini talab qilishga bo‘lgan mutlaq huquq; d) soliqlar va yig‘imlar undirish huquqi (davlat apparatini ta'minlash va boshqalar uchun)380.
Hozirgi vaqtda ko‘p zamonaviy davlatlar hokiyamiyatni bo‘lish asosiga qurilgan. Hokimiyatning uch tarmog‘i – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati bir-birlariga halaqit bermay, bir-birlarining ishlariga aralashmay o‘z vazifalarini bajaradilar. Jamiyat siyosiy tizimining boshqa elementlari – siyosiy partiyalar, ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar va harakatlar bilvosita siyosiy institutlar deb ataladi381. Siyosiy rejimlarning demokratliligi oshishi bilan ularning ahamiyati ham oshib boradi. «Siyosiy boshqarish» va «ijtimoiy boshqarish» tushunchalari bir-biriga o‘xshash tushunchalardir, lekin aynan emas. Birinchisi davlatni boshqarish bilan bog‘liq, ikkinchisi esa, umuman jamiyatni boshqarishni anglatadi. Davlat va hokimiyat bir-biri bilan birlashib, ajralmas bo‘lib ketgan totalitar va avtoritar rejim sharoitlari davrida bu ikki tushuncha bir xil ma'noni anglatishi mumkin va ular o‘rtasidagi tavofutni anglash qiyin.
Demokratik taraqqiyot sharoitida fuqarolik jamiyati, ya'ni sotsiumning davlat tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita boshqarilmaydigan qismi: kasaba va ijodiy uyushmalar, nosiyosiy jamoat tashkilotlari (yoshlar, ayollar, faxriylar tashkilotlari, ekologik va xayriya tashkilotlari va boshqalar), turli qiziqishlar bo‘yicha tuzilgan jamiyatlar va klublar, cherkov, xalq harakati va hokazolar muhim rol o‘ynaydi. Huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati – bir-biriga qarshi turuvchi antitezalar emas, balki demokratiya sharoitida jamiyatning siyosiy tizimining o‘zaro aloqador va o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi qismlaridir.
Keng qabul kilingan fikrlarga ko‘ra, bugungi kungi demokratiya – jamiyat ijtimoiy-siyosiy tuzilishining – eng oliy va eng yaxshi shaklidir. Tarixiy tajriba va ilmiy nazariyalar demokratik jamiyatning asosiy umumiy tamoyillarini ta'riflab berganlar: erkin fikr bildirish, kamchilikning ko‘pchilikka bo‘ysunishi, barcha fuqarolarning deklaratsiya qilingan tenghuquqliligi, ularning jamiyat va davlatni boshqarishdagi teng huquqliligi. Asosiy davlat organlarining saylanishi, ularning saylovchilar oldida hisobot berishi, tayinlash yo‘li bilan shakllantirilgan davlat organlarining saylov muassasalari oldida hisobot berishi va boshqalar ham asosiy tamoyillardan hisoblanadi. Lekin ko‘rsatib o‘tilgan prinsiplarning amalga oshishi har bir muayyan davlatning sivilizatsiyaviy, mintaqaviy, milliy xusuiyatlariga va muayyan vaziyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Hozirgacha keng tarqalgan fikrlar borki, ularga asosan demokratiya – mutlaqo g‘arb an'analariga asoslangandir. Sharq jamiyatlarini demokratlashtirish esa, g‘arb demokratik qadriyatlarini yangi zaminga ko‘chirish demakdir, degan fikrlar ham bor. Lekin bunday ta'kid ob'ektiv asosga ega bo‘lmagan, tarixiy-siyosiy jarayonlarga yevropotsentrik qarashlardan boshqa narsa emas. Hozirgi zamon hind faylasuflaridan Daya Krishna 1995 yilda Gonoluluda o‘tkazilgan faylasuflarning VII konferensiyasida o‘zining «Demokratiya va adolatlilik: nog‘arbcha nuqtai nazardan falsafiy mushohadalar» mavzusidagi ma'ruzasida shunday deydi: «Agar demkoratiyani mansabini suiiste'mol qilish va zo‘ravonlikka qarshi institutsiyaviy va prossetsual tayanchni yaratish deb tushunilsa, unda qadimgi davrdan to hozirgacha u Sharq va G‘arb siyosatdonlarning fikrini bir xilda band qilib kelgan. Faqatgina, u yoki bu madaniyatning qadriyati bo‘lgan demokratiyaga erishishning «strategiyasi» (yo‘li) turlicha bo‘lgan»382. Masalan, hind gandizmi doktrinasiga ko‘ra demokratik ruh tashqaridan olib kirilmaydi, ichki sharoitdan kelib chiqishi kerak. Demokratiya «hokimiyatning axloqiy avtoritetida» mavjud bo‘ladi. Erkinlik bilan ijtimoiy burchning eng yaxshi uyg‘unligi o‘z-o‘zini boshqarish (svaraj) va zo‘ravonlik qilmaslik yo‘li bilan amalga oshiriladi. Yoki bo‘lmasa, xitoycha demokratiya modellaridan biri konfutsiylik demokratiya boshqaruvchi, hokimiyat tepasida turuvchi shaxslarni shakllantirishga katta ahamiyat beriladi. Xalq to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarishga qodir bo‘lmaganligi uchun hokimiyatni o‘z vakillariga elitaga, liderlarga (ideal shaxsga) topshiradi. Ushbu yetakchi shaxslarning asosiy xislatlari yuqori ahloqiy sifatlaridadir.
Hozirgi zamonaviy mamlakatlarning nafaqat nazariyasida, balki amaliyotida ham sharq demokratiyasining xususiyatlarini ko‘ramiz. Masalan, Yaponiya va Turkiyada demokratik rejim o‘rnatilganligi to‘g‘risida so‘z borar ekan, ularning iqtisodiy va boshqa yutuqlari zamirida o‘rta asrlardan buyon saqlanib kelayotgan qattiq ierarxal tuzilmalar yotganini ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlatni shakllantirishda g‘arbga xos demokratik qadriyatlarni tatbiq etishda shuni e'tiborga olinadiki, birxillari, masalan, kishilarni siyosatga haddan ziyod aralashuvi va individualizm bizga mos kelmaydi: boshqalarini qabul qilish uchun esa hali sharoit va xalqning ongi yetarli shakllanmagan; uchinchilari esa muvaffaqiyatli ravishda hayotga tatbiq etilmoqda. Bunda sharqona ruh, milliy mentalitet va mamlakatdagi muayyan-tarixiy sharoit hisobga olinadi.
Umuman olganda, yangi siyosiy tizimning shakllanishida nafaqat sobiq sotsialistik makon tugatilgandan so‘ng paydo bo‘lgan mustaqil davlatlarda yuz berayotgan umumiy jarayonlarni hisobga olish, balki faqat O‘zbekiston uchun xos bo‘lgan xususiyatlarga ahamiyat berish kerak. Bu xususiyatlarni uch xil darajada bo‘lganligini bosqichga ajratish mumkin: sivilizatsion, hududiy va milliy. Birinchisida sharq sivilizatsiyaning xususiyatlari, sharq madaniyati, G‘arb demokratiyasidan farqli bo‘lgan sharq demokratiyasi nazarda tutiladi. Bu, masalan, ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda, shu jumladan, siyosiy sohada ham «yangi shaklga o‘tishda muvozanatni saqlab, shoshilmasdan, ehtiyotkorlik bilan olib borishda namoyon bo‘ladi. Demokratiyaning g‘arbiy namunasini qabul qilish esa, agar ular umuminsoniy qadriyatlarni mujassamlashtirgan bo‘lsa, fuqarolarning uni qabul qilishga tayyorligiga qarab sekin-asta ro‘y beradi.
Hududiy xususiyatlarga kelsak, ularga Markaziy Osiyoga xos bo‘lgan paternalizm bilan bog‘liq bo‘lib, u esa, hokimiyatga hurmat, qonunlarga itoat qilish va boshqalardan iborat. O‘zbekiston Respublikasida o‘tish davrida, kuchli hokimiyat o‘rnatish shu bilan ham bog‘liq. Bu konkret holda, masalan, hokimlarni joylarda ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyatni birlashtiruvchi hokimlar institutining tiklanishida namoyon bo‘ldi. Va nihoyat, tariximiz, an'analar va urf-odatlarimiz milliy o‘ziga xoslik ham mavjud. Bunga mahallalarga o‘zini-o‘zi boshqarish huquqi berilishi, mahallaning davlat tuzilmasining elementi ekanligi, unga davlat maqomi berilishi, uning o‘z hududida tartib va intizom o‘rnatishi, xo‘jalik va maishiy masalalarni o‘zi hal qilishi va yana, masalan, kam ta'minlangan va ko‘p bolali oilalarga ijtimoiy yordam berishi ham kiradi. Va nihoyat, muayyan sharoitlar hisobga olinadigan bo‘lsa, xususan, ichki siyosatda – islohotlar uchun sharoitlarning yetilgan-yetilmaganligi, xalqning turmush darajasi pastligi, tashqi siyosatda chegaradosh mamlakatlardagi vaziyat (masalan, Afg‘oniston) shular jumlasidandir. Shu munosabat bilan mustaqillikka erishilgandan so‘ng O‘zbekistonda siyosiy tizimning shunday varianti qabul qilindiki, bunga asosan demokratik institutlar – parlament, ko‘ppartiyaviylik asosida shakllangan tizimlar – prezidentlik vertikalning boshqa barcha siyosiy institutlaridan ustuvorligi bilan hamohangdir.
Albatta, o‘ziga xosliklar yaqqol ko‘rinib turibdi, lekin gap faqat ularda emas. Demokratlashtirish jarayoni hali tugallanganicha yo‘q, u shakllanishda davom etayapti. Bir qancha muammolar, kamchilik va yetishmovchiliklar, xususan, amaliy erkin muxolifatning shakllanishidagi ommaviy axborot vositalarining «to‘rtinchi hokimiyat»ga aylanishidagi qiyinchiliklar va boshqalar mana shu ob'ektiv va sub'ektiv omillar bilan izohlanadi».
Umuman olganda, mustaqillik yillarida asosan milliy davlatchilikning asosiy belgilari, Yangi siyosiy tizimi – davlatning huquqiy asoslari shakllandi; O‘zbekiston Respublikasining demokratiyaning hamma talablariga javob beruvchi Konstitutsiyasi qabul qilindi; ko‘ppartiyaviy-lik asosida parlament – Oliy Majlis saylanadi, hokimiyatining bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipi amalga oshirildi; hokimiyatning ijro etuvchi va sud tarmoqlari shakllantirildi. Demokratik andozalarni chuqurlashtirish va davlat boshqaruvi hamda jamiyat qurilishda qo‘llash maqsadida 2002 yilning yanvarida o‘tkazilgan referendum va Oliy Majlisning XI sessiyasida qabul qilingan konstitutsiyaviy qonunlar asosida Oliy Majlisning maqomi va vakolatlariga Prezidentning, Vazirlar Mahkamasi vakolatlariga va saylov tizimiga o‘zgarishlar kiritildi. Bir palatali Oliy Majlis o‘rniga ikki palatali parlament – yuqori palata, Senat (o‘z tarkibiga hududlardagi sub'ektlardan – Kengashlardan saylangan deputatlarni birlashtiruvchi vakillik organi)dan va partiya ro‘yxatlari bo‘icha hamda o‘z nomzodini o‘zi ilgari surish yo‘li bilan saylanadigan Qonunchilik palatasidan iboratdir. Prezident vakolatlarini bir qismi, birinchi navbatda davlat sud tuzilmalari va maxsus xizmatlarga taalluqli, shuningdek, tashqi diplomatik vakillarni tanlash va tasdiqlash vakolatlari ham Senatga topshirildi. Quyi, Qonunchilik palatasining faoliyati sessiya oralig‘ida faoliyat ko‘rsatish tartibidan doimiy asosda ishlashga o‘tkaziladi. Bu va boshqa o‘zgarishlar yanada mukammal demokratik jamiyatni shakllantirishga va hokimiyat tuzilmalarining yanada mukammal mutanosiblashuviga, davlatni boshqaruvi va jamiyat qurilishidagi demokratik islohotlarni o‘tkazishni yanada chuqurlashtirishni taqozo etadi. O‘zbekiston fuqarolik jamiyati qurishni maqsad qilib olgan, kelgusida davlatni boshqarishdagi ko‘p vazifalar xalqning o‘ziga o‘tkaziladi, faqat ichki va tashqi siyosat, umummilliy strategik vazifalarini ishlab chiqish va amalga oshirish bularga kirmaydi.



Yüklə 0,73 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   139   140   141   142   143   144   145   146   ...   202




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin