Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida



Yüklə 0,73 Mb.
səhifə59/202
tarix02.06.2023
ölçüsü0,73 Mb.
#122287
1   ...   55   56   57   58   59   60   61   62   ...   202
Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida

Biz zamonlarni zamonlarga bog‘lovchi ko‘prik edik,
Biz qomusiy allomalar edik.
Jahon donishmandlari davrasida
E'tiborimiz yuksak va hurmat ehtiromda edik . . .
Qani bizning o‘sha ilmlarimiz, o‘sha donishmandligimiz?
Qani bizning o‘sha ustuvorligimiz va ulug‘vorligimiz?
Fursat yetdi! G‘aflat uyqusidan uyg‘oning!
Bir butun to‘lqin bo‘lib ko‘tariling,
O‘z loqaydligingizdan voz keching!147
«Sharq va G‘arb» mavzusi - jadidlarning dunyoqarashini aniqlash bilan bog‘liq muhim masala hisoblanadi. Jadidlar O‘rta Osiyoning G‘arbiy yevropa bilan tarixiy aloqalarining bugungi kun bilan bog‘lab xulosalar chiqarishga moyil edilar. Ular haqli ravishda aynan islom madaniyati yevropa uchun Aflotun va Arastuni qutqarib qoldi deb hisoblardilar, o‘zlarini esa ular falsafiy g‘oyalarining muxlislarigina emas, balki muayyan darajada ularning targ‘ibotchilari deb bilardilar. Chunonchi, M.Behbudiy - O.Kant, A.Fitrat - Sh.Senobos, A.Avloniy - Aflotun, Suqrot va Arastularning merosi bilan qiziqdilar, ularning ma'rifat, ta'lim va tarbiya to‘g‘risidagi qarashlariga asosiy e'tiborni qaratdilar. Ularni g‘arbparastlikda ayblab qilingan ta'nalar asossiz edi, chunki ular g‘arb falsafasiga tanlagan holda yondashib, faqat milliy g‘oya negizlari bilan birga yashay oladigan muhim unsurlarnigina undan olgan edilar. Jadidlarning nazariy qarashlari chuqur genetik asosga ega bo‘lib, ular nafaqat Sharq, balki G‘arb faylasuflari va ma'rifatpar­varlarining ham ilmiy merosidan xabardor edilar. Ular mamlakat taraqqiyotining asosini Sharq va G‘arb madaniyatining uyg‘unligida, ulardan har birining yutuqlaridan foydalanishda deb bildilar. Sharq va G‘arb falsafasi va tarixi sohasidagi chuqur bilimlar ularga o‘z xalqini jahon tamadduni yutuqlariga daxldor hisoblagan holda, o‘zlarining milliy tajribaga asoslangan davlatni rivojlantirish bo‘yicha nazariyalarini mafkuraviy va metodologik jihatdan asoslash imkonini yaratdi. Shu bilan birga, ular marksistik falsafani xayoliy va turkistonliklar uchun yaroqsiz hisoblab, mutlaqo qabul qilmadilar. M.Behbudiy o‘zining «Xayr - ul umuri avsatuho» maqolasida birinchi navbatda, xususiy mulkchilikni inkor qilgani va dinsizlikni targ‘ib etgani uchun marksizm va sotsializmga salbiy ta'rif beradi148.
O‘zlarining rivojlangan davlat qurish haqidagi g‘oyalarini amalga oshirish uchun jadidlarga keng ildiz otgan qoloqlik, jaholat, mutaassiblik, loqaydlik bilan kurashishga asosiy e'tibor qaratishlariga to‘g‘ri keldi. O‘z asarlarida Sharq va G‘arbning bir-biriga ta'siri g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan jadidlar hamisha yevropa davlatlarining ilg‘or yutuqlariga tarixdan misollar keltiradilar. Ularning fikricha, Uyg‘onish davri o‘rta asrlarga to‘g‘ri kelgan yevropa fan va maorif sohasida Sharqdan ko‘p narsani o‘rganib, ijobiy natijalarga erishgan. Endi, yozadi A.Fitrat, yevropaliklardan o‘rganish navbati keldi: ishlab chiqarish madaniyati, savdo, boshqaruv va jamiyatning boshqa sohalarini yuksaltirish uchun yevropa tamadduni, uning texnikasi va fani yutuqlaridan foydalanish kerak. Chunonchi, Buxoroda, qayd etadi u, chiroyli matolar va hunarmandchilik buyumlari ishlab chiqariladi, lekin ular mashina va texnika vositasida yaratilgan xorijiy tovarlar tomonidan bozorlardan siqib chiqariladi. A.Fitrat o‘z qarashlarida o‘zga dinga e'tiqod qilgani uchungina boshqa xalqlar erishgan yutuqlardan foydalanishni rad etishni qo‘llab-quvvatlamaydigan Qur'on amrlariga asoslanadi149.
Turli tillarni (nafaqat Sharq, balki G‘arb tillarini ham) o‘rganish, fan va texnikani rivojlantirishga asosiy e'tibor qaratib, ayni paytda, Turkistonning o‘tmishdagi va o‘sha davrdagi holatini hisobga olib, ular o‘lka istiqbolini quyidagicha rejalashtirdilar: xususiy mulkning daxlsizligi, bank sarmoyasining erkinligi prinsiplariga asoslangan, kuchli dunyoviy hokimiyatga ega bo‘lgan ozod va mustaqil davlat. U islomga hurmatni saqlagan holda, madaniyat barcha yo‘nalishlarining erkin rivojlanishini, agrar masalani hal qilishni, jahon miqyosiga chiqishni, nafaqat Osiyo, balki yevropa mamlakatlari bilan ham iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni ta'minlashi kerak. Jadid­chilikning boshqalardan ajralib turadigan jihati uning nafaqat diniy, balki xalqaro munosabatlarda ham bag‘ri kengligi edi.
Turkistonni taraqqiyot yo‘liga olib chiqish borasida jadidlar iqtisodni rivojlantirishga asosiy e'tibor qaratdilar, shu bilan birga, ular milliy matbuot va xalq ta'limini yuksaltirishni bundan ham yuqori o‘ringa qo‘ydilar. Ulardan biri yozgani kabi «milliy matbuoti bo‘lmagan xalqning o‘zi ham bo‘lmaydi»150.
Taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan sabablar qatoriga jadidlar turkistonliklarning kundalik turmushida keng tarqalgan, aslida esa musulmonchilik qonun-qoidalariga yot, odamlarning shundoq ham yengil bo‘lmagan hayotini battar og‘irlashtiradigan keraksiz va zararli an'analar (ortiqcha rasm-rusumlar, dabdabali to‘y va dafn marosimlari)ni ham kiritadilar.
Jadidlar Rossiya ma'muriyatining Turkistondagi mustamlakachilikka asoslangan boshqaruv tizimi nafaqat milliy talablarga javob bermasligi, shu bilan birga, mamlakatga juda katta ijtimoiy-iqtisodiy zarar yetkazayotganligini tushunib yetgan edilar. Shuning uchun ham ularning yangi usuldagi dunyoviy ta'lim, milliy o‘ziga xoslikning eng yaxshi jihatlarini mustahkamlash, madaniyatni jadal rivojlantirish yo‘lida olib borgan kurashlari oxir-oqibatda siyosiy mustaqillik va boshqaruvning demokratik shakllari uchun kurashga aylanib ketdi.
Jadidlar musulmon dunyosining bir qismi bo‘lgan, ayni paytda, jahon tarixida o‘zini nodir mustaqil hodisa sifatida namoyon etadigan Turkiston XX asr ochib bergan murakkab va ziddiyatlarga to‘la istiqbolda o‘zining munosib o‘rnini topishiga qa'iy ishonganlar.
Ma'rifatparvar, adabiyotshunos, dramaturg, faylasuf, siyosiy arbob madaniyatshunoslik nazariyotchisi va amaliyotchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy (1874-1919) jadidchilik harakatining yirik rahnamo va nazariyotchilaridan biri edi. "O‘sha davr Turkiston jadidlaridan birortasi siyosiy, ijtimoiy faoliyati hamda bilim doirasining keng va chuqurligi jihatidan unga tenglasha olmas edi"151, - deb yozgan edi. F.Xo‘jaev. Keksa sharqshunos L.Azizzoda esa ham 1926 yildayoq uni Sharqning eng buyuk gumanistlari va mutafakkirlari bilan bir qatorga qo‘ygan edi: "Agar O‘zbekistonda fan va madaniyat sohasida Ulug‘bek va Navoiydan keyin uchinchi bir shaxsning nomini abadiylashtirish kerak bo‘lsa, bu shubhasiz Behbudiyga o‘rnatilgan yodgorlik bo‘lishi kerak"152.
M.Behbudiy falsafada faqat islomiy an'analarning bilimdoni emas edi. U o‘z asarlarida tez-tez O.Kant merosiga murojaat qiladi, pozitivizm, neokantchilik, neoxegelchilik, maxizm kabi yevropa falsafasining yangi oqimlari bilan jiddiy qiziqadi.
Behbudiyning maorif masalasidan tortib mustaqillik mavzuigacha bo‘lgan barcha asarlari - Turkistonning taqdirini belgilaydigan muhim muammolarga bag‘ishlangan. Uning barcha fikrlarini jamiyat va mamlakatni rivojlantirishning izchil nazariy konsepsiyasi sifatida kurish mumkin. Albatta, u quruq nazariya bilan cheklanmay, yangiliklarni hayotga joriy etishning amaliy usullarini ham ishlab chiqqan.
Islomiy bilim berishga yo‘naltirilgan an'anaviy ta'lim tizimi sharoitida M.Behbudiy o‘zi «aqlli ilmlar» («intellektual ilmlar») tushunchasi ostida birlashtirgan tabiiy va ijtimoiy fanlarning keng majmuini o‘zlashtirishni ham o‘quv dasturiga kiritishni qattiq turib talab qiladi. Bu bilan u ratsionalizm an'anasini qayta tiklashga intiladi. Mutafakkir, xususan, tarix va geografiyani o‘rganish zarurligiga katta e'tibor qaratadi. Uning fikricha, tarix hamma narsani, jumladan, davlatlarning taraqqiyoti va tanazzuli, odamlar e'tiqodining darajasi, musulmonchilik inqirozining ildizlari, islomni muqaddas negizlarining noto‘g‘ri talqin qilinishi sabablarini tushuntirib beradi. Tarixni o‘rganmay turib, biror fanni mukammal o‘zlashtirib bo‘lmaydi. O‘zi tomonidan asos solingan «Oyna» jurnalida e'lon qilingan «Tarix va geografiya» maqolasida M.Behbudiy yozadi: «Hayotga ishonish uchun, komil va odil inson bo‘lish uchun tarixni o‘rganish va uni bilish lozim». Davom etib yozadi: «Ilohiy va dunyoviy hayot to‘g‘risida bilim hosil qilmoqchi bo‘lgan har bir kishi tarixni o‘rganishi kerak, chunki butun mavjudotning ibtidosi va kelib chiqishi tarix orqali idrok etiladi»153.
Behbudiy o‘z xalqining ravnaqini nafaqat ta'lim-tarbiya, ayni paytda, mustaqillik tufayli uning siyosiy maqomidagi tub o‘zgarishlar bilan bog‘laydi. O‘zining ko‘plab maqolalari va qizg‘in faoliyati orqali u Rossiya imperiyasi va muvaqqat hukumatning mustamlakachilik siyosatini fosh etdi, ularning mahalliy aholining ahvolini og‘irlashtirgan qonunlarini tanqid qildi. Lekin, Behbudiyning qat'iy ishonchiga ko‘ra, mustaqillikni kurashsiz qo‘lga kiritib bo‘lmaydi. «Shuni bilish kerakki, - yozadi u, - haq olinur, berilmas. Har bir millat va mamlakat xalqi o‘zining diniy va siyosiy haq-huquqlarini kurash orqali qo‘lga kiritadi»154
. Lekin Behbudiy mustamlakachilikka qarshi qon to‘kmasdan kurashish tarafdori edi. U Duma faoliyatini diqqat-e'tibor bilan kuzatib borardi va parlament kurashi orqali ko‘p narsaga erishish mumkin deb hisoblardi. Turkiston muxtoriyatining qat'iy tarafdori sifatida u taraqqiyotni olg‘a siljitishning evolyusion (tadrijiy) shakllarini ma'qullar edi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy tasavvurida Turkistonning siyosiy tuzilmasi o‘z ichiga davlat saylov organlari (Markaz va Majlis), qoziylik sudlari tizimini bekor qilish va ularning o‘rniga davlat sudlarini joriy etish, apellyasiya (shikoyat) komissiyalari va Oliy sud palatasini olishi kerak edi.
M.Behbudiy ko‘targan masalalar ko‘lami juda keng. Ular orasida maorif masalalari, siyosiy muammolar, ma'naviyat va axloq-odob ham, nikoh va jinsiy tarbiya masalalari, tarixiy-geografik mavzular ham, til siyosati masalalari, etnografiya muammolari va boshqalar ham bor.
M.Behbudiy faoliyatining asosiy samarasi, shubhasiz, u tomonidan 1913 yilda asos solingan, jadidlarning jarchisiga aylangan va tez fursatda ommalashib ketgan "Oyna" jurnali edi. Jurnal materiallari mavzusi va janriga ko‘ra ilmiy-ma'rifiy, adabiy maqolalarga ajratilardi. Jurnal jamiyatning madaniy va ijtimoiy hayotidagi yangi jarayonlarni keng yoritdi; unda, shuningdek, kino, teatr, yangi kutubxona va o‘quv zallari haqidagi xabarlar berib borilgan. Jamiyat tartib-intizomi to‘g‘risidagi ilmiy maqolalar asosiy o‘rin tutgan. Yaponiyadan tortib Amerikagacha bo‘lgan xorijiy mamlakatlar hayotini yoritishga ham katta e'tibor berilgan.
Jadidchilikning yana bir yorqin namoyandasi M.Behbudiyning kichik zamondoshi Abdurauf Fitrat (1886-1937) edi. Forobiy, Beruniy va Ibn Sino an'analarini davom ettirib, A.Fitrat islom dinini dunyoviy fanlar yutuqlari bilan mustahkamlash g‘oyasiga asoslangan holda, ilmlar tasnifini ishlab chiqdi. Olim barcha ilmlarni nazariy va tajribaga asoslangan ilmlarga bo‘ladi. Diniy va dunyoviy fanlarni u alohida tasnif qiladi. Diniy ilmlarga u Muhammad alayhissalom hadislari, hadislar talqini, fiqh va ilohiyotni kiritadi. Dunyoviy fanlarga esa falsafa, fizika, mexanika, algebra, optika, musiqa, astronomiya, geometriya, tibbiyot, geografiya, tarix va tilshunoslikni qo‘shadi. Falsafa fanining predmeti haqida fikr yuritar ekan, Fitrat ong, axloq, ilohiyot va tafakkurni bilishni uning asosiy vazifasi sifatida qayd etadi.
Fitrat ilk ijodining markaziy g‘oyalaridan biri bu – «hayot» g‘oyasi. Hayot - butun Koinotning asosi. Hayot bo‘lmasa, hyech narsa bo‘lmas edi. Xo‘sh, hayot nima? Fitrat uni Alloh tomonidan yaratilganligini ta'riflash bilan birga uni sezgi va harakatlarning namoyon bo‘lishi tarzida baholaydi. Hayot oddiy, hayvoniy shakllardan to oliy, insoniy hayotgacha tadrijiy ravishda o‘sib boradi. Mukammal «hayot g‘oyasi» dinda mujassam. Fitrat nuqtai nazaricha, jamiyat evolyusiyasi Xudo tomonidan rejalashtirilgan. Har bir muayyan jamiyat uchun Xudo payg‘ambar va din yuboradi. Shu tariqa, to islomga qadar buyurilgan diniy ta'limotga binoan jamiyatlarning belgilab qo‘yilgan holatida o‘zgarish sodir bo‘ladi. Lekin Fitrat misrlik islohotchilar raqnamosi Muhammad Abdo kabi fatalizm (taqdirga ishonish)ga qarshi: u hamma narsaning, jumladan, inson taqdirining ham oldindan belgilab qo‘yilganligi haqidagi aqidani qabul qilmaydi. Uning fikricha, Xudo insonga kamolot kasb etishi, birinchi navbatda, aqliy qobiliyatini o‘stirishi uchun katta imkoniyatlar beradi. Insonning vazifasi - oldindan belgilab qo‘yilgan ko‘rsatmalarni shunchaki bajarishdan emas, balki o‘z yeri, o‘z taqdirining sohibi bo‘lishdan iborat. Muqaddas kitobni talqin qilar ekan, Fitrat yozadi: «Inson Qur'oni karimning hukmi bilan ham oliy maxluqotdir, u yeru osmonga amr beruvchidir. Agar tog‘u osmon, temiru mumning insonning iqtidorli panjasining ostida farqi yo‘q bo‘lsa ... nega turmush tarzini o‘z hokimlaridan o‘rganar ekan?» Bu kabi falsafiy masalalarni u Qur'on oyatlari bilan dalillaydi, ularning mazmunini taqdirga bo‘ysunishga da'vat tarzida emas, balki kishilarning o‘z taqdirini o‘zi yaratishiga undash atrofiga birlashtiradi; «Laysa-ili-sani illa ma ma'y» - «Insonlar har nima topmasinlar, o‘z intilishlaridan topadilar, intilmas, harakat qilmas ekansiz, hyech narsaga erisha olmaysiz»155.
A.Fitrat qarashlari islomning mohiyatini yangicha talqin qilish, dunyoning tuzilishini to‘g‘ri tushunish va insonning bu dunyodagi roliga baho berishning yorqin namoyon bo‘lishi edi. Dinni talqin qilishda A.Fitrat diniy murosasizlikka qarshi chiqib, bag‘ri kenglik va insonparvarlik nuqtai nazaridan yondashadi. O‘zining mashhur «Rahbari najot» («Najot yo‘li») asarida u yozadi: «hyech shak-shubha yo‘qki, garchi kishilar turli dinlarga e'tiqod qilib, turli mamlakatlarda yashasalar-da, turli qabila va millatlarga mansub bo‘lsalar-da, ularning barchasi yagona otaning farzandlari hisoblanadilar va yagona insoniyatga taalluqlidirlar. Boshqacha aytganda, ular - og‘a-ini. Shunday ekan, ular bir-birlarini sevishlari va umumiy birodarlik ittifoqini tuzishlari kerak. Dunyoviy hayot muvaffaqiyati umumiy birodarliksiz mumkin emas»156.
Odob-axloq masalalari Sharq falsafasida hamisha asosiy o‘rin tutib kelgan. Ular jadidchilik doirasida ishlab chiqilgan shaklda Abdulla Avloniy (1878-1934) ijodi, birinchi navbatda, uning «Turkiy Guliston yoxud axloq» asarida157 o‘z aksini topdi.
Avloniy uchun axloq hammadan avval amaliy-pedagogik yo‘nalishni kasb etadi. U «Insonlarni yaxshilikg‘a chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur». Bu ilm «Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar» yordamida ifodalashga asoslanishi kerak158.
Avloniy yorqin kelajakni yaxshi xulqli insonni tarbiyalab yetishtirishdan ayri holda tasavvur qilolmasdi. Shuning uchun ham, insoniy faoliyatning turli ko‘rinishlari va inson fe'l-atvorining belgilarini axloqiy mezonlar nuqtai nazaridan qarab chiqadi. Jumladan, bilish va bilmaslik uning uchun shunchaki bilish faolligi va bilish nazariyasi tushunchasi hodisalaridan iborat emas. Ilm «bizga yaxshini yomondan, ezgulikni yovuzlikdan, joizni nojoizdan, pokni nopokdan xatosiz farqlash imkonini beradi, ayni paytda, nodonlik - yomon xulqlar, xudbinlik va yovuzlikning ibtidosi»159.
A.Avloniy bu xulosalarga qadimgi yunon falsafasi (Suqrot, Arastu va Aflotun), shuningdek, Ibn Sino, Rumiy, Bedil asarlariga tayangan holda keladi. Bir qaraganda, bu narsalarga asosiy qoidasi itoat qilish bo‘lgan musulmoncha maslak bilan yevropacha erkin qarash o‘rtasida biror-bir mushtaraklik yo‘qday tuyuladi. Lekin Avloniy bu manbalarning to‘g‘riligini Qur'on vositasida isbotlab bera oldi va shu asosda musulmonlar uchun ilg‘or axloq qoidalarini ishlab chiqdi. U umuminsoniy insonparvarlik axloqi asosida shakllanishi, amaliy yo‘nalishga ega bo‘lishi va taraqqiyotga oqilona xizmat qilishi kerak. Avloniy «sabr», «sadoqat», «olihimmatlilik», «hilm», «intizom», «vijdon», «adolat», «anoniyat» (xudbinlik) «rahovat» (dangasalik) «atolat» (yalqovlik) kabi insonning axloqiy-ruhiy tavsifini beradi. Shu bilan birga, ushbu kategoriyalar tahlili asar muallifi tomonidan jamiyat talablariga javob beradigan yosh avlodni tarbiyalash masalalari orqali amalga oshiriladi. Chunonchi, intizom to‘g‘risida gapirar ekan, A.Avloniy uni alohida bir kishining xususiyati emas, balki birmuncha keng-jamiyatdagi ishlarning ahvoli nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi. U «har bir millatning taraqqiy va taoliysi ishlarini vaqtida nizomdan chiqarmay, tartibi ila yuritmakg‘a bog‘lidur»160.
Avloniy shaxsning shakllanishida tarbiya yetakchi rol o‘ynashiga alohida urg‘u beradi. Uning nuqtai nazariga ko‘ra, inson iste'dodli va iqtidorli, ezgulik va yovuzlikni farqlashga layoqatli qilib yaratilgan, lekin bu xususiyatlar tarbiya jarayonida rivojlanadi va bunda axloq muhim rol o‘ynaydi.
Shunday qilib, ma'naviyat va axloq masalalari jadidlarning diqqat markazida turadi. Ular ushbu masalalarni ilgari surish bilan birga, o‘zlari ham bu sohada dunyo tajribasi unsurlarini o‘ziga singdirgan «yangi musulmon axloqi»ning namoyandalari edilar.
Sovet davrida - 20-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab jadidchilik mafkuraviy tanqid nishoniga aylandi. Buxorodagi jadidchilik harakatining rahbarlaridan biri, keyinchalik esa O‘z SSR hukumatining birinchi raisi (1924-1937) bo‘lgan Fayzulla Xo‘jaev ushbu harakatning bevosita ishtirokchisi sifatida uning tarixini yoritib, jadidchilikka xolis baho bergan. O‘zining «Buxoro inqilobining tarixiga materiallar» tadqiqoti uchun u 1927 yilda partiya s'ezdi minbaridan turib «jadidchilikni ideallashtirish»da ayblanadi. Xususan, uning quyidagi so‘zlari Kompartiya rahbariyati uchun kechirilmas bo‘ldi: «O‘rta Osiyoda milliy-inqilobiy harakatni boshqarishga qodir kadrlarni yetishtirib bergani uchun biz aynan jadidlardan minnatdormiz»161. Jadidchilik go‘yoki «omma ongini millatchilik g‘oyalari bilan zaharlash va uni inqilobiy kurashdan chetga toritish» maqsadida tashkil etilgan reaksion burjua-millatchilik yo‘nalishi deb e'lon qilindi, jadidlarning o‘zlari esa qatag‘on qilindi162 va mahv etildi. Jadidchilik bolsheviklar tomonidan shuning uchun yo‘q qilindiki, ular ishlab chiqqan milliy-davlatchilik qurilishi va jamiyatni mustamlakachilikning boshi berk ko‘chasidan olib chiqish konsepsiyasi mustabid sovet tuzumi uchun jiddiy muqobil edi va unga halokat xavfini tug‘dirardi. O‘zining fojiali yakuniga qaramay, jadidlar tomonidan asos solingan milliy-taraqqiyparvarlik harakati milliy o‘zini o‘zi anglashning o‘sishiga imkon yaratdi, milliy-ozodlik mafkurasining vujudga kelishi va rivojlanishida muhim rol o‘ynadi.



Yüklə 0,73 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   55   56   57   58   59   60   61   62   ...   202




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin