Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida



Yüklə 0,73 Mb.
səhifə58/202
tarix02.06.2023
ölçüsü0,73 Mb.
#122287
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   ...   202
Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida

Muhammad Rahimxon II - Feruz (1844-1910) - Xiva xonligi hukmdori edi. Uning ma'rifatparvarlik faoliyati va she'riyat, davlat boshlig‘i sifatida fan, madaniyat va adabiyotga homiyligi ijtimoiy fikr taraqqiyotiga kuchli ta'sir ko‘rsatdi va katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
XIX asrda Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Bayoniy, Hamzalarning zamonaviy she'rlari keng tarqalib, og‘izdan-og‘izga o‘tib, aytib yurilgan. Bu insonlar ham ma'rifatning qizg‘in tarafdorlari bo‘lib, faqat bu boradagi qarashlarini she'riy shaklda ifodalaganlar. She'ru g‘azallar aholi o‘rtasida tez tarqalishi jihatidan katta ahamiyat kasb etar, xususan yoshlar ma'rifat targ‘ibotining eng ta'sirchan shakli edi.
Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy (1850-1903) va Zokirjon Furqat (1859-1909) kabi shoirlar turkistonliklarning og‘ir iqtisodiy ahvolidan qayg‘uradilar va o‘z ijodlari orqali mustamlakachilikka qarshi kayfiyatning kuchayishiga yordam berdilar. Lirik va satirik bo‘lgan Muqimiy insof, adolat va odamiylik hukmronlik qiladigan erkin jamiyat to‘g‘risida orzu qiladi, ayni paytda, o‘zining idealidan uzoq bo‘lgan tuzum, mutaassib din namoyandalarini hajv tig‘i bilan fosh etadi. «Turkiston viloyatining gazeti»da 1903 yili bosilgan she'rlaridan birida jamiyatni ko‘zda tutib:
Ey tabib, aylanma dardim bedavolardan biri,
Rangi zardim ko‘ru-ko‘rma kahrabolardan biri,
deb yozadi.
Shoirning «Veksel», «Urug‘», «Dar mazammati zamona», «Lyaxtin», «To‘y» va boshqa siyosiy va ijtimoiy masalalar (masalan, saylov)ga bag‘ishlangan hajviyalari jamiyatda u obrazli tarzda «Dunyo qurilg‘on dor ekan!» deb ta'riflagan mavjud tuzumga nisbatan tanqidiy munosabatni kuchaytiradi»145.
Zokirjon Furqatning ma'rifatparvarlik qarashlari uning «Ilm xosiyati», «Aql majlisi xususida», «Vistavka xususida» va boshqa mashhur she'rlarida o‘z ifodasini topgan. U madaniyatning otashin targ‘ibotchisi edi. yevropa madaniyatiga katta ahamiyat berib, ilg‘or xalqlar safidan joy olish uchun yoshlarni bilim egallashga chaqiradi:
Jahon bastu kushodi - ilm birla!
Nadur dilni murodi - ilm birla!
Ko‘ngullarni sururi - ilmdandir!
Ko‘rar ko‘zlarni nuri- ilmdandir!
Kerak har ilmdan bo‘lmak xabardor!
Bo‘lur har qaysi o‘z vaqtida darkor!
Hamza Hakimzoda Niyoziy va Qoraqalpoq shoiri Berdimurod Berdaq (1827-1900) lar ijodida nafaqat xalqni ma'rifatli qilish masalalari, shu bilan birga, hurriyat va adolatga intilish, Vatanga muhabbat, ma'naviy-axloqiy mavzular ham o‘z aksini topdi.
Xullas, XIX-XX asr boshlaridagi ilg‘or shoirlar, yozuvchilar, tarixchilar va jamoat arboblarining ijodi komil inson, erkin jamiyat haqidagi g‘oyalarni rivojlantirdi va mustamlakachilikka qarshi kurash g‘oyasi yo‘lidagi ilg‘or milliy tafakkurning shakllanishida falsafiy asos bo‘lib xizmat qildi.
Jadidchilik - XIX asr oxiri - XX asr boshidagi ko‘plab Sharq mamlakatlaridagi milliy-taraqqiyparvar ziyolilarning islohotchilik harakati. Bu harakat O‘rta Osiyo xalqlarining madaniy, milliy-siyosiy jihatdan rivojlanishi uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. "Jadidlar" degan nomning o‘zi "usuli jadid" ("Yangi usullar") tushunchasi asosida kelib chiqqan. Bu atama ostida o‘qitishning yangi usullari tushunilar, yangi usuldagi maktablar shu asosda qurilgan edi. Jadidchilik harakatining vazifalari kengayishiga muvofiq ravishda keyinchalik mazkur atamaning mazmuni ham kengaydi. Ma'rifatparvarlik bilan bir qatorda, jadidlar ijtimoiy va siyosiy huquqiy holatlarning eski tizimini taraqqiyotning ilg‘or usullari bilan almashtirmoqchi bo‘ldilar. Jadidlar harakati XIX asr oxiri - XX asr boshlaridagi siyosiy kuchlar murakkab bir tarzda chigallashib ketgan Turkiston jamiyatining eng ilg‘or yo‘nalishi qarashlarini o‘zida aks ettirdi. U dunyo ahamiyatiga molik insonparvarlik va milliy qadriyatlarga asoslanib, jamiyat taraqqiyotining yetilgan ehtiyojlari va o‘lkaning tub aholisi manfaatlariga javob berdi. M.Behbudiy, A.Fitrat, U.Asadullaxo‘jaev, Munavvar Qori, A.Avloniy, S.Ayniy, F.Xo‘jaev, T.Norbo‘taev va boshqa mashhur nomlar ushbu harakat bilan bog‘liq.
Jadidchilik ma'rifatparvarlikdan siyosiy harakatgacha bo‘l­gan murakkab taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Keng xalq ommasining iqtisodiy og‘ir ahvoli, iqtisodiy jihatdan rivojlangan mamlakatlardan orqada qolishi, tafakkur turg‘unligi jadidlarni Turkistonni bu tushkun holatdan olib chiqishning amaliy vositalarini izlab topishga undadi.
Jadidlarga avvaliga yog‘ilgan va yetilgan masalalarni ma'rifat­par­varlik yo‘li bilan hal qilish mumkinday bo‘lib tuyuldi. Shuning uchun harakatning birinchi bosqichida musulmon maktablaridagi o‘qitish ishlarini isloh qilish jadidlarning diqqat markazida turdi. Ular bunday islohotlarni o‘tkazish zarurligini nazariy jihatdan asoslabgina qolmay, ayni paytda, yangi usuldagi maktablar, kutubxonalar, o‘quv zallari barpo etish, darsliklar nashr qilish bilan o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun katta sa'y-harakat ko‘rsatdilar.
1905 yili Rossiyada, 1908 yili Turkiyada va 1905-1911 yillarda Eronda bo‘lib o‘tgan inqiloblar jadidchilikka katta ta'sir ko‘rsatdi. Birinchi jahon urushi jadidlar tafakkurida keskin o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi. Ular parlamentga asoslangan monarxiya to‘g‘risida yozishdi, fuqarolarning boshqarish, davlat organlarini shakllantirish, qonunchilikda ishtirok etish tartiblarini ishlab chiqdilar. Fevral inqilobi davriga kelib, jadidlarning radikal qismi («taraqqiyparvarlar») qator siyosiy talablarni ilgari surdilar. Ular orasida o‘lka boshqaruvini mahalliy aholining haq-huquqlarini kengaytirish tomonga isloh qilish, Davlat Dumasida unga o‘rin ajratish, demokratik erkinliklar va birinchi navbatda, milliy matbuot erkinligi, samoderjavie (mustabid hokimiyat)ni konstitutsiyaviy tuzum bilan almashtirish bor edi. Lekin fevral inqilobidan keyin jadidlar Muvaqqat hukumat Turkistondagi mustamlakachilik siyosatini eskicha qoldirish tarafdori ekanligini tushunib yetdilar. Shundan keyin jadidchilik harakati mustaqillik va Turkistonga Rossiya Demokratik Federativ Respublikasi tarkibida milliy-hududiy muxtoriyat berishni talab qilish uchun kurash yo‘liga kirdi.
Bu davrga oid dasturiy hujjatlarda asosiy e'tibor milliy-hududiy muxtoriyat (hukumat, boshqaruv, sud, qonun chiqaruvchi organ­lar va boshqalar) prinsiplarini amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratildi. Siyosiy model (andoza) sifatida demokratik respublika tanlandi.
Lekin Turkistondagi Oktyabr voqyealari va hokimiyatning bolsheviklar tomonidan egallab olinishi ularga o‘z maqsadlarini oxirigacha amalga oshirish imkonini bermadi. Shunga qaramay, bolsheviklar hokimiyatining millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash haqidagi deklaratsiyasidan foydalanib, mustaqil avtonom respublika-markazi Qo‘qon bo‘lgan Turkiston muxtoriyatini e'lon qildilar. Uch oy faoliyat ko‘rsatgan mazkur respublika Qizil armiya tomonidan qonga bostirilib yo‘q qilindi. Jadidlarni ko‘pchiligi 1937 yilga kelib hisbga olinib qatl qilinganlar. Shuningdek ularning bir qismi sovetlar tomoniga o‘tib xalq maorifi va madaniyat soxalarida ishlaganlar.
Jadidchilikning o‘ziga xos fenomen, nodir hodisa ekanligi nimada ko‘rinadi? Bu birinchi navbatda, jadidlarning nafaqat Sharq, balki G‘arb madaniyatini ham egallash asosida shakllangan yuksak aqliy-ma'naviy zakovatida namoyon bo‘ladi. Ularning deyarli barchasi oliy diniy ma'lumot olib, Navoiy Jomiy, Fuzuliyning yuksak insonparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan asarlari, o‘rta asr Sharq mutafakkirlarining falsafiy qarashlariningta'siri ostida tarbiyalanib, o‘z intellektini xorij – ham Sharq, ham G‘arb madaniyati yutuqlari bilan boyitdilar. Bu jadidlar falsafiy dunyoqarashining o‘ziga xos xususiyatini belgilab berdi.
Jadidlar islom falsafasi nuqtai nazari asosida ish tutganlar. Mavzuning hozirgi tadqiqotchilari yozganidek: «Islom va fan, islom va ilg‘or taraqqiyot - XIX asr ikkinchi yarmida musulmon mamlakatlaridagi intellektual va ijtimoiy-siyosiy islohotlar o‘tkazish yo‘lidagi izlanishlarning falsafiy asosi hisoblanadi»146. Shuning uchun ham jadidlar faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri islomni modernizatsiyalash, uni bid'atlardan tozalash, fan yutuqlari va ilg‘or texnologiyalarni egallashdan iborat edi. Birinchi navbatda, ular islomning mohiyatini o‘z manfaatlariga moslab olgan din namoyandalarini qattiq tanqid ostiga oldilar hamda dinni qurol qilib olgan siyosiy o‘yinlar qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatib berdilar.
Madaniy merosni o‘zlashtirish va xalqning milliy o‘zini o‘zi anglashini kuchaytirish - jadidlarning diqqat markazida turgan eng muhim masalalardan edi. Ular o‘zlari nashr qilgan gazeta va jurnallarida o‘quvchilarga Turkiston xalqi qanday ulkan madaniy va ilmiy merosning vorisi ekanligini eslatdilar. Forobiy, Ibn Sino, Ulug‘bek - bular axir Markaziy Osiyodagi ijtimoiy va ilmiy islohotlarning asoschilaridir. Jadidlarning fikricha, ularning asarlarini o‘rganish o‘lka taraqqiyotini yuksaltiradi, xalqning o‘zini o‘zi anglashini kuchaytiradi. «Sayha» («Na'ra») she'rida Fitrat Sharq mutafakkirlarining o‘tmishdagi buyukliklarini qaytadan tiklashga chaqiradi;



Yüklə 0,73 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   ...   202




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin