OBODLIK KO’NGILDAN BOSHLANADI
Xalqimiz tabiatan bunyodkorlikni, yaratuvchanlikni, obodlikni yaxshi ko‘radi. Buni yurtimizning har bir go‘shasidagi odamlarning turmush tarzidan, hayotiy tutumlaridan ham bilsa bo‘ladi. Deylik, bir kishi qurilish boshlasa, qo‘ni-qo‘shnisi, yaqinlari qarab turmaydi, hashar bo‘layotgan xonadonga albatta kirib keladi. Har biri o‘z hissasini qo‘shsam deydi. Bunday paytlarda hazil-mutoyiba va hamjihatlik, orzumandlik kayfiyati hukmron bo‘ladi. To‘g‘ri-da, odam uy timsolida o‘zining orzu-havasini quradi. Shuning uchun har bir qo‘yilgan g‘ishtdan, yuksalishdan ko‘ngli tog‘dek o‘sadi. Bu uyda yaxshi kunlar ko‘p bo‘lsin, deb niyat qiladi. Ana shunday ezgu niyatlar bilan odamlarning ongu tafakkuri o‘zgarib, nurlanib boradi.
Muhtaram Prezidentimizning “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitobida keltirilgan “Ozod va obod yurtda yashaydigan, yangicha fikrlaydigan odamlarning uylari ham, ularning hayoti, turmushi ham go‘zal va farovon bo‘lishi kerak”, degan so‘zlarida katta hayotiy haqiqat aks etgan. Kitobni o‘qirkanmiz, ko‘z oldimizda bugun mamlakatimizda keng quloch yoygan yangilanish jarayoni bor bo‘yi bilan gavdalanadi. Bu jarayon – Istiqlolning ilk kunlaridanoq Yurtboshimiz tomonidan jamiyatga tatbiq etilgan ezgu g‘oyalarning hosilasidir.
Xo‘sh, odamlarda yangicha fikrlash qachon, qay tarzda shakllandi? Sho‘ro davrini eslaylik. Bir quloch yerga zor bo‘lib, qishloqlardagi katalakdek guvala uylarda, iqlim va xalqning milliy qadriyatlari hisobga olinmay qurilgan biqiq shaharlardagi gugurtqutidek beton xonalarda yashagan odamlarning dunyoqarashi yodingizdadir!? O‘sha paytdagi shaharlarimiz allaqayoqdan ko‘chirib keltirilgandek, ko‘chma shaharga o‘xshardi. Men maktabni bitirib, Farg‘onaga o‘qishga hujjat topshirgani borganimda shahar xo‘mrayib, qovog‘ini solib, begona bo‘lib turgandek tuyulgan, havoning og‘irligidan ko‘nglim behuzur bo‘lgandi. Shaharlarning bu holati kishilarning fe’l-atvoriga, o‘zaro munosabatiga, tiliga, muomalasiga, turmush tarziga, eng yomoni, farzandlar tarbiyasiga ham ko‘chib o‘tgandi.
Mana shunday sharoitda bizni asl ildizlarimizga, azaliy qadriyatlarimizga, o‘zligimizga qaytarish, ko‘ngillarga obodlik, ruhiyatga ravshanlik olib kirish uchun Prezidentimiz ishni tarixiy adolatni tiklashdan boshladi. Sho‘roning qattol siyosati tufayli oyoqosti qilingan muqaddas ziyoratgohlar tiklandi, nomi unut bo‘lgan buyuk daholarimiz, aziz avliyolar, mutafakkir zotlarga ehtirom ko‘rsatildi. Ularning tabarruk xoki yotgan maskanlarni ziyorat etish ming-minglab ko‘ngillarga obodlik, xalq ruhiyatiga poklik, o‘ziga ishonch, g‘urur-iftixor bag‘ishladi.
Navoiy hazratlari aytganlaridek:
Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay. Bugun mamlakatimizning shaharu qishloqlari tubdan o‘zgarib, chiroy ochib borayotganini nafaqat o‘zimiz, balki dunyoning manaman degan davlatlaridan kelayotgan mehmonlar ham havas bilan gapirishyapti. Diyorimizga jahon ahlining qiziqishi, e’tibori qanchalar kuchayganini birgina misolda ko‘rish mumkin: AQSHdagi nufuzli “The Huffington Post” nashri Samarqandni jahondagi inson o‘z umri davomida albatta borib ko‘rishi zarur bo‘lgan eng go‘zal 50 ta shaharning biri sifatida e’tirof etgan.
Shu kunlarda yurtimizga kelib, ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanayotgan michiganlik adabiyotshunos olim Kristofer Fort to‘lib-toshib o‘z hayratlarini ifoda qiladi:
– Men dunyoning ko‘p mamlakatlarida bo‘lganman. Lekin O‘zbekiston kabi mamlakatni, Toshkentdek betakror shaharni ko‘rmadim. Birinchi ko‘zga tashlanadigan jihat – shaharning nihoyatda saranjom-sarishtaligi, pokizaligidir. Bu holat odamlarning yuziga, fe’l-atvoriga, va albatta, ko‘ngliga ko‘chgani tabiiy. Butun boshli shaharni, mamlakatni pok, orasta tutish uchun xalqning yakdilligidan tashqari, ruhiyatida, tiynatida poklik va ertangi kunga umid bo‘lishi shart. Bu umid, ayniqsa, yurtingiz yoshlarining yuzida balqib turadi…
Eshitganingda ko‘nglingni g‘ururga to‘ldiradigan, yuksak e’tiroflarga sabab bo‘layotgan ishlar bizning ko‘z o‘ngimizda, hayotimizda ro‘y beryapti. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Sovet davrida faqatgina ertangi kun, ertangi kun, deyilar edi. Yorug‘ kunni nafaqat bolalarimiz ko‘rishi kerak, balki bugun yashab turgan zamondoshlarimiz, yaqinlarimiz, ota-onamiz, hozirgi avlod ham bunday hayotni ko‘rsin, turmushimiz kundan-kunga yaxshi bo‘layotganini ko‘rib, xursand yashasin”. Qishloqlarda barpo etilayotgan namunali, shinam uylar, iste’dodli yoshlarga imtiyozli kredit asosida berilayotgan “Kamolot” uylari yoshlarning turmush tarzini, eng asosiysi, hayotga qarashini qanchalar o‘zgartirdi! Mazkur xonadonlarda gigiyena masalalaridan tortib, oilaning har bir a’zosi uchun kerakli qulay shart-sharoit yaratilgan. Eng muhimi, bunda xalqimizning milliy qadriyatlari to‘la hisobga olingan. Ko‘plab yurtdoshlarimiz hozirdanoq ana shu uylardan andoza olib, namunali loyiha asosida o‘zlari ham uy-joy qurishni boshlab yuborgani kishini quvontiradi.
Men yangidan bunyod etilgan, bahavo, ko‘chalari keng, milliy va zamonaviy arxitektura uyg‘unligida qad rostlagan Farg‘ona shahridagi Yangi san’at saroyining ochilishiga borganimda bir paytlar ta’lim bergan keksa ustozim bilan yonma-yon o‘tirib, suhbatlashib qoldim. Ko‘pni ko‘rgan, mulohazali domlam to‘lqinlanib:
– Qarang, Iqboljon, muhtaram Yurtboshimiz inson hayotining mohiyatini birgina gap bilan ifodalab berdi: “Inson baxtli bo‘lish uchun dunyoga keladi!” Qanday hayotiy, topib aytilgan gap-a! – deb qoldi. Domlaning gaplarini tinglarkanman, shuurimni bir fikr yarq etib yoritib o‘tdi: “Inson baxtli bo‘lish uchun dunyoga keladi, shuningdek, odamlarni baxtli qilish uchun buyuk insonlar dunyoga keladi!”