Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda


Amerika xalqlari madaniyati va sivilizatsiyalari. (4-soat)



Yüklə 1,76 Mb.
səhifə57/62
tarix29.04.2023
ölçüsü1,76 Mb.
#104855
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   62
Мадан.наз.ва.тар.ўқув.қўл. янги вариант. 11.12.22. (восстановлен) (восстановлен)

26.Amerika xalqlari madaniyati va sivilizatsiyalari. (4-soat)
Reja:
1.Shimoliy Amerika xalqlari madaniyati. Eskimoslar madaniyati.
2.Shimoliy-Sharqiy hududlarda istiqomat qilgan hindu
qabilalarining madaniyati.
3.Irokez qabilalari madaniyati. Markaziy Amerika tub joy aholisi
va ularning diniy qarashlari va madaniyati.
4.Atseklar (Qadimgi Tenochtitlan davlatchiligi) madaniyati. Mayya
sivilizatsiyasi (madaniyati va yozuvi).
5.Janubiy Amerika xalqlari madaniyati.
6.Ink va Peru sivilizatsiyalari.
Yarim milliardga yaqin aholiga ega bо‘lgan Amerika qit’asining etnik tuzilishi ham tabiati singari rang-barangdir. Bu yerda odamzod paydo bо‘lmagan. Dastlabki kishilar Osiyodan taxminan 30 ming yillar muqaddam – ikkala qit’a bir-biridan ajralmagan vaqtda Amerika qit’asiga о‘ta boshlagan. Turli qabila va irqlardan iborat kelgindi aholi avval Shimoliy Amerikada, keyin janub tomon kо‘chib, keng hududga tarqalgan. Okean suvlarining kо‘tarilishi natijasida taxminan 12 ming yillar muqaddam Chukotka bilan Alyaska yarim orollari bо‘linib ketishi oqibatida Amerika qit’asi eski dunyodan ajralib qoladi.
Sо‘nggi 40 yil ichida qilingan kashfiyotlarga kо‘ra esa, olimlarning kо‘pchiligi bu yerda odam 30 - 25 ming yillar muqaddam paydo bо‘lgan degan fikrga kelganlar. Atoqli antropolog L. Liki Amerikaga dastlab osiyoliklar hatto 50 - 100 ming yillar ilgari kela boshlagan degan fikrni ta’kidlagan. Kо‘pchilik olimlar Janubiy Amerikaga esa odamlar dastlab 17-11 ming yillar ilgari kelgan degan fikrni quvvatlashadi. Mahalliy amerikaliklarning ajdodlari butun qit’ada Shimoliy Alyaskadan janubdagi Olovli Yergacha osiyoliklar ekanligini arxeologik dalillardan tashqari antropologiya tuzilishlari ham tasdiqlaydi. Ularning hammasi mongoloid irqiga mansub bо‘lib, badanining kam tukliligi, qora kо‘zliligi, keng yalpoq yuzliligi va yonoq suyagining chiqqanligi bilan umumiy о‘ziga xos tipni paydo qilgan. Ammo hindular osiyo mongoloidlaridan baland bо‘yligi, epikantus (kо‘z qiyachig‘i) ning kamligi va uzunchoqroq yuzi bilan ajralib turadi. Ular balki, ayrim olimlarning fikricha, о‘zlarining osiyolik ajdodlarining antropologik tuzilishini saqlab qolgan. Hindulardan Shimoliy Amerika va Grenlandiyaga tarqalgan aleut-eskimoslar ancha ajralib turadi. Ularda mongoloid belgilari juda kuchli va hozirgi shimoli-sharqiy osiyoliklarga ancha yaqin. Demak, aleut-eskimoslar Amerikaga kelgan aholining eng oxirgi oqimi bilan bog‘liq. Qolgan barcha hindular necha asrlar va hatto ming yillar davomida asta-sekin shimoldan janubga va keyin qit’aning ichki hududiga tarqalgan. hamda turli elat va xalqlarning shakllanishig aasos bо‘lgan. (Qarang: Ahmadjon Ashirov. EtnologiY. T.: YANGI NASHR. 2014 yil.426-bet)
Osiyo qit’asidan Amerika qit’asiga kо‘chib о‘tgan oxirgi odamlar oqimi eskimoslar hisoblanadi.
Tub amerikaliklarning ajdodlari butun qit’ada Shimoliy Alyaskadan janubdagi Olovli Yergacha osiyoliklar ekanligini arxeologik dalillardan tashqari antropologiya tuzilishlari ham tasdiqlaydi. Ularning barchasi mongoloid irqiga oid bо‘lib, badanini kam tukliligi, qora kо‘zliligi, keng yalpoq yuzliligi va yonoq suyagining chiqqanligi bilan umumiy о‘ziga xos tipni paydo qilgan. Ammo hindilar osiyo mongoloidlaridan baland bо‘yligi, burgutsimon burni, epikantus (kо‘z qisiqligi)ning kamligi va uzunchoqroq yuzi bilan ajralib turadi.
Demak, Alyaskada qadim davrlardan eskimoslar yashaganlar. Ular о‘zlarini inuit (“odamlar”) deb ataydilar. Aslida “eskimos” sо‘zi algonkin tilida “xom gо‘sht yeydiganlar”, degan ma’noni anglatadi. Chunki, qadimiy davrlarda singa (lavsha - milk)kasalligidan saklanish uchun xom gо‘sht iste’mol qilingan. Ular azaldan tyulen, kit, morj, qutb ayig‘i va shimol tulkisini ovlaganlar. Ovchilik tufayli barcha zarur buyumlarga eaglik qilganlar. Ov tufayli qо‘lga kiritilgan jonivorlarning gо‘sht va yog‘ini taomga ishlatishgan, terilaridan kiyim tikishib, uy-rо‘zg‘or ishlarida foydalanishgan.
Arktikada о‘rmonlar yо‘q bо‘lganligi tufayli eskimoslar qishda zо‘r mahorat bilan muzdan uy tiklaganlar. Tyulen va morj yog‘i bilan Iglu deb atalgan muz uylar yoritish va isitishda foydalanishgan, tyulen terisidan tо‘shak sifatida foydalanishib, devorlarga osib qо‘yishgan, Shuningdek, terilaridan baydarka tipidagi kichik qayiq (kayak) va katta kema (umiak), yasashda foydalanishgan. Suyaklaridan esa, uy qurishda, mehnat qurollari, uzun ipga bog‘langan yog‘och sopli sanchqi, о‘q-yoy, turli xildagi tuzoqlar va qarmoqlar yasashda foydalanganlar. Ba’zan qurol yasashda qо‘shni janubi hindu qabilalaridan almashib olgan mis ham ishlatilgan.
Og‘ir sharoit eskimoslarning dinlarida ham о‘z aksini topgan. Tabiat kuchlari va hodisalarga, turli arvohlarga va „dengiz xо‘jayini"ga sig‘inishib, sehrgarlik (magiya) va shomonizm kabi ibtidoiy dinlarni yaratishib ularga e’tiqod qilganlar. Natijada, ularda shomoniylik ibodati va turli mifologik tasavvurlar rivoj topgan. (Qarang: Iso Jabborov. Jahon etnologiyasi asoslari. T.:О‘qituvchi. 2008 yil.262-bet.)
Yevropalik istilochilar kelguniga qadar amerika qit’asidagi dehqonchilik madaniyatini yaratgan xalqlar atsteklar, mayalar va inklar hisoblanadi. Ular Janubiy Meksika, Markaziy Amerika va And tog‘larida istiqomat qilganlar.
“Buyuk pueblo» davrida qurilish texnikasi yana ham yuksak darajaga kо‘tariladi. Hindular bu davrda kо‘p qavatli va kо‘pxonali ming va undan ham kо‘p kishi sig‘adigan katta uy (asli shahar) lar tiklaganlar. Bunday bir uydan tashkil topgan shaharlar qumtosh yoki tik qoyalarda, daryolarning katta daralarida paydo bо‘lgan. Ular asosan Kolorado va San- Xuan daryolarining daralarida qurilgan. Ba’zan tabiiy g‘orlardan ham foydalanilgan.
Oilalar kо‘paygan sayin xonaga xona qо‘shilib ari uyasidek shahar kattayib boravergan. Bunga Kolorado darasidagi 200 xonalik va 36 ibodatxona (kiva)lik “qoya kо‘shki” (XI asr) xarobalari va hozirgacha saklanib qolgan Chaka darasidagi (XII asrga oid) devor bilan о‘ralgan 650 hujrali va markazida 20 ibodatxonasi bor hovli-qasr ham misol bо‘ladi. Ammo, XII asrga kelib, hindular о‘zlarining qoya uy-qasrlarini tashlab tekis adirlarga kо‘chib, hovli-qishloqlarini tiklay boshlaganlar.
Hindu qabilalarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ham turli darajada bо‘lgan. Ularning kо‘pchiligi mustamlaka arafasida ibtidoiy jamiyat tuzumining turli pog‘onasida hayot kechirganlar. Qit’aning janubi-sharqiy va g‘arbiy qismida istiqomat qiluvchi qabilalarning ayrimlari sinfiy jamiyatga о‘tish darajasida bо‘lganlar.
XV asr oxirlaridan Shimoliy Amerikada oqtanli yevropaliklar (asosan, Fransiya, Ispaniya, Gollandiya va Angliyadan) kelishi bilan mustamlaka davri boshlanadi. XVIII asr boshlarida esa qit’aga kо‘plab negrlar keltirilishi bilan Shimoliy Amerikaning etnik qiyofasi tubdan о‘zgara boshlaydi. (Qarang: Severoamerikanskiye indeysi. .: izd. „Progress". 1978. 15-bst.)
Yevropa istilochilari mahalliy xalqlar (hindular)ni bо‘ysundirib-gina qolmay, ancha qismini qirib tashlaganlar, kо‘p qabilalar Yevropaliklar keltirgan turli kasalliklar tufayli juda kamayib ketganlar. Faqatgina yuqori taraqqiyot darajasiga erishgan ayrim etnik birliklar, masalan, kechua, aymara, guarani kabi qabilalar о‘ziga xos madaniyatlari va etnik hududini qisman saqlab qola olganlar.
Amerika qit’asi aholisning antropologik xususiyatlariga e’tibor bilan qaralsa, ular ham turlicha ekanligini kо‘rishimiz mumkin. Masalan, anglo va franko-kanadaliklar, asosan, yevropoidlar hisoblansa, Urugvay, Argentina va Kosta-Rika va boshqa ayrim hududlarda istiqomat qiluvchi xalqlar, masalan, meksikaliklar, gvatemala, salvador, gonduras, nikaragua, panama, paragvay, chili, peru, ekvador, boliviyaliklar Yevropaliklar bilan hindilar aralashuvidan tashkil topgan metislar hisoblanadi. Puertoriko, kubaliklar, oq tanli, qora tanli va mulatlardan paydo bо‘lgan qurama etnoslar sanaladi.
Braziliya, Venesuela va Kolumbiya xalqlarining irqiy tuzilishida yevropoid, negroid va hindilar ishtirok qilgan bо‘lib, bu jarayon hali ham davom etmoqda. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, amerikaning tub aholisi hisoblangan hindilarning о‘zlari katta mongoloid irqining maxsus turkumiga oiddir. Ular asl mо‘g‘ullardan baland bо‘yi va burgutsimon uzunroq burni bilan farq qiladilar, eskimoslarda mongoloid belgilari kо‘zga yaqqolroq tashlanadi.
Badiiy adabiyotda, ayniqsa, F.Kuper asarlarida, hindilarni “qizil-tanlilar” deb ham ataydilar.
Amerika tub aholisining tillari о‘ziga xos xususiyatlarga ega va grammatik tuzilishi jihatdan boshqa qit’a xalqlarining tillaridan farq qiladi. Amerika tub joy aholisining tillari kam о‘rganilgan. Ammo ular juda kо‘p mayda til guruhlariga bо‘linib ketgan. Olimlarning aniqlashiga qaraganda, bu yerda hindilarning taxminan ikki mingdan ortiq tillari mavjud bо‘lib, ularni 110 ta til oilasiga bо‘lish mumkin. О‘z navbatida mazkur tillar oilasi beshta eng yirik til guruhlariga biriktirilgan: makrokarib, makroaravak, makrokechua, makromayya va bask-dene.
Kо‘pchilik olimlar qabul qilgan turkumlash (klassifikatsiya)ga kо‘ra esa, tub aholida 20 ga yaqin til tiplari mavjud. Shulardan eng yiriklari Shimoliy Amerikadagi eskimos-aleut, algonkino-vakash, na-dene, siu-xokao, Markaziy va Janubiy Amerikadagi yuto-tano-atstek, Mayya-soke, chibcha, kechua, aymara, karib, aravak, tupi-guarani, chon til oilalariga mansubdir. Mazkur tillardan tashqari har xil mayda til turkumlari va shevalari ham mavjud bо‘lgan. Mayya, kechua, aymara, atstek kabi tillarda sо‘zlashadigan xalqlar qadimdan yuksak madaniyat yaratishib, hatto о‘z yozuviga ham ega bо‘lishgan.
Amerikaning tub joy aholisi ba’zi umumiy belgilariga qarab odatda uch katta guruhga: shimoliy amerikalik, markaziy amerikalik va janubiy amerikaliklarga bо‘linadilar. Ular о‘zaro faqat bо‘yi va badan terisining rangi bilan farqlanadilar. Shimoliy Amerika hindilari bо‘yining balandligi, kо‘zining tо‘g‘ri qiyig‘i va burgutsimon burni bilan ajralib turadi. Markaziy va janubiy amerikalik hindilar eng qadimiy irqiy belgilarini saqlab qolganlar, odatda ular past bо‘yli, ochiq jigarrang badanga ega.
Badiiy adabiyotda, ayniqsa, F.Kuper asarlarida, hindilarni “qizil-tanlilar” deb ham ataydilar. Amerika tub joy aholisining tillari kam о‘rganilgan. Ammo ular juda kо‘p mayda til guruhlariga bо‘linib ketgan. Olimlarning aniqlashiga qaraganda, bu yerda hindilarning taxminan ikki mingdan ortiq tillari mavjud bо‘lib, ularni 110 ta til oilasiga bо‘lish mumkin. о‘z navbatida mazkur tillar oilasi beshta eng yirik til guruhlariga biriktirilgan; makrokarib, makroaravak, makrokechua, makromayya va bask- dene. Balki bu klassifikatsiya hindilarning kо‘chib kelish jarayonini, ya’ni migratsi-on tо‘lqinni aks ettirishi ham mumkin. Bulardan tashqari о‘ziga xos xususiyatga ega bо‘lgan yana uchta til turkumiga biriktirilgan tarqoq qabila-lar borki, ular Janubiy Amerikada joylashgan bо‘lib, eng dastlabki migratsiya bilan bog‘liqdir.
Sо‘nggi davrlargacha kо‘pchilik qabul qilgan klassifikatsiya asosida mahalliy tillar 20 ga yaqin til oilalariga biriktirilgan.
Hozirgi davrda hindi tillarining asosiy qismi ayrim mamlakatlar-ning davlat tillari tomonidan siqib chiqarilgan yoki siqib chiqarish arafasida. Faqat eng yirik til oilalari — kechua, aymara, mayya va ularga yaqin tillar о‘z mavqeini saqlab qolganlar. Bu tillarda Peru va Boliviyada hatto maktablar va adabiyot mavjuddir. 1975-yil 27-iyunda birinchi marta Amerika qit’asida Peru hokimiyati kechua tilini davlat tili deb e’lon qildi. Paragvayda ispan tilini yengib о‘tib, mavqeini tiklagan guarani tilida adabiyot va matbuot mavjud bо‘lib, radioeshittirishlar tayyorlanadi.
Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, qisqa muddat ichida XVI asrning birinchi yarmi davomida 15 million hindilar qirib tashlangan. Vaholanki, mustamlakachilar kelish arafasida Yangi Dunyoda tub aholi, ya’ni hindular soni 90-100 million kishiga yetgan. Agar hozirgi AQSH hududida avvallari 400 qabiladan iborat 2-3 millionga yaqin hindilar yashagan bо‘lsa, XX asr boshlariga kelib Amerika Qо‘shma Shtatlarida 200 mingga yaqin hindilar qolgan, xolos.
XVI asrning oxirlarida portugaliyaliklar qul “ovlash” niyatida Janubiy Amerikaning ichki qismiga yurishlar о‘tkazib, bir necha ming hindilarning yostig‘ini quritganlar. Shu davrdan boshlab Amerika, Yevropa tarixida eng fojiali va dahshatli sahifalar boshlandi. Boy plantatorlar qirilgan hindilar о‘rniga ishchi kuchiga muhtoj bо‘lib qо‘shimcha qul olib kelishga majbur bо‘ladilar. XVI asrning birinchi choragidayoq Vest-Indiya va Braziliyaga Afrikadan zо‘rlab minglab negrlarni keltira boshlaydilar. О‘sha davrda Afrika negrlariga chinakam ov boshlangan va bu jarayon to XIX asr boshlarigacha davom etgan. Afrikadan keltirilgan qullarning umumiy soni haligacha ma’lum emas. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, faqat Braziliyaning о‘ziga Afrikaning G‘arbiy qismidan 10 millionga yaqin negr keltirilgan.
Shimoliy amerikaning tub aholisi. Sо‘nggi chorak asr davomida tо‘plangan arxeologik ma’lumotlar Shimoliy Amerika hududida ketma-ket izchil almashib, taraqqiy qilib kelgan hindilar jamiyatining taxminan о‘n bir ming yillik tarixini aniqlab olish imkonini yaratdi. Arxeologlar qit’ada ikkita eng qadimiy paleohindi madaniy an’analarini aniqlaganlar:
1.Markaziy dasht mintaqada joylashgan yirik qush ovchilari madaniyati. 2.Shimoli-g‘arbiy Tinch okeani ovchi-terimchilari kordiler madaniyati.
Bu madaniyatlar miloddan avvalgi VIII ming yillikkacha davom qilib kelgan va butun qit’aga tarqalgan turli lokal madaniyatlarning negizini hosil qilgan.
Ayniqsa, hindular tarixi qit’aning sharqiy qismi va janubi-g‘arbida Shimoliy Amerikaning о‘rmon zonasida (hozirgi Arizona va Nyu-Meksiko shtatlarida) jiddiy о‘rganilgan.
Hozirgi tarixiy va etnografik manbalarga kirgan yuksak darajadagi madaniyatli Shimoliy Amerika hindi qabilalarining shakllanish markazi bо‘lgan va ularning keyingi taraqqiyotiga zо‘r ta’sir kо‘rsatgan. Sharqiy о‘rmon zonasida yashagan hindilarning tarixiga oid uchta davr aniqlangan. Bu birinchidan, mо‘tadil iqlimli о‘rmon va suv havzalari mahsulotlarini ovlab, yig‘ib-terib о‘zlashtirish xо‘jaligiga ega bо‘lgan arxaik davr (miloddan avvalgi VIII-I ming yilliklar), shu zaminda paydo bо‘lgan ikkinchi madaniyat janubiy Kanadadan to Meksika bо‘g‘ozigacha, Atlantikadan to Amerika dashtlarigacha katta hududga tarqalgan vudlend madaniyati ilgarigi madaniy an’anani davom qildirib, qо‘shimcha dehqonchilik va kulolchilik bilan ajralib turadi (eramizning VII asrlariga kelib, ayniqsa, Ogoyo daryosining vohasida, bu madaniyat nihoyatda gullaydi va dasht hududlarda X asrgacha, shimoli-sharqiy qismida Yevropaliklar kelguncha saqlangan).
VII asrning oxirlaridan boshlab madaniyat markazi asta-sekin Missisipi daryosining о‘rta va pastki oqimi vodiylariga va Meksika bо‘g‘ozi sohillariga kо‘cha boshlaydi. Missisipi madaniyati deb atalgan bu davr (VII-XV asrlar) ilgarigi madaniy yutuqlarni о‘zida mujassamlashtirgan о‘troq dehqonchilik xо‘jaligi, qal’ali shahar va qо‘rg‘onlar, ibodat va saroy tipidagi inshootlar bilan ajralib turadi. Vudlend madaniyatidan missisipiliklar о‘zining sopol mahsulotlaridagi yangi shakldagi naqshlar, yog‘och, tosh va chig‘anoqlardagi yuksak badiiy о‘ymakorlik va naqqoshlik san’ati, metall buyumlar yasash mahorati bilan ham farq qilganlar.
Arxeologik tadqiqotlarga qaraganda, Shimoliy Amerikada dehqonchilik dastavval miloddan avvalgi III ming yillikda janubi-g‘arbiy hududlarda paydo bо‘lgan. Shu asosda arxeologlar “kochiz”, “mogolon”, “xoxokam” va “anasazi”, deb atalgan hindi madaniyatlarini bir-biridan farqlaydilar.
Eng birinchi dehqonchilik madaniyatini Shimoliy Amerikada kochizliklar yaratgan bо‘lib, ular dastlab makkajо‘xori, keyinroq qovoq va lobiyo ekkanlar. Kochizliklar yovvoyi о‘simliklar yig‘ish va ovchilik bilan ham shug‘ul-langanlar, g‘orlarda yashaganlar.
I ming yillikka kelib, kochiz madaniyati asosida, yertо‘lalar va tо‘rtburchak doirasimon uylardan iborat qishloqlarga ega bо‘lgan mogolon (miloddan avvalgi III asr – milodning XV asrlari) madaniyati paydo bо‘lgan. Arizonaning janubi- g‘arbiy qirg‘oq hududlarida takomillashgan sug‘orishga asoslangan dehqonchilik tizimi yaratilgan, о‘ndan ortiq makka jо‘xori turlari, paxta, qovoq, lobiyo, tamaki, qalampir yetishtirgan xoxokam madaniyati (I-XVI asrlar) yana ham yuqori darajaga kо‘tarilgan.
Ular loy va toshdan qurilgan katta (jamoa) uylardan tashkil topgan yaxlit qishloqlarda istiqomat qilganlar. Ispanlar mazkur qishloqlarni “pueblo” (qishloq) deb ataganlar.
Zо‘r mahorat bilan yasalgan badiiy sopol buyumlar va haykalchalar yasash, paxtadan ip qilishib, gazlamalar tо‘qish san’ati Markaziy Amerika hindilarining yuksak madaniyatga erishganligidan dalolat beradi.
XIV asrga kelib birdaniga bu madaniyat vakillari butunlay yо‘qolib, faqat bо‘m-bо‘sh pueblo uylari va toshdan ishlangan kо‘p tarmoqli sug‘orish inshootlarini qolgan.
Xoxokam va mogolon madaniyatidan 300-700 yillar keyin paydo bо‘lgan anasazi nomli rivojlangan dehqonchilik madaniyati ancha takomil-lashgan va qо‘shni elatlarga zо‘r ta’sir о‘tkazgan. Mazkur madaniyat izlari hozirgi AQShning Arizona, Nyu-Meksika, Yuta va Kolorado shtatlarida va qо‘shni vohalardan topilgan.
Anasazi madaniyatining о‘zi ikki davrga: «rivojlangan pueblo» (milodning VII-X asrlari) va “buyuk pueblo” (X-XIII asrlar) madaniyatlariga bо‘lingan. Birinchi davr hindilari makka, qovoq, loviyo, paxta ekkanlar, ilgarigi savat idishlari о‘rniga geometrik ornamentli sopol idishlar yaratganlar, kо‘pxonalik (6-14 hujayrali) toshdan va xomg‘ishtdan katta uylar tiklaganlar.
“Buyuk pueblo” davrida esa, qurilish texnikasi ancha yuksalgan. Hindular “buyuk pueblo” davrida kо‘p qavatli va kо‘pxonali ming va undan ham kо‘proq kishi sig‘adigan katta uy – yaxlit qishloq(asli shahar)lar tiklaganlar. Bunday bir uydan tashkil topgan shaharlar qumtosh yoki tik qoyalarda, daryolarning katta daralarida paydo bо‘lgan. Ular asosan, Kolorado va San-Xuan daryolarining daralarida qurilgan. Ba’zan tabiiy g‘orlardan ham foydalanishgan. Oilalar kо‘paygan sayin xonaga xona qо‘shilib ari uyasidek shahar kengayib boravergan. Bunga Kolorado darasidagi 200 xonalik va 36 ibodatxona (kiva)lik “qoya kо‘shki” (XI asr) xarobalari va hozirgacha saqlanib qolgan Chaka darasidagi (XII asrga oid) devor bilan о‘ralgan 650 hujrali va markazida 20 ibodatxonasi bor hovli-qasr ham misol bо‘ladi. Ammo XII asrga kelib, hindilar о‘zlarining qoya uy-qasrlarini tashlab tekis adirlarga kо‘chib, hovli-qishloqlarini tiklay boshlaganlar. (Qarang: Jabborov I. Jahon xalqlari etnografiyasi.T.: О‘qituvchi. 1985. 179-bet)
Demak, Shimoliy Amerikaning tub aholisi qit’a kashf etilishidan va mustamlaka qilinishdan oldin uzoq va murakkab yuksak madaniyat yarata olganligi isbotlangan. Mustamlaka arafasida, ya’ni XV asr oxirlarida Shimoliy Amerikaning hindi aholisi taxminan 9-10 million kishiga yetgan va juda kо‘p turli tildagi qabila va elatlardan iborat bо‘lgan .
Yevropaliklarning qit’ani istilo qilishi arafasida birgina hozirgi AQSH hududida 400 ga yaqin hindi qabilalari yashagan. Ular 200ga yaqin tilda gapiradigan 2- 3 millionlik turli elat va qabilalar bо‘lib, о‘zlarining mustaqil bо‘lib qolishlari uchun kurash olib borganlar. Albatta ularning mustaqillik uchun olib borgan kurashlari ayovsiz ravshda bostirilgan. Oqibatda minglab hindilar qirilgan, serunum yerlaridan haydalgan, qulga aylantirilgan.
Shimoli-G‘arbiy sohil hindilari. Shimolda Beringov bо‘g‘ozidan janubdagi Xuande-Fuka bо‘g‘ozigachaTinch okeani sohillarida kо‘p asrlar davomida о‘ziga xos hindilarning baliqchilik va ovchilik madaniyati shakllanib kelgan. Bu yerda, asosan, tlinkitlar, kvakuitli, xayda, kaluza hindu qabilalari istiqomat qilganlar. Ular asosan ovchilik bilan shug‘ullanganlar va suv jonivorlarini tosh, suyak, yog‘ochdan va uning tolalaridan yasalgan har xil qarmoq, sanchqi, nayza, tо‘r, savatlar bilan turli tо‘g‘onlar qurib ovlaganlar. Metalldan faqat misni bilganlar, undan ba’zi qurollar va bezaklar yasaganlar, pul о‘rnida ishlatganlar. Ovqatni yog‘och idishlarda о‘tda qizdirilgan tosh solib pishirganlar.
Hindilarda tо‘quv dastgohi bо‘lgan. Ular yovvoyi qо‘y va echkilarning junidan ip tayyorlab, plash tо‘qiganlar, kо‘ylak tikkanlar, о‘simlik tolalaridan matolarni tо‘qiganlar, teridan ham pо‘stin tikkanlar. Yog‘ochdan naqsh berilgan sovut yasaganlar, kedr daraxti tolasidan keng etakli shlapalar tо‘qiganlar.
Xо‘jalik va savdoning rivojlanishi natijasida mehnat taqsimoti ham paydo bо‘lgan: kema yasash, kiyim tikish, uy-rо‘zg‘or va boshqa buyumlar ishlab chiqarish kasb hisoblangan. 15-20 metr balandlikka ega totem ustunlarini yog‘ochdan yasashib, о‘yma naqshlar bilan bezaganlar. Yog‘ochdan uylar tiklaganlar. Uylari oynasiz, tuynukli va kichkina eshikli uzunasiga katta jamoa oilasiga mо‘ljallanib tosh qurollar bilan yо‘nilgan yog‘ochlardan qurilgan.
XVIII asr oxirlariga kelib, ona urug‘i о‘rniga ota urug‘i tashkil topa boshlaydi. Patriarxal tipidagi katta oila jamoasi dual xarakterga ega bо‘lib xususiy mulkka tayangan. Patriarxal nikoh tartiblari bilan birga, turli ona urug‘i tartiblari ham saqlanib qolgan. Ammo urug‘ hisobi va meros ota urug‘iga о‘tgan.
Amerikaning tub joy aholisi qabila-qabila bо‘lib yashaganlar va о‘zlarining qabilalarini qushlar, hayvonlar, tog‘, soy, daryo va tabiatning о‘zlarini hayratda qoldiradigan hodisalari nomi bilan ataganlar. Qabila a’zolari orasidagi oilaviy munosabatlar ekzogam (о‘z qabilasidagi, urug‘idagi kishiga uylanish yoki erga tegishni man qiluvchi urf-odat)nikohi bilan belgilangan. Matrilokal tipidagi katta oila (10-40 kishidan iborat) bir xо‘jalik iqtisodiy hujayra sifatida о‘z totem nomiga ega bо‘lgan uyda yashaganlar. Masalan, Ayiq nomli urug‘ga tegishli oila har qishloqda shu nom bilan uy tikishgan. Urug‘ning muayyan hududga ega ekanligi rivoyatlar bilan tasdiqlashgan. Asosiy diniy tasavvurlar totemizm bilan bog‘liq bо‘lganligi tufayli totem timsollaridan tashqari har xil diniy marosim va bayramlar о‘tkazilgan. Ularni о‘tkazishda shomon va urug‘ boshliqlari boshchilik qilganlar.
Shimoli-g‘arbiy sohil hindilarining hayotida potlach («о‘yinchoq») nomli murakkab marosim muhim rol о‘ynagan. Asli katta bazm sifatida bir necha kun, ba’zan oylab о‘tkaziladigan potlach marosimida boy jamoa a’zolari va urug‘ boshliqlari о‘z boyliklarini tarqatib berganlar, hatto qullarini qurbon qilganlar. О‘z navbatida jamoa a’zolari ham bazm egasiga katta sovg‘alar qilishlari shart bо‘lgan. Umuman urug‘ boshliqlariga urug‘doshlari tomonidan har xil sovg‘alar berib turish majburiy odat tusiga aylangan. Potlach marosimida sarflangan xarajat va tarqatilgan boylik о‘rni sovg‘alar orqali yana tо‘ldirilgan. Kim bazm va bayramni zо‘r о‘tkazsa, juda katta hurmatga sazovor bо‘lgan. Aslida potlach marosimi, bir tomondan urug‘ jamoasining mustahkamligiga yordam bergan bо‘lsa, ikkinchi tomondan, ayrim oilalarning boshqalarga nisbatan ancha ustunligini kо‘z-kо‘z qilishga xizmat qilgan.
Alyaskaning ichki rayonlari va Kanadaning tayga qismida algankin va atapasktsh oilalariga mansub ovchi, baliqchi va terimchi qabilalar yashaganlar. Ular asosan yovvoyi bug‘u (karibu), los, ayiq, yovvoyi qо‘y va buqa (bizon), tyulen, kit va boshqa о‘rmon ham dengiz hayvonlarini ov qilganlar.. Jonivorlarni ovlashda asosan suyak yoki tosh uchli о‘q- yoy, nayza, pichoq, palaxmon, turli tuzoq, qopqon va tо‘rlardan foydalanganlar.
Kо‘chmanchilik turmush tarziga moslashgan ovchi hindular konus shaklida, о‘rtasida tuynukli teri va yog‘och qobig‘i bilan qoplangan, kо‘chishga qulay chaylalarda yashaganlar. Ayrim atapask (264) qabilalari qishda yertо‘lalarda istiqomat qilganlar. Ishlab chiqarish qurollari va uy- rо‘zg‘or buyumlariga ham naqsh berilgan. Erkak va ayollar asosan bir xilda — yengi uzun kо‘ylaklar kiyganlar, qishda kapyushonli pо‘stin yopinganlar. Shimolning о‘rmon hindulari urug‘chilik munosabatlarini saqlab, jamoa bо‘lib yashaganlar va ov qilganlar.
XVII asrning 30- yillaridan boshlab missionerchilikning kuchayishi bu munosabatlami yana ham mustahkamladi. Mahalliy atapask, kri qabilalari bilan kelgindi kanadalik fransuzlar va shotlandliklar orasidagi nikohlar natijasida bir-ikki asr ichida yangi guruh metislar ham paydo bо‘la boshlaydi.
Shimoliy о‘rmon ovchi qabilalarida ibtidoiy din shakllari – totemizm, shomonizm, sehrgarlik, arvohlarga sig‘inish keng tarqalgan. Ular homiy arvohlar kishilarga “kuch-quvvat”, kasalliklarni davolashga, ov qilishga yordam beradi, deb ishonganlar. Ular homiy arvohlar kishilarga „kuch-quvvat", kasalliklarni davolashga, ov qilishga yordam beradi, deb ishonganlar. Algankin qabilalarda odamsimon xudolar va odamxо‘r Vindigo nomli bahaybat maxluq tо‘g‘risida tasavvurlar, murakkab marosimlar, ayiqqa sig‘inish e’tiqodi muhim о‘rinni egallagan. Atapask qabilalarida hindi va nasroniy diniy tasavvurlari, odat va odob qoidalari aralashmasidan tashkil topgan yangi diniy harakatlar ham paydo bо‘la boshlagan. (Qarang: Severoamsrikanskiye indeysg M.: izd. „Progress" 1978. 396-bet.) (266)
Vohalardagi va tog‘ etaklaridagi hindilar yirik qishloqlarda joylashgan bо‘lib, ancha rivojlangan ijtimoiy va siyosiy tuzumga, murakkab diniy tizimga ega bо‘lganlar. Totemizm va shomonizm keng tarqalgan. Shomoniylik chuqur о‘ylanilgan marosimlar va davolash usullariga ega bо‘lgan. Har qishloqda maxfiy jamiyatlar mavjud bо‘lib, ommaviy marosimlar (har xil о‘yinlar, tantanalar, bezakli kiyimlar bilan) namoyish qilingan. Ibodat marosimlarida ijro etiladigan о‘yinlarda har kim о‘z boyligini kо‘rsatishi mumkin bо‘lgan. Janubiy Kaliforniya qabilalarida о‘spirinlarni urug‘ a’zoligiga о‘tkazish va boshqa diniy marosimlarda kayf yoki qayt qiladigan о‘tlarni iste’mol qilish odat bо‘lgan.
Yevropalik istilochilar XVIII asr о‘rtalaridan о‘z ta’sirlarini kuchaytiradilar. Ular dastlab sohilga yaqin vodiylarda missionerlik makonlarini о‘rnatganlar, hindilar bilan aloqani mustahkamlab, о‘z makonlariga jalb qilib nasroniylashtira boshlaganlar. Mazkur aloqalar hindilarning turmush tarzini yemirib, og‘ir kasalliklarning tarqalishiga sabab bо‘lgan. Ayniqsa, yuqumli kasalliklar minglab hindilarning yostig‘ini quritgan.
Irokezlar hayoti va madaniyatini tadqiq etgan mashhur Amerika tadqiqotchisi L. Morganning fikriga kо‘ra, mazkur qabilaning turmush tarzi, ijtimoiy tuzumi matriarxat urug‘ining klassik namunasi hisoblangan.
Irokezlar Shimoliy Amerikaning sharqiy qismida keyin paydo bо‘lsa-da, arxeologlarning aytishicha, bu yerda madaniyat besh ming yillar muqaddam tashkil topgan. Irokezlarning etnogenezi eramizdan avvalgi 1 ming yillikda shakllana boshlagan vudlend madaniyati bilan bog‘liq ekanligi aniqlangan.
Mahalliy hindilar qadimdan mayda daraxtli о‘rmon va tо‘qayzor-larni kuydirib, dehqonchilik qilib kelganlar. Ular qirqilgan daraxtlarni quritib yoqqanlar, chopqida, yog‘ochdan yasalgan bel yoki yо‘nilgan uchli yog‘och bilan yerni kavlab, ishlov berib kul aralash tuproqqa urug‘ sepganlar. Irokezlarning asosiy ekinlari – mais (makkajо‘xori), loviyo va qovoq bо‘lgan va bu ekinlarni “Uch opa-singil” deb nomlashib, ularga sig‘inganlar. Uy oldi tomorqada tamaki, tarvuz, nо‘xot, kungaboqar, yer noki va boshqa ekinlarni ham ekishgan. Ammo makkajо‘xorining har xil turlari irokezlarni zarur oziq-ovqat bilan ta’min qilib, hatto qо‘shimcha mahsulot yetkazib bergan. Makkaga gо‘sht qо‘shib, sopol idishlarda turli taomlar tayyorlaganlar. Zarang daraxti sharbatidan bahor faslida qand pishirganlar. Dehqonchilikda yerni chopib, ishlov berish va ov qilish erkaklarning ishi bо‘lib, boshqa barcha xо‘jalik ishlari ayollar zimmasida bо‘lgan.
Dehqonchilik va ovchilikda chopqi, toshbolta, mis tig‘li pichoq, nayza va о‘q-yoy, chо‘qmor tayoq (tosh о‘rnatilgan maxsus qurol tomagavk) va palaxmon, daraxt qobig‘idan yasalgan kema, sanchqi, tо‘r va savatlardan foydalanishgan. Teriga ishlov berish ancha rivojlangan, ayniqsa, bug‘u terisidan baxmal charm (zamsha) ishlab chiqarish juda rivojlangan. Zamshadan, qunduz va suvsar terisidan erkaklar kiyimi - zamsh plash va yubka tikishgan. Oyog‘iga mokassin (maxsi), tо‘pig‘i va beliga getra, uzun yubka va kо‘ylak kiyganlar, plash yopinganlar va turli bezaklar taqqanlar.
Irokez qabilalarining jamoa uylari bir necha oilaga mо‘ljallangan tо‘g‘ri burchakli yog‘ochdan tiklanib daraxt qobig‘i bilan yopilgan. L.Morgan ta’rificha, bu “uzun uylar” 6-8 metr kenglikda, ichki tomoni dahliz bilan ikkiga bо‘lingan, devor bо‘ylab uzunasiga yarim metr kо‘tarilgan yog‘och supalarda eni 4 metr keladigan «xonalar» har bir oilaga ajratib qurilgan. Ba’zan bunday uylarda butun bir urug‘ yashagan. Uylangan yangi kelin- kuyovlarga shu uy yoniga chо‘zib yangi xona qо‘shib qurilgan. Dahliz о‘rtasida tо‘rt oilaga mо‘ljallangan bir necha о‘choq о‘rnatilgan. Qozon mehmondor-chilik belgisi hisoblangan.
Har qishloqda mazkur “uzun uylar” soni 10-30 tagacha yetgan. Ayrim algonkin qabilalarining uylari egilgan maxsus daraxt shoxlaridan gumbaz yoki tо‘rtburchak shaklida tiklanib, yog‘och qobig‘i yoki chipta bilan yopilgan. Qishloqlarda 500 dan to 1000 gacha kishilar yashagan.
Irokezlarning ijtimoiy tuzumi urug‘chilikdan iborat bо‘lib, bir necha qon-qarindosh oilalar bir ayol boshchiligidagi jamoa (ovachir)ni tashkil qilgan. Ovachir dastlab umumiy xо‘jalikka ega bо‘lgan matriarxat urug‘i hisoblangan. Nikoh ekzogam (о‘z oilasi yoki urug‘idagi kishiga turmushga chiqmaslik yoki uylanmaslik) tartibda bо‘lganligi tufayli kuyov xotini bola tuqquncha о‘z urug‘idan ajralgan holda xotini xonadonida yashagan va xotini oldiga faqat qorong‘i kechasi borgan. Meros ham ayol urug‘iga о‘tgan. Qabilalar urug‘larga bо‘linib, fratrial (qarindoshlik) tartibi о‘rnatilgan.
Hindi qabilalarining jipsligi irokezlarning 1570-yilda paydo bо‘lgan mashhur «Beshta qabila ittifoqi» yoki “Irokezlar ligasi”da о‘z ifodasini topgan edi. Bunga eng kuchli qabilalardan beshtasi — Mogauk (Chaqmoqtosh), Oneyda (Xarsangtosh), Onondaga (Tog‘liklar), Kayyuga (Sohilliklar) va Seneka (Buyuk tepaliklar) birikkan. Ittifoq 50 urug‘ oqsoqol (saxem)laridan iborat maxsus umumiy kengashga ega bо‘lib, unda urush va tinchlik, qabilalararo munosabatlar kabi muhim masalalar hal qilingan. Harbiy ishlarni boshqarish uchun Kengash 2 ta lashkarboshi saylagan. Irokezlar ligasi eng kuchlisi hisoblangan.
XVIII asrga kelib unga Buyuk kо‘llar atrofidagi boshqa qabilalar ham bо‘ysungan. О‘z vaqtida mustamlakachilar ham Ittifoqning fikri bilan hisoblashishga majbur bо‘lganlar, va hatto, ular bilan diplomatik munosabatlar ham о‘rnatishgan.
AQShning mustaqillik uchun olib borgan urushidan keyin irokezlar qattiq mag‘lubiyatga uchrab о‘z ona yerlarini tashlab ketishga va asta-sekin mol qо‘rasidek о‘ralgan maxsus rezervatsyalarga kо‘chishga majbur bо‘ladilar. (Qarang: I.Jabborov. Kо‘rsatilgan asar 195-bet)
Urug‘- qabila munosabatlari yemirilib, monogam (bir nikohli) oila paydo bо‘ladi, bir vaqtlar dahshatli kuchga ega bо‘lgan irokezlar fuqarolik huquqlaridan mahrum holda kambag‘al fermer va ishchilarga aylanganlar. Shimoliy Amerikaning algonkin va musgok tillar oilasiga mansub qabilalarning ham taqdiri fojiali tugagan.
Mahalliy hindilarning dinlari ibtidoiy e’tiqodlar bilan bog‘liq bо‘lgan. Ular о‘rtasida totemizm, shomonizmdan tashqari tabiat kuchlari, о‘simlik dunyosi va jonivorlar bilan bog‘liq turli animistik tasavvurlar keng tarqalgan. Irokezlarda “Uch opa-singil” (mais, lobiyo va qovoq) ibodati kuchli bо‘lgan. Ular yilni uch davrga bо‘lib (ovchilik, yig‘im-terim va dehqonchilik faoliyati bilan bog‘liq), turli marosimlar о‘tkazganlar. Eng katta bayram marosimlari qishning о‘rtasida nishonlangan. Ular, ayniqsa, momaqaldiroq va quyoshga sig‘inganlar.
Seminola qabilalari sehrli buyumlardan iborat muqaddas tugunga itoat qilganlar va shunga bag‘ishlangan yilda bir marta bayramlar о‘tkazilgan. Chippeva qabilalarida о‘simlik va hayvonlarning arvohlari bilan yaqin aloqada bо‘lish mumkin, degan tasavvurlar keng tarqalgan. Ularning shomonlari duogо‘ylik yо‘li bilan yaxshi ovni ta’minlovchi irimlarni bajarganlar, turli о‘tlar bilan kasalliklarni davolaganlar. Xalq og‘zaki ijodi ancha rivojlangan. ertak va ashulalarda, tarixiy afsona va rivoyatlarda hindularning hayoti poetik tasvirlangan. Mashhur Amerikalik yozuvchisi G. Lonfelloning “Gayava tо‘g‘risida qо‘shiq” nomli qissasi irokezlarning boy ertaklariga asoslangan holda yozilgan asardir. Turli raqs va о‘yinlar, haykaltaroshlik totemistik obrazlarni tasvirlash xalq ijodining ajoyib namunalaridir.
Preriya (dasht) ovchi qabilalari. Uzoq davrlar Missisipi daryosi bо‘ylarida siu, algonkin, yuto-astek va atapask qabilalari istiqomat qilganlar. Mazkur qabilalar tillarining xilma-xilligiga qaramay, umumiy madaniy birlikka ega bо‘lganlar.
XVIII asr boshlarida Shimoliy Amerikaning Sharqiy qismida yashagan mustamlakachilar hindilarning sharqiy hududlardan g‘arbga — Missisipi orqasiga kо‘chirish rejasini tuzganlar va bu reja 1816-1850-yillarda amalga oshirilib, Amerika tarixida “hindilarni kо‘chirish” davri deb atalgan. Aslida hindilarni zо‘rlik bilan qabila boshliqlarini sotib olib va mast qilib turli nayranglar bilan shartnoma tuzib - «rasmiy-lashtirib» ona yerini tashlab, g‘arbiy dasht hududlarga joylashishga majbur qilganlar. Shartnoma tuzishga qarshi bо‘lgan qabilalarga qarshi «adolat urushini» e’lon qilib, qurol kuchi bilan haydab chiqarganlar. Ayniqsa, hozirgi Jorjiya, Merilend, Janubiy Karolina shtatlarining hindilarini kо‘chirish vahshiyona zо‘rlik bilan amalga oshirilgan. Krik, chokta, chikaso kabi qabilalarning “kо‘z yoshi yо‘li” deb atalgan kо‘chishi Amerika tarixining eng fojiali sahifalaridan bо‘lib, hindi xalqiga eng katta musibat keltirgan, yо‘lda ochlik, sovuq va zо‘rlikdan minglab kishilar qirilib ketishiga sabab bо‘lgan.
Dasht ovchi hindilarining ijtimoiy tuzumi matriarxatdan patriarxatga о‘tish davriga tо‘g‘ri keladi. XIX asrning oxirlarigacha kо‘p qabilalarda matrilokal joylanish va nikoh tartiblari saqlanib kelgan. Yevropaliklar bilan aloqalarning kuchayishi va yilqichilikning paydo bо‘lishi ijtimoiy munosabatlarning о‘zgarishiga jiddiy ta’sir kо‘rsatgan. Ijtimoiy tabaqalanish rivojlanib ota urug‘i hukmronligi kuchayadi. Ovchilikda muhim rol о‘ynagan ot boylik belgisi bо‘lib qolgan. Ma’naviy madaniyatida ancha о‘zgarishlar rо‘y bergan. Uy-rо‘zg‘or buyumlariga turli xil naqshlarni tushirish ancha rivojlangan. Piktografik rasmlar bilan yilda о‘tadigan muhim voqealarni tasvirlovchi solnomalar yozilib borilgan о‘ziga xos kalendarga ega bо‘lganlar. Piktografik yoki rasmli yozuv zamonaviy yozuvga olib boradigan bosqich hisoblangan. Rasmli yozuvning xususiyati shundaki, bunda fikr ayrim tushunchalarga ajratib emas, balki tо‘la ifodalandi. Piktogramma yozuvi og‘zaki tilni yoki buyumlarning nomlarini aks eetirmaydi, harakatni, voqe-hodisani tasvirlaydi. Boshqacha qilib aytganda, nimani tasvirlasa о‘shani ifodalaydi.
Piktogramma yozuvlari ov haqidagi ma’lumotlarni, rо‘zg‘or ishlari bilan bog‘liq yozuvlarni, jangovar yurishlarni, bosqinchiliklar va boshqalar tо‘g‘risida xabalarni, kuf-suflarni (Masalan, Shimoliy Amerika hindulari о‘rtasida keng tarqalgan bо‘lib) siyosiy shartnomalar, arznomalar, kelishuvlar, hatto sevgi maktublarini о‘z ichiga oladi. (Qarang: Viktor Drachuk. Yozuvlar- о‘tmish sirlari shohidi.Toshkent О‘zbekison. 1980 16-bet.)
Tabiat kuchlarini ilohiylashtiruvchi arvohlar orasida ham tabaqalanish natijasida eng muhim va ikkinchi darajali avliyolar paydo bо‘ladi. Eng katta marosimlar quyosh ibodati bilan bog‘liq bо‘lgan marosimlar eng yirik marosimlar hisoblangan, undan keyingi pog‘onada turgan yer, suv, olov, havo kabi tabiat kuchlariga hatto bizon, it va boshqa hayvonlarning ruhlariga sig‘inganlar.
Diniy marosimlarni о‘tkazishda duoxonlik va tabiblik bilan shug‘ullanuvchi shomonlar ajralib turgan.
Xalq og‘zaki ijodi ham asosan diniy rivoyatlarga boy bо‘lgan. Tasviriy san’at rivojlangan. Chaylalarga yopiladigan terilarda, zamsh kiyimlarda va boshqa buyumlarda kishi va hayvon timsollari tasvirlangan.
Gо‘zal qadimiy me’morchilik, katta hashamatli shaharlar va dabdabali piramidalar, afsonaviy о‘yma va bо‘rtma rasmlar bilan bezatilgan kо‘shku, saroylar, turli shakl va hajmdagi gо‘zal haykallar, rang-barang bо‘yoqli idish va buyumlar, tilladan quyilgan har xil haykallar hindilarni mо‘jizakor san’at sohiblari ekanligidan dalolat beradi. Lotin Amerikasi hindilari yaratgan kuy va о‘yinlar ham uzoq elatlarga tarqalib shuhrat qozongan. Bu yerda Yevropaliklar kelgunga qadar ilk sinfiy jamiyat, yuksak san’at va hunarmandchilikka ega bо‘lgan davlatlar paydo bо‘lgan.
Miloddan avvalgi I ming yillikning oxirlarida va milodning birinchi asrlarida Meksika hududida neolit darajasidagi almeklar va sapoteklarning dehqonchilik madaniyati shakllangan edi. Bu madaniyat Quyosh va Oyga atab qurilgan dabdabali piramidalar, devorlari rasmli ibodatxo-nalar va zodagonlarning saroylari, tosh tо‘shalgan kо‘chalar loydan qurilgan uyli mavzelari bilan ajralib turadi. Ularning о‘rniga kelgan tolteklar to XII asrlargacha tevarak-atrofdagi elatlarga о‘z ta’sirini о‘tkazib kelgan.
IX-X asrlarga kelib mazkur madaniyatlar asta-sekin inqirozga uchrab, Mexiko vodiysida yangi elatlar-tenochka yoki astek qabilalari paydo bо‘la boshlaydi. Ular XIV asr boshlarida shimoli-g‘arbiy hududlardan bostirib kirib qadimiy madaniyat markazlarini egallab о‘z tillarini saqlab qolganlar.
Asteklar о‘z davri uchun qudratli bо‘lgan davlatni barpo eta olganlar. Asteklar о‘ziga xos sug‘orish va melioratsiya tizimiga asoslangan dehqonchilik xо‘jaligini yaratganlar, loviyo, pomidor, batata (shirin kartoshka), kakao, tamaki va paxta ekkanlar. Yer о‘g‘itlangan, yо‘nilgan yog‘och bilan ishlov berib ekilgan.
Yer yetishmasligi sababli torDaraxtlardan sol yasab, tepasiga tuproq tо‘kib, suzadigan orolchalar (suzib yuruvchi dalalar)da dehqonchilik qilganlar. Paxta va agava tolasidan ip yigirib turli mato tо‘qiganlar. Uy hayvonlaridan it va kurka saqlaganlar. Hunarmandchilik ancha rivojlangan. Mis va toshdan bolta, nayza uchi va pichoqlar, naqsh berilgan charxsiz sopol idishlar, oltindan har xil bezaklar yasaganlar.
Atsteklar katta kо‘l о‘rtasida Tenochtitlan shahrini bunyod etganlar. Orollarni dambalar bilan birlashtirganlar, Shaharni kesib о‘tgan tо‘g‘ri kо‘chalar va kanallar yoqasida ibodatxonlar va qasrlar bunyod etishgan.
Qudratli asteklar davlatining poytaxti Tenochtitlan deb atalgan. (Keyinchalik ispanlar mazkur shaharga Mexiko deb nom qо‘yganlar) U katta kо‘lning о‘rtasidagi orolda qurilgan va о‘zining gо‘zalligi, ulug‘vorligi va hashamatligi bilan ispan istilochilarini hayratda qoldirgan. Poytaxtni kо‘l sohili bilan uchta 10 metr kenglikdagi damba bog‘lab turgan, ikkita maxsus tarnov orqali suv о‘tkazilgan. Kо‘l atrofida asosiy ekin dalalari joylashgan, qishloqlar ham dalalar bilan о‘ralgan.
Asteklarning uylari odatda qamishdan qurilgan, devorlari loy bilan suvalgan, tomi esa somon bilan yopilgan. Boy tabaqalar esa, uylarini xom-g‘ishtdan ichki hovlili qilib qurganlar. Poytaxtdagi ba’zi uylar ustunlarga tiklangan. Piramida shaklidagi ibodatxona va jamoa inshootlari toshdan dabdabali qilib qurilgan, haykallar va о‘yma naqshli toshlar bilan bezatilgan.
Erkaklarning kiyimlari etakli belbog‘ va plashdan, ayollar esa, yubka, yengsiz uzun kо‘ylak kiyganlar. Poyabzallar teridan tikilgan yoki agava (ziynat uchun ekiladigan tropik о‘simlik)dan tо‘qilgan sandaldan iborat. Kiyimlari turli xil taqinchoqlar bilan bezatilgan, bilak va burunga uzuklar osganlar, badanlarini esa bо‘yaganlar. Makka unidan non va taom pishirganlar. Asteklar shokoladni kashf etganlar. Ammo ular «chokolat»ni ichimlik sifatida iste’mol qilganlar.
Davlat boshida 2 ta hokim saylanib qо‘yilgan, muhim masalalarni qabila kengashi hal qilgan. Zodagon va kohinlarga ajratilgan yerlarni jamoa a’zolari ekib yig‘ib-terib bergan. Qulchilik odat tusiga kirib, qullar asirlar va qarzdorlar hisobiga tо‘ldirilgan. Kakao urug‘i va tilla qum solingan naycha pul vazifasini bajargan.
Ilk quldorlik tuzumiga mos keladigan astek madaniyati shakllan-gan. Tolteklar mayya xalqidan yozuvni, yil hisobi va kalendarni, astronomiya va matematik bilimlarni qabul qilib olganlar. Din mustaqil sohaga ajralib, diniy masalalarni zodagon va kohinlar boshqarib turgan. Quyosh xudosi va ayniqsa, qabilaning urush xudosiga bag‘ishlangan murakkab ibodatlar rusumi ishlab chiqilgan. Katta marosimlarda hatto odam qurbon qilingan. Bundan tashqari turli totemistik va sehrgarlik tasavvurlar ham tarqalgan.
Mayya sivilizatsiyasi. Milodning boshlarida Yukatan yarim orolidagi qalin chakalakzorlar orasida mayyalar yashaganlar. Yukatan yarim orolining shimolida о‘sha davrda mayya xalqlarining bosh shahri Mayyapan kuchayib yuksak madaniyat yaratgan qudratli davlatga aylangan va ispanlar istilosigacha о‘z hukmronligini saqlab kelgan.
Milodning birinchi ming yilligida mayyalarda shahar-davlatlar vujudga keladi. Har bir shaharga “ulug‘ inson” hukmronlik qilgan.Hokimiyat nasldan naslga о‘tgan.
Zodagonlar shahar markazidagi tosh qasrlarda, past tabaqa shahar atrofidagi tomi qamishdan yasalgan polsiz kulbalarda yashaganlar.
Mayya davlatida ruda bо‘lmaganidan metall qurollarni, ayniqsa, temir bolta va nayza uchlari, mis bilan oltin qotishmasidan yoki sof oltindan yasalgan bezaklarni Meksikadan va qо‘shni mamlakatlardan keltirganlar. Paxta va agava tolalaridan nozik matolar tо‘qilgan, ulardan plash, yubka va boshqa kiyimlar tikkanlar, charxsiz sopol idishlar yasab, ularga turli naqshlar berilgan. Savdo-sotiq ancha rivojlangan, loviya va kakao urug‘lari pul vazifasini bajargan.
Zodagonlarning dalalarida jamoa a’zolari xizmat qilgan, soliq tо‘lab turishgan. Soliq tо‘lashdan bо‘yin tovlaganlar xudo yо‘liga qurbon qilingan. Quldorlik paydo bо‘lgach, qullar zodagonlarning xо‘jaligida, jamoa inshootlarini, kо‘shk, saroylar va yо‘llar qurishda, yuk tashishda ishlatilgan. Qullar miqdori asirlar, qarzdorlar hukm qilinganlar va hatto yetimlar hisobidan tо‘ldirib borilgan.
Mayya davlati boshida cheksiz huquqqa ega bо‘lgan hokim («xalach vinik» - buyuk odam) turgan. Oliy kohin uning о‘ng qо‘li va maslahatchisi hisoblangan. Xalach-vinik soliq tо‘plash va qozilik qilish uchun qishloqlarga maxsus boshliq (batab) tayinlagan. Astronomiya va boshqa bilimlarni yaxshi egallagan kohinlarning hurmati nihoyatda baland bо‘lgan.
MayyalarAmerika qit’asidagi eng yuksak madaniyat yaratgan xalqlardan biridir. Ular о‘ziga xos yozuvni kashf etib, ma’lum bilimlarni chuqur egallaganlar. Ayniqsa, aniq bilimlar, chunonchi astronomiya va matematika nihoyatda rivojlangan.
Mayya sivilizatsiyasi rivojlanish chо‘qqisi milodiy IV-VIII asrlariga tо‘g‘ri keladi. Mayyalar juda murakkab ibodatxonlarni qurganlar, ularning atrofini esa turar-joylar egallagan. Barcha binolar toshdan qurilgan. Inshootlar ehrom shaklida bо‘lib, ularning chо‘qqisida ibodatxona joylashgan. Ehromlarning eng yirigi hisoblangan Tikal ibodatxonasi atrofida 40000 kishi yashaydigan shahar joylashgan.
Mayya jamiyatini jangchi ruhoniylarning zodagon tabaqasi boshqargan. Ular mayyalarning eng oliy diniy , ayni paytda harbiy lashkarboshilari ham bо‘lib, ular kо‘pincha qо‘shni hamjamiyatlar bilan urushlar olib borganlar.
Mayyalar dehqonchilik ehtiyojlari uchun kalendar – mavsumnoma tuzganlar. Shu boisdan mayyaliklar yil hisobini daqiqalargacha aniqlab beradigan kalendar tuzganlar. Ularda yil 365 kunga bо‘lingan, kalendar 20 kunlik oydan va 13 kunlik haftadan iborat bо‘lgan. Mayyalar dunyoda birinchi bо‘lib, hatto hindlardan ham avval nol raqamini ishlata boshlaganlar Mayya shaharlarida astranomik rasadxonalar qurganlar. Kohinlar sayyoralarning quyosh atrofida aylanish vaqtlarini hisoblab chiqqanlar. Ular Quyosh va Oy tutilishlarini oldindan bashorat qila olganlar.
Yangi eraning boshlarida mayya xalqida yozuv vujulga kelgan. Kohinlar qilqalam bilan iyeroglif (suratli yozuv)larni qog‘ozga tushirganlar. Shuningdek, ular qasrlarning devorlariga va ustunlarga ham surat harflarini о‘yib tushirganlar. Iyeroglif tizimiga asoslangan mayya yozuvlarida kohinlar turli afsonalar, duo va tarixiy solnomalar yozib qoldirganlar. Shu yozuvda har 20 yilda tarixiy voqealar bayon qilingan maxsus tosh ustunlar о‘rnatilgan. Nihoyatda gо‘zal san’at bilan tasvirlangan о‘yma va bо‘rttirib yasalgan ajoyib rasmli murakkab ibodat va turmush inshootlari hozirgacha kishini maftun qiladi.
Mayya xalqining diniy tasavvurlari sinfiy munosabatlarni mu- qaddaslashtirgan juda murakkab serhasham marosim va ibodatlardan iborat bо‘lgan. Muqaddas kitoblar fikus qobig‘idan ishlangan qog‘ozlarga yozilgan va rangli rasmlar bilan bezatilgan. Asosiy e’tiqodlari dehqonchilik bilan bog‘liq aholi osmon, yomg‘ir, о‘simlik va boshqa tabiat hodisalarini ifodalovchi xudolarga sig‘inishgdan iborat bо‘lgan.
Arxitekturada mayyalar ulkan muvaffaqiyatlarga erishganlar. Ular yuksak poydevorlar va sun’iy tepaliklar ustiga zinali piramidalar shaklidagi qasrlar va ibodatxonalar qurganlar. Binolarni relyefli – bо‘rtma suratlar, ma’budalarning haykallari, freska( devoriy rasm)lar bilan bezaganlar. Shaharlarning kо‘chalari bir-biri bilan tо‘g‘ri burchak hosil qilib, kesishib turgan. Shaharlar orasida tarashlangan toshlardan yо‘llar yotqizilgan.
Hozirgi Kolumbiyaning kattagina qismida chibcha tilida sо‘zlashuvchi va yuqori madaniyatli qabila va elatlar yashagan. Ularning eng qudratlisi chibcha-muisk xalqi hisoblangan. Ular dehqonchilik bilan shug‘ullanishib, manioka (kichik bо‘yli darx, uning ildizidan xamir qilish mumkin bо‘lgan un tayyorlangan, ayrim turlaridan kauchuk olishgan) va batata(kartosha ta’mini beradigan shirin ildiz mevasi) ekinlarini ekkanlar, koka daraxtini о‘stirib mevasi va yong‘og‘idan narkotik ichimlik tayyorlaganlar. Gо‘sht topish uchun ovchilik qilganlar. Uy hayvonlaridan faqat it saqlaganlar. Ekinlardan makka, kartoshka, loviya, pomidor, paxta va mevali daraxtlar ekkanlar. Ular mis quyishni bilganlar, mis bilan oltin qorishmasidan turli bezaklar va badiiy buyumlar yasaganlar. Kulolchilikni, yigiruv va mato tо‘qishni bilganlar. Matodan etakli belbog‘, plashlar tikkanlar.
Tо‘p gazlama va oltin tangacha pul vazifasini bajargan. Savdo rivojlangan. Ijtimoiy munosabatlarida ota urug‘i hukmronlik qilgan, ammo matriarxat qoldiqlari saqlangan. Ular jamoa bо‘lib joylashganlar va katta oilalarga bо‘linganlar. Poligamiya keng tarqalgan zodagonlar о‘nlab xotin va chо‘rilarga ega bо‘lganlar. Qullar paydo bо‘lgan va sinfiy munosabatlar о‘rnatilgan. Boy tabaqalar bezatilgan kо‘shklarda, oddiy jamoa a’zolari loy bilan suvalgan tо‘qima kulbalarda yashaganlar. Bezaklarni faqat zodagonlar osishga haqli bо‘lganlar. Ayniqsa, bosh hokimga itoat qilganlar. Unga turli sovg‘a-salomlar keltirib huzuriga kirganlar. Hokimni saylash marosimi turli afsonalar bilan bog‘liq.
Hokim smola surtilgan badaniga oltin qum sepib solga tushib, kо‘lning о‘rtasiga suzib borib chо‘milar emish. U xudoga atab oltin va zumraddan yasalgan haykalchalarni suvga tashlar ekan. Bundan rivoyatlar muisk davlatini «El- dorado» (Ispancha «zarhallangan» yoki «oltin odam») deb nom chiqarishga va mustamlakachilarning «oltinga boy» о‘lkaga bostirib kelishlariga sabab bо‘lgan.
Inklar davlati. Janubiy Amerikadagi And tog‘larining hozirgi Kolumbiya, Ekvador, Peru, Boliviya, Shimoliy Chilida, ya’ni juda katta hududda kechua til oilasiga mansub turli elat va qabilalardan tashkil topgan Ink davlati bо‘lgan. Inklar Tavantin-suyu (“Tо‘rt mamlakat, viloyat”) deb nom olgan ulkan imperiya tashkil etganlarDavlat tepasida cheklanmagan huquqli hukmdor - Oliy Inka turgan.
Ink davlatida kо‘p xudolik dinlar keng tarqalgan. Quyoshga ibodat qilish eng muhimi hisoblangan. Shu boisdan inklarning sig‘inish manbai Quyosh bо‘lganligi bois, u asosiy xudo hisoblangan. Hukmdorning eng yaqin qarindoshlari о‘zlarini “Quyosh о‘g‘li” deb ataganlar. Shuningdek, inklar Ona-yerga, tabiatga sig‘inganlar. Shuningdek, inklarda Makka va Kartosha xudolari ham bо‘lgan. Ularda ajdodlar ruhiga sig‘inish ham mavjud bо‘lgan. Katta bayramlarda yoki ofatbiror ofat rо‘y bersa asirlardan yoki bо‘ysundirilgan qabilalarning bolalaridan qurbonlik qilganlar.
Inklar hatto kiyim va bezaklari bilan ajralib, hukmron kastaga aylangan, hokimlar va kohinlar ham ulardan saylangan, Oliy Inka (Sana Inka) quyosh о‘g‘li hisoblangan, unga boshqalar itoat qilganlar. Ink davlatida politeistik (kо‘p xudolik) dinlari keng tarqalgan. Quyosh ibodati eng muhim hisoblangan, shuning uchun Sana Inka ham xudo darajasiga kо‘tarilgan.
Inklar asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar. Dehqonlar tog‘larning yon bag‘irlarini о‘yib, qirqib, ustiga unumli tuproq keltrib tо‘kib, kichik ekinzorlar barpo etishgan va ana shu ekinzorlardan mо‘l hosil olganlar.
Ular markazlashgan sug‘orish tizimini yaratganlar va asosan kartoshka ekkanlar. Dastlab kartoshka Yevropaga ilk bor shu yerdan olib borilgan. Umuman 40 ga yaqin ekin turlarini bilganlar. Dalalar tosh bilan berkitilgan kanallar orqali sug‘orilgan, suv omborlari tо‘ldirilgan.
Andlik hindilar Amerika qit’asidagi chorvachilikni bilgan yagona elatlardan hisoblangan.
Inklar metallni ruda konlaridan qazib olganlar. Mis, kumush, oltin, simob va boshqa rangli metallarni, hatto jez ishlab chiqqanlar, turli qurol (о‘roq, bolta, pichoq), bezaklar va diniy buyumlar yasaganlar. Charxsiz naqsh berilgan ajoyib sopol idishlar va haykalchalar ishlab chiqqanlar, paxta va jundan chiroyli nozik matolar tо‘qiganlar. Hech qanday qorishmasiz yirik kesilgan tosh bо‘laklardan dabdabali ibodatxona va qasrlar tiklaganlar. Oddiy kishilarning uylari toshdan yoki xomg‘ishtdan qurilgan, qamish yoki somon bilan yopilgan, oynasiz va chipta eshikli kichkina xonalardan iborat.
Inklar g‘ildirakli transport bо‘lmasa ham yо‘llarga katta e’tibor berganlar. Bizning davrimizgacha yetib kelgan dengiz sohili va tog‘ etaklarida qurilgan tog‘ yо‘llar, tunnel va kо‘priklar hozirgacha kishini hayratda qoldiradi. Ular yengil sol kemalarda uzoq masofalarga sayohat qilganlar. Bо‘ysundirilgan qishloqlardan yosh qizlarni zо‘rlab keltirganlar va tо‘rt yil davomida tо‘qimachilik va boshqa kasblarga о‘rgatganlar, keyin ular 30 yoshigacha erga tegmasdan ink zodagonlariga xizmat qilganlar.
Asosiy ijtimoiy hujayra qishloq jamoasi (aylu) hisoblangan. Yer bosh hokimning mulki hisoblansa ham har yil jamoa a’zolari (oilalar)ga taqsim qilib berilgan. Oliy hokimga (“Inka dalasi”) va kohinlarga (“Quyosh dalasi”) maxsus yerlar ajratilib, uni jamoa a’zolari ishlab hosilini yig‘ib berganlar.
Kohinlar diniy marosimlardan tashqari astronomik kuzatishlarni ham olib borganlar. Inklarda ikki xil yil hisobi – Quyosh (366 kun) va.Oy (354 kun) kalendari bо‘lgan. Tarix va genealogiya bilan shug‘ullanuvchi maxsus donishmand (amauta)lar bо‘lgan. Tabibchilikdan tashqari xirurgiya tajribasiga ega bо‘lganlar, trepanatsiya qilishni bilganlar.
Iyeroglif yozuvi bilan birga о‘ziga xos rangli iplardan tuzilgan tugma yozuv ham bо‘lgan. Ammo noyob yozuv namunalarini ispan istilochilari butunlay yо‘q qilganlar.
Hozirgacha kechua va aymara xalqlari о‘z madaniyatlarini va tilini saqlab qolganlar. Ular bir necha mamlakatlarga bо‘lingan. Masalan, kechua xalqi besh davlatda yashaydi, ayniqsa, ular kо‘proq Ekvador va Peruda istiqomat qilishadi.
Amazonka va Orinoka vohalarida istiqomat qiluvchi hindilar esa, urug‘-jamoa bо‘lib yashaganlar va umumiy xо‘jalikka ega bо‘lganlar. Oilalar matrilokal tipidagi juft nikoh tartibida bо‘lsa ham guruh nikoh qoldiqlari saqlangan. Ov qilinadigan va baliq tutadigan umumiy hudud jamoa mulki hisoblangan, ovni teng taqsim qilganlar. Har qishloq о‘z-о‘zini boshqaravchi jamoaga ega bо‘lib, unga oqsoqol rahbarlik qilgan. Har bir qabilada erkaklar ittifoqi mavjud. Qabilalararo aloqalar tabiiy sharoit tufayli imcha mustahkam bо‘lgan.
Diniy tasavvurlari ham moddiy sharoitga bog‘liq bо‘lgan. Tevarak- atrofdagi tabiat yaxshi va yomon arvohlar bilan tо‘la, ularni rozi qilish uchun xudoyilar qilib turish zarur, degan aqidaga rioya qilganlar. Shomonizm keng tarqalgan, shomonlar arvohlar bilan vositachi bо‘libgina qolmay, tabiblik ham qilganlar. Diniy marosim va bayramlarda oddiy musiqa asboblari (hayvon shoi, hamda qamishsion о‘simlikdan yasalgan nay) jо‘rligida turli raqslarga tushganlar, badanlarini bо‘yaganlar, qush pati, yong‘oq, tish va boshqa buyumlar bilan bezanganlar.
Sharqi-janubiy Braziliya va Pampa hindilari. Braziliyaning qalin о‘rmonlarida va qurg‘oq yassi tog‘larda botokuda, jes va boshqa til turkumiga mansub turli qabilalar yashagan.
Botokuda qabilalari qarorgohlarida butun guruhga mо‘ljallangan palma yaproqlari bilan yopilgan katta chaylalar tiklangan. Suv saqlaydigan savatlari, maxsus uy-rо‘zg‘or buyumlari bо‘lgan. Ular kiyimni bilmaganlar, badanlarini bо‘yab bezaganlar, quloqlariga va lablariga yog‘och uzuk osganlar.
Mazkur qabilalarning ijtimoiy tuzumi kam о‘rganilgan bо‘lsa-da, urug‘chilik tuzumida yashaganliklari aniq, ular dual tashkilotga ega bо‘lganlar, guruhiy nikoh va ekzogamiya tartiblari saqlangan. Urug‘ jamoasida ona urug‘i tartiblari (urug‘ hisobi va hokazo) saqlangan, ammo erkaklar ittifoqi ijtimoiy hayotda muhim rol о‘ynagan. Diniy tasavvurlari qо‘shni tropik hindilarnikidek tabiiy kuchlarga sig‘inishdan iborat bо‘lgan.
Pampa hindulari. Janubiy Amerikaning janubidagi keng dasht hududlarida qadimdan Patagoniya bepoyon tekisliklarini pampa deb ataydilar. Bu hududda har xil tilda gapiradigan ovchi qabilalar (asosan, chon, araukan, texuelyache) yashagan. Ular dastlab piyoda, Yevropaliklar kelgandan keyin otda guanaka (lamaning yovvoyi bir turi) ov qilganlar. Ov qurollari о‘q-yoy, bо‘la (teri xaltaga tosh solib ikki-uchtasini arqon uchiga bog‘lab palaxmonga о‘xshatib hayvonga otganlar, oyog‘i yoki bо‘yniga о‘ralgach, uni qо‘lga tushirgan) bilan tez yuguradigan guanakani straus va bug‘ularni ovlaganlar. Ular turli о‘simlik, urug‘ va ildizlarni ham yig‘ib-terganlar.
Pampa ovchilari manzilgohlarida daydi turmushga moslashgan bekitma yoki guanaka terisi bilan qoplangan chaylalarda yashaganlar. Terilardan zо‘r mahorat bilan ishlov berib belbog‘li plash yopinganlar, ot yoki guanaka oyoq terisini shilib xomligicha mahsiga о‘xshash poyabzal qilib, sovuq va yomg‘ir paytlarida ustiga teri kavush kiyganlar. Shunga qarab ispanlar pampa ovchilarini «patagonlik» (katta oyoqli)lar deb ataganlar.
Patagonliklar 30-40 oiladan iborat qavm-qarindoshlar guruhini tashkil qilgan. Guruh boshida oqsoqol turgan va jamoa о‘tkaziladigan ovni boshqargan. Qarorgohlar patrilokal tipda bо‘lgan, kelin uchun qalin tо‘langan. Asosiy mulk — ot va qurol – erkakka tegishli, uy-rо‘zg‘or buyumlari yengil yog‘och va teridan yasalgan. eri о‘lgan beva xotinga meros qolmagan, о‘likdan qolgan barcha buyumlar yо‘q qilingan. Marosimlari katta tantana bilan nishonlangan. Bayram kiyimlari bо‘yalgan terilardan iborat bо‘lib, ular qushlarning turli ranglarga bо‘yalgan parlari bilan bezatilgan. Chaylalar bayram ruhi bilan bezatilgan. Nog‘ora va surnay sadolari ostida turli raqslarni ijro etganlar.
Diniy tasavvurlar totemizm va animizm bilan bog‘liq. Shomoniylik ham ma’lum, shomonlar vazifasini xotinlar bajargan, erkak shomonlar xotincha kiyinishi shart bо‘lgan. Ajdod arvohlariga sig‘inish kuchli bо‘lgan.
XIX asrning о‘rtalarigacha Olovli Yer arxipelagida о‘na, alakuluf va yamana nomli qabilalar ibtidoiy turmush tarzini saqlab qolganlar. Nihoyatda og‘ir tabiiy sharoitda yashagan mazkur qabilalar daydichilikda guanaka, tulen, baliq va qushlarni ovlab, har xil о‘tlar va molyuskalarni terib kun kechirganlar. Ular qarorgohlarda vaqtinchalik teri yoki daraxt qobig‘i bilan qoplangan bekitma va chaylalarda istiqomat qilganlar, hayvon terisi bilan yopingan, olovdan foydalanganlar. Ovchilik qurollari о‘q-yoy va sanchqi, daraxt qobig‘idan yasalgan kichkina qayiq bо‘lgan.
Yamana qabilalarida qavmu qarindoshlar guruhi bir jamoa (urug‘) hisoblangan va uni “ukur” deb ataganlar. Jamoa boshliqlari jamoa bо‘lib ov tashkil qilganlar, qо‘shni qabilalar bilan munozara yurgizganlar. Qabilalar ekzogam urug‘ guruhlariga bо‘linib, urug‘ hisobi ham ona, ham ota tomonidan belgilangan juft oila hukrnronlik qilsada, poligam nikoh tartiblari saqlanib qolgan. Tabiblar nafaqat bemorlarni davolaganlar, shuningdek, ob-havoni oldindan aytib berish bilan shug‘ullanganlar. Totemizm va sehrgarlik, kasb ibodati va arvohlarga sig‘inish keng tarqalgan.
Umuman olganda, Amerika qit’asida istiqomat qilgan turli xil qabilalar (yevropaliklar istilosigachagina emas, balki) bugungi kungacha о‘zlarining azaliy milliy madaniyatini tо‘liligicha saqlab qola olmagan bо‘lsalar-da, tili, milliy marosimchiligi va hayot tarzining ma’lum bir qismini saqlab qola olganlar.

Yüklə 1,76 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   62




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin