Ichki ziddiyatlar. Shayboniylar davlatidagi ichki ziddiyatlar markaziy hokimiyat bilan mahalliy hokimiyat o’rtasidagi ziddiyatlarda to’la namoyon bo’lgan. Shayboniylar davrida yer egaligining iqto, suyurg’ol, tanho va jogir turlari bo’lgan. Sayboniyxon davrida davlatni kichik-kichik mulklarga (suyurg’olga) bo’lib idora qilinardi. Bu hol hokimiyatdan ajralib chiqishga sharoit yaratar edi. Shayboniyxon bu xatoni tuzatishga urinib, bo’ysunishni istamagan mahalliy hukmdorlar mustaqilligini tugatishga, ayrim hukmdorlarni almashtirishga harakat qildi. Bu esa mahalliy hukmdor va zamindorlarning keskin noroziliklariga sabab bo’ldi. Shayboniylar davrida mehnatkashlarning iqtisodiy ahvoli nochor edi. Ko’pchilik omma yersiz bo’lib, ijaraga yer olib ishlashga majbur edi. Aholidan 20 turdan ortiq soliq va to’lovlar olinardi. Asosiy soliq sug’oriladigan yerdan olinadigan xiroj bo’lib, daromadning 30-40 foizini tashkil qilardi. Davlat muassasalari, qo’shin va xon xonadoni xarajatlarini qoplash uchun to’lanadigan soliq ixrojot deb atalardi. Davlat pulga muhtoj bo’lganida favqulodda soliqlar ham joriy etilgan. Aholi soliq va jarimalar to’lashdan tashqari, mehnat majburiyatini ham o’tashi kerak edi. Bu majburiyat aholini kanallar, zovurlar qazishga, yo’l va ko’priklar qurishga, yem-xashak yig’ishga jalb etishni nazarda tutardi.