1-topshiriq. Matnni o‘qing, og‘zaki so‘zlashuv uslubiga xos o‘rinlarga e’tibor qarating.
Amakim tajang, badjahl odam edi. Bir kuni u ko‘chadan qog‘ozga o‘ralgan bir narsa ko‘tarib kirdi. Men yugurib borib so‘radim:
– Opoqdada, qo‘lingizdagi nima?
– Go‘sht olib keldim, bolam, – dedi avval muloyimlik bilan.
– Qayerdan oldingiz?
– Bozordan.
– Kimdan?
– Toji qassobdan.
– Necha kilo?
– Bir kilo.
– Necha pulga oldingiz?
Yana uch-to‘rt savoldan keyin amakimning avzoyi buzildi. Yuzi oqarib, labi titrashga tushdi. Oxiri chidayolmay qo‘lidagi go‘shtni devorga uloqtirdi:
– Qutuldimmi?! (E. Vohidov) 2-topshiriq.O‘zbekcha kurash bilan bog‘liq atamalarga diqqat qiling. Dunyo tillariga kirib ulgurgan o‘zbek kurashi terminlari (masalan, yonbosh, halol kabi)ni sanang. Polvonlarda kurash hadislarining o‘z nomi bor, hammasini esa «chil» deyishadi. Chilni ko‘p biladigan polvonni «ilmi ko‘p, amali ko‘p» deb ham atashadi. Chillarning ba’zi birlari tojikcha, ba’zi birlari o‘zbekcha. Masalan, «pushburdor» degan chil bor, bu – yelkadan oshirib otish usuli. «Morpech» chili – raqibining oyog‘ini o‘z oyog‘ing bilan ilondek chirmab olib, burab yiqitish. O‘zbekcha chillardan, «tuya chil» – mayda-chuyda harakat qilib o‘tirmay, raqibini to‘g‘ridan to‘g‘ri oyoq qo‘yib ag‘darish usuli. Chilning «ildirish», «qoqma», «siltov», «yotib otar», «cho‘nqaytma» degan usullari ham bor. (Sh. Xolmirzayev) IV.Mustahkamlash 3-topshiriq. Berilgan ilmiy matn parchasidagi tilshunoslikka oid terminlarni aniqlang va ularning ma’nosini tushuntiring. Ma’lumki, tilshunoslikka oid nazariy adabiyotlarda olmosh so‘z turkumi xususida boshqa so‘z turkumlariga nisbatan noan’anaviy lisoniy qarashlar mavjud. Bunday qarashlar, albatta, olmoshlar turkumiga xos so‘zlarning lingvistik tabiatiga bog‘liq holda shakllangan. Ichi bo‘sh so‘zlar – ma’no qobig‘i bo‘sh so‘zlarga olmoshlar va atoqli otlar kiritiladi. Olmosh va atoqli otlar pragmatik funksiyaga ega bo‘lib, matn ichida ma’lum nutq vaziyati bilan aloqador ma’no ottenkalari bilan to‘ldiriladi. (M. Hakimov)