68-mashq. Yetakchi va ko‘makchi fe’lga qo‘shilgan bo‘lishsizlik shakllari ifodalayotgan ma’noni izohlang.
1. Kelgan mehmonni biz – oq bo‘ladimi, qora bo‘ladi mi – boshimizga ko‘tarmay qo‘ymaymiz. (Erkin A’zam) 2. O‘rtoqlaringiz, omon-esonlik bo‘lsa, yana kelishar-ku. O‘shanda Sultonxon ertaning hissasini chiqarmay qo‘ymaydi... (Cho‘lpon) 3. Men bu ishni oxiriga yetkazmay qo‘ymayman! (Tohir Malik) 4. Boshliq balo, bug‘uni tinchitmay qo‘ymay di, – degan qat’iy xulosaga keldi u. (Tohir Malik) 5. Gulimoh Yulduzovna non yemaganga o‘xshab ingichka ko‘ringani bilan chovuti yomon, gapirtirmay qo‘ymaydi. (Ahmad A’zam) 6. Yaxshilab o‘rnashgandan keyin hammasini qaytadan boshlaydi, Mahmudalining boshiga yetmay qo‘ymaydi. (Erkin A’zam) 7. Shuningdek, bu chechak qirlari o‘z bag‘rida suzib brogan Otabekni ham o‘ziga qaratmay qo‘ymaydir. (Abdulla Qodiriy) 8. Xushro‘yga bolalik chog‘idayoq uy ichi va qo‘ni-qo‘shni «shaddod» deb ism berganlar, chunki ul kimdan bo‘lsa-bo‘lsin, aytganini qildirmay qo‘ymas, agar birorta ish uning tilagiga teskari ketsa, shovqin-suronni xuddi boshiga kiyib olar edi. (Abdulla Qodiriy) 69-mashq. Inkor ma’nosining ifodalanishiga diqqat qiling.
1. Ana endi bunga shubha bildirib ko‘ring-chi, naqd hasadgo‘y, dushman atalasiz-qolasiz! Bu gaplarni kim bilmaydi dersiz? (Erkin A’zam) 2. Qandaydir bir isqirt, piyonista, qamoqdan chiqqan kimsa yashaydigan sassiq yerto‘laga kim ham o‘z farzandining kirib, o‘sha sondan chiqqan, demak, ishonchsiz – xavfli odam bilan o‘tirishi, uning maza-bemaza gaplarini eshitishiga qarab turardi? (Sh. Xolmirzayev) 3. Lekin bizni kim ham ishga olardi, Bo‘ri polvon. (Tog‘ay Murod) 4. Bir ahmoq xodimining qilig‘i uchun mansabdan ayrilishni kim ham istar edi? (Tohir Malik) 5. Qalbi muhrlangan banda uyni muhrlamoqchi bo‘lganlarga nima ham deya olardi? (Tohir Malik) 6. Ammo Chaman akadan beruxsat nima ham qila olardim?! (Murod Mansur) 70-mashq.Inkorning na.., na yordamchisi bilan ifodalanishidagi o‘ziga xosliklarni izohlang.
1. Kel-e! Qaylarda yuribsan? Odamni sog‘intirib yubording-ku! Uka degan ham shunday bo‘ladimi? Uch oydan beri na xat, na xabar! (Ahmad A’zam) 2. Karim egilib boshmog‘ining bog‘ichini bo‘shatdi, lekin yechmay, shundoq eshikka taqalgan karavotga o‘tirib oldi. Na Karimdan gap chiqdi, na Mohbibidan. (Ahmad A’zam) 3. Mayli, unga bitmasam, mayli,
Na bir g‘azal, na bir musaddas,
Uning o‘zi she’rdan muqaddas. (E. Vohidov) 4. Seni bir zum tutmoqqa endi
Na haqqim bor, na huquqim bor. (E. Vohidov) 5. Sen na zardusht, sen na buddiy,
Senga na otash, na sanam,
Odamiylik dini birla
Toza imon, o‘zbegim. (E. Vohidov)