2. Tuproqning madaniyligi va uni yaxshilash usullari Madaniylashgan tuproq - deyilganda agrokimyoviy va agrofizikaviy xossalari, shu tufayli unda suv, havo, issiqlik va oziqa rejimlari yaxshi bo’lgan, ekinlarning normal o’sishi va rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratilgan tuproq tushuniladi.
Yer asosan biologik, kimyoviy va fizik usullarda madaniylashtiriladi.
Biologik usul- bunda, tuproqdagi organik moddalarning sintezlanishi va chirishini boshqarish, serhosil, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlarni ekish, almashlab ekishni joriy etish kabi tadbirlar amalga oshirilishi lozim.
Kimyoviy usul - bunda, yerga har xil mineral, bakterial o’g’itlar solinadi, gips va boshqa moddalar qo’llanilib, tuproqda o’simlik oson o’zlashtiradigan holatdagi moddalar miqdori ko’paytiriladi. Yer ohaklanganda tuproqning kislotaligi, gipslashda esa ishqoriyligi normallashib, o’simliklarning o’sishi uchun yaxshi muhit vujudga keladi.
Fizik usul – bunda, yerga fizik-mexanik tasir etiladi, ya’ni yerga har xil ishlovlar beriladi, tuproqning strukturali bo’lishi va uning havo, issiqlik, suv va boshqa rejimlarini boshqarishda o’tkaziladigan tadbirlar kompleksi amalga oshiriladi. Bundan tashqari, mayda kartalarni yiriklashtirish, yerlarning zaxini qochirish, sho’rini yuvish, sizot suvlar sathini pasaytirish yuzasidan o’tkaziladigan kollektor-drenaj ishlari hamda ekin ekishdan oldin va keyin olinadigan egat va jo’yaklar ham fizik usulga kiradi. Bundan tashqari mexanikaviy tarkibi og’ir tuproqli dalalarga qum sepish, yengil tuproqli uchastkalarda kalmotaj qilish (loyqa bostirish) mumkin.
Tuproqning unumdorlik va madaniylik darajasi undagi chirindi, mikroorganizmlar miqdori, tuproq muhiti, donadorligi, qattiq va yumshoqligi, tuzilishi, haydalma qatlam qalinligi va boshqa ko’rsatkichlarga qarab aniqlanadi.
Organik o’g’itlar, asosan, go’ng, yerlarni madaniylashtirishda muhim ahamiyatga ega. Yerlarni muntazam go’nglash natijasida tuproqda chirindi, azot, fosfor va kaliyning harakatchan holatdagi miqdori ko’payib, uning singdirish sig’imi, asoslar bilan tuyinishi darajasi, nitrifikasiya qobiliyatining ortishiga olib keladi, mahalliy o’g’itlar bilan yerga ko’plab mikroorganizmlar tushadi va ular ham tuproqni madaniylashtirishda katta ahamiyatga ega.
Dehqonchilik madaniyati past bo’lsa, yerning haydalma qatlamida begona o’t urug’lari va ularning o’suv organlari ko’p bo’ladi. Ular ekinlarni ifloslantirishda asosiy manba bo’lib xizmat qiladi. Begona o’t urug’i va o’suv organlarining ko’p bo’lishiga asosan almashlab ekishga rioya qilmaslik, yerlarni o’z vaqtida sifatli ishlamaslik, ekinlarni yuqori agrotexnika asosida parvarish qilmaslik, begona o’tlarga qarshi kurashishda maxsus tadbirlarni joriy qilmaslik, hosilni o’z vaqtida yig’ib terib olmaslik va xokazolar sabab bo’ladi. Haydalma qatlam qanchalik qalin, unumdor bo’lsa o’simliklarning ildiz tizimi shunchalik chuqur qatlamlarga tarqalib o’sadi va serhosil bo’lib yetiladi.