Begona o’tlarning biologik guruhlari Oziqlanish usuliga qarab barcha begona o’tlar ikki guruhga: parazit (tekinxo’r) va noparazit guruhga bo’linadi.
Parazit begona o’tlar Tyekinxo’r (parazit) begona o’tlarning ildizi ham, chin bargi ham bo’lmaydi, shuning uchun ular boshqa o’simliklarning poyasi va ildiziga chirmashib olib, shular hisobiga oziqlanadi. Ular asosan urug’dan ko’payadi.
Haqiqiy tekinxo’rlar (parazitlar) Bularning hammasi bir yillik o’simliklarga kiradi. Bargi va ildizi bo’lmaydi. Zarpechakda yaxshi rivojlanmagan tangacha shaklidagi barglar bo’ladi. Bu gruhga kiradigan parazitlar deyarli hamma vaqt boshqa o’simliklarning shirasi hisobiga yashaydi. Xlorofill bo’lmaganligi uchun barcha parazit o’simliklarda yashil rang bo’lmaydi. O’simliklarga yopishib yashashiga qarab, ular poya va ildiz parazitlarga bo’linadi.
Poya parazitlari. Parazitlarning bu kichik gruhiga pechakguldoshlar (Cuscutaceae) oilasiga kiradigan pechaklarning barcha turi kiradi. Bular karantin begona o’tlar hisoblanadi. Ular ingichka poyali va yo’g’on poyalilarga bo’linadi.
Ingichka poyali zarpechaklar. Sebarga zarpechagi, mayda urug’li zarpechak (Cuscuta epithymum Mur.). O’rta Osiyoda uchraydi. Beda va sebarganing asosiy begona o’ti bo’lib, boshqa madaniy o’simliklarda ham uchraydi. Poyasi qizil, juda ingichka, ipsimon, chirmashadigan bo’lib, so’rg’ichlari bilan yopishib yashaydi. To’pguli ko’p gulli sharsimon tuguncha shaklida bo’ladi. Mevasi – ko’sak, iyun – avgustda gullaydi va meva tugadi. Asosan urug’dan va poyasining qismlaridan ko’payadi.
Bitta o’simligi 2500 tagacha urug’ tugadi, urug’i hatto tuproq yuzasiga tushib qolsa ham, 180 da unib chiqadi. Urug’ning unuvchanligi tuproqda 12-15 yilgacha saqlanadi. Yangi go’ngda unib chiqadigan urug’i ko’p bo’ladi. Urug’dan unib chiqqandan keyin zarpechak poyasi har xil o’simliklarga o’ralib olib, chirmashib yashaydi.
Amerika yumaloq urug’li sebarga zarpechagi (Cuscuta trifolii Beyr) poyasi och sariq rangli bo’lishi bilan avvalgi turdan farq qiladi. O’zbekistonda zarpechakning boshqa turlari ham uchraydi.
Kipriksimon zarpechak kanop, kunjo’tni va ba’zi begona o’tlarni zararlaydi. Hozircha Toshkent viloyatining Yuqori-Chirchiq va Oqqo’rg’on tumanlaridan topilgan.
Zig’ir zarpechagi (Cuscuta epilinum Weihe) zig’ir, beda, sebarga, lavlagi va boshqa ekinlarni hamda begona o’tlarni zararlaydi.