G’o’za o’suv davrida juda ko’p suv sarflaydi. Chunonchi, chinbarg chiqargan davrida bir gektar yerdagi g’o’za sutkasiga 10-12 m3 , shonalash davrida 30-50 m3 , gullash va meva tugish davrida eng ko’p 80-120 m3 , ko’saklar ochilishi davrida esa 30-40 m3 suv sarflaydi. Bir gektar paxta maydonidan o’suv davrida 5000-8000 m3 suv sarflanadi.
O’simliklar suvga bo’lgan munosabatiga qarab kserofit, mezofit, gigrofit va gidrofit guruhlarga bo’linadi.
Kserofitlarga yantoq, shuvoq, juzg’un, oq va qora saksavul kabi quruq dasht va cho’llarda o’sadigan qirg’oqchilikka chidamli o’simliklar; mezofitlarga g’o’za, beda, makkajo’xori, qovun, tarvuz kabi namsevar ekinlar; gigrofitlarga sholi, qamish, qiyeq kabi tuprog’i doim sernam bo’lib turadigan yerlarda o’sadigan o’simliklar; gidrofitlarga suv o’tlari va gulli suv o’simliklari kabi suvda o’sadigan o’simliklar kiradi.
Agar tuproqda nam uzoq vaqtgacha yetarli bo’lmasa, o’simliklar hayot faoliyati izdan chiqadi va so’liydi, natijada ularda gidroliz jarayoni kuchayib, sintezlash esa to’xtaydi.
Tuproqda namning keskin kamayishi mikroorganizmlarning faoliyatiga ham salbiy tasir etadi. Malumki, quruq tuproqda biologik jarayonlar so’nib, organik moddalarning parchalanishi tuxtaydi. tuproq nami uning to’la nam sig’imiga nisbatan 60 % bo’lganda, mikroorganizmlarning rivojlanishi uchun eng qulay sharoit vujudga keladi.