Islom karimov nomidagi toshkent davlat texnika universiteti nodira nishonova


Axborot, axborotlashgan jamiyat, axborot texnologiyalari tushunchasi



Yüklə 0,53 Mb.
səhifə33/120
tarix19.10.2023
ölçüsü0,53 Mb.
#157494
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   120
Кулланма ов 230523 MUNDARIJASI BILAN2

Axborot, axborotlashgan jamiyat, axborot texnologiyalari tushunchasi. “Axborot” tushunchasi kundalik turmushda juda keng qo‘llanilmoqda. Shuning uchun har bir kishi, intuitiv holda uning nima ekani haqida tasavvurga ega. Biroq, fan umuman ma’lum tushunchalarni qo‘llay boshlaganda, bularga aniqlik kiritadi, atamalardan foydalanishni aniq fan sohasi doiralari bilan qat’iy cheklab qo‘yadi. Pirovardda axborot tushunchasi ko‘plab fanlarning tadqiqot predmetiga aylanib, ularning har birida umumlashtiriladi. Axborot va axborotlashuv tushunchalari hozirgi zamon fanining eng muhim sohalaridan biriga aylanib, jamiyat taraqqiyotining tendensiyasini belgilab bermoqda.
“Axborot” tushunchasi hozirgi zamon fanida fundamental, umumilmiy tushuncha bo‘lib, uning tabiati, mohiyati turlicha talqin qilinadi.
Axborotning jamiyat ravnaqi va shaxslararo munosabatlar barqarorligini ta’minlashdagi o‘rniga barcha davrlarda alohida e’tibor qaratilgan. Qadimgi “Avesto”da har qanday xabar, yangilik o‘zining haqiqiyligi, ishonchliligi bilan baholanishi, uning yordamida insoniyat yaxshilikka, ezgulikka intilishi, xalol mehnat qilib tinch-totuv yashashi, adolat va haqiqatga sajda qilishi kerakligi o‘rgatilgan12.
Abu Nasr Forobiy, Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Amir Temur, Alisher Navoiy va boshqa mutafakkirlar ijodida ham axborot va jamiyat haqidagi fikrlar ilgari surilgan. Xususan, Abu Rayhon Beruniyning ilm olish, axborotga ega bo‘lish qullikdan ozod qiladi13, degan fikrlari bugungi axborotlashgan jamiyatda kiberhurujlarga qarshi kurashda namoyon bo‘ladi. Amir Temur bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida xabar to‘plash orqali davlatni, jamiyat hayotini boshqarishda foydalanish va shu ma’lumot (axborot)lar asosida qonun-qoidalar ishlab chiqishni14 taklif qilgan. Alisher Navoiy “agar kishi axborotni birinchi bo‘lib egallasa, jamiyat tizginini egallashi, aynan xabar sabab barcha halokat va falokatlarning oldini olish mumkinligi” 15ni asoslagan.
“Axborot” tushunchasi ilmiy muomalaga 1928 yilda amerikalik olim Ral'f Vinton Layon Hartli tomonidan texnik aloqa kanallari bo‘ylab tarqatiluvchi ma’lumotlarni miqdoriy o‘lchash mezonini belgilash uchun kiritilgan. Hozirda bu atama har xil ma’nolarda qo‘llanilmoqda. Axborot ayrim (maishiy) hollarda odamlar tomonidan beriladigan ma’lum narsa yoki hodisa haqidagi ma’lumot, ba’zida (kibernetika) - tartibga solingan o‘zgartirish, tizimning tashkil etilganlik o‘lchovi, boshqa vaziyatda -ob’ektlarning rang-barang jihatlarini ifodalash, aks ettirish tushuniladi.
Axborotning murakkabligi, ko‘pqirraligi, qo‘llash mumkin bo‘lgan sohalarning kengligi, jadal sur’atlar bilan rivojlanishi “axborot” va “axborot texnologiyalari” tushunchalariga doimiy yangicha yondashuvlarda aks etadi. Aynan mana shundan axborotning mohiyati to‘g‘risida, uning tarifi to‘g‘risida turli xil fikrlar paydo bo‘ladi.
Masalan, axborot tushunchasiga “axborot real olamning in’ikosi”16 kabi eng umumiy falsafiy ta’rifidan, “axborot - ob’ektlar saqlashi mumkin bo‘lgan barcha ma’lumot”17 kabi eng tor ta’rif mavjud.
Shuningdek, R.Eshbi “Axborot – strukturalarning me’yori, yangilik, originallik”18, S.Mol’ esa, “Axborot – tanlash ehtimolligi”19 deb ta’rif beradi.
Mutafakkir A.D.Ursul “Axborot turli – tumanlikning in’ikosi”20 deb ta’rif bergan. Keyinroq u o‘zining axborot haqidagi kensepsiyasini turli - tumanlikni yetkazish deb to‘ldiradi va axborotni aks ettiruvchi tomonning qismi deb tushuntiradi. Biroq, bu ta’rifning klassik va postnoklassik metodologiyada tushunilishi uchun yetarli emas.
Olimlarning axborot to‘g‘risidagi ta’riflariga e’tibor qaratsak, ayrim olimlarning fikricha axborot barcha materiyaning xususiyati, shuning uchun ham “Axborot falsafiy kategoriya bo‘lishga haqli”21. Boshqalari esa, axborotni faqat tirik tabiat va jamiyatning xususiyati deb bilishadi. Vinerni yozishicha “axborotni jo‘natish va qabul qilish faqatgina insonlargagina tegishli emas, bunday xususiyatlar ayrim sut emizuvchilar, qushlar, chumolilar va asalarilarda ham uchraydi”22. Uchinchilar axborotni barcha tirik materiyaning xususiyati deb tushunishadi.
Axborot tushunchasini o‘zi tarixiy o‘zgarishda ekanligini aks ettiradi. Dastlab u qabul qilingan xabarlarni ifodalagan bo‘lsa, keyinchalik, biror bir tildagi harfning statistik xususiyatini, va nihoyat tartiblanganlik darajasini aks ettirgan. Natijada bu muammodagi har xil qarashlarni o‘zida birlashtirgan va keng tarqalgan axborot konsepsiyasi shakllandi:
birinchi konsepsiya (K.Shennon), axborot u yoki bu sistema doirasida ma'lumotlarnii uzatishda, kodlangan signallar miqyosi sifatida tushuniladi. Bu konsepsiya o‘zida miqdoriy-axborot yondashuvini ifoda etib, axborotni hodisaning noaniqlik (enropiyaviy) darajasi sifatida ko‘radi. Axborot miqdori uni qabul qilib olish ehtimolligiga bog‘liq bo‘ladi. Axborotni ma'no jihatini hisobga olmasak, bunday tushunish axborot miqdorini o‘lchashga va sanoq texnikasida optimal kodlashtirishni olib borish uchun foydalidir. Bundan tashqari axborotni bunday tushunish uning asosiy xususiyati bo‘lgan yangilikka diqqatni qaratishga olib keladi. Axborot miqdori olib tashalgan noma'lumlik bilan aniqlanadi;
ikkinchi konsepsiya, axborotni butun materiyaning xususiyati (atributi) sifatida qaraydi. U Kibernetikaning o‘zagida shakllandi. Bu holatda axborot inson yoki texnik vosita tomonidan o‘zlashtiriladigan har qanday xabarlarni o‘z ichiga oladi. Bu konsepsiyaning tarafdorlaridan biri akademik V.M.Glushkov shunday yozgan edi: “axborot o‘zida faqat yozuv matnlari, yoki insonlarning aytgan gaplarini mujasamlashtirmaydi, balki tabiat hodisalari – quyosh nuri, maysani shitirlashi yoki sharshara shovqinlarini ham qamrab oladi”. Shu nuqtai nazardan olib qaraydigan bo‘lsak, axborot materiyaning umumiy xususiyati sifatida tabiat hodisalari, ularning rivojlanishi va tuzilishi, har-xilligi va tartiblanganligi haqida xabar beradi.23
Umuman olganda, T.Stoniyerning, axborotlashgan jamiyatda yashab turib axborot nima ekanligini bilmaymiz, deb aytgan gapiga qo‘shilishimiz mumkin. Bunga o‘xshash fikrlar, axborotni tatqiq qilgan boshqa olimlar ta’limotlarida ham uchraydi. O‘z vaqtida kibernetikani otasi hisoblangan N.Viner shunday degan edi: “axborot bu materiya ham, energiya ham emas, balki axborotdir”24.”
Axborot o‘ziga xos xususiyatga ega ekanligini S.V.Bondarenko, “axborot ruh yoki sub’ektivlik emas, balki axborotdir”25, deb qayd etadi.
Axborot – insondan ham qadimiyroq hodisa. Axborot har qanday tizimlarning, hatto olamning ham ajralmas qismidir. Dunyo axborotga juda ham boy. Mohiyat e’tibori bilan, aks ta’sirni keltirib chiqaruvchi va boshqa o‘zgarishlarga ta’sir ko‘rsatuvchi har bir o‘zgarish axborot yaratadi. Tabiat o‘z tadrijiy rivojlanishi jarayonida o‘simliklar va hayvonlarning organizmlariga kodlashtirilgan axborotni joylagan. Axborot muayyan tizimga keltirilgan holdagina, uning mazmuni (ma’nosi)ni aniqlash mumkin. Chet tilidagi so‘z, agar biz bu tilni bilmasak, u ma’lum axborotni ifoda etadi, lekin ma’no (mazmun)ga ega bo‘lmaydi. Odamlar doim, o‘z rivojlanishining dastlabki bosqichlaridanoq axborot berish va uni saqlash vositalarini qidirganlar va topganlar. 26
Axborotlashgan jamiyat atamasi keng tarqalgan bo‘lsada, olim va tadqiqotchilar uning mazmun va mohiyatini tushunishda bir fikrga kela olmayaptilar. XX asrning 70 – 80 yillarida axborotlashgan jamiyatning shakllanishi va rivojlanishi haqidagi yangi konsepsiyalarda ijtimoiy taraqqiyotning asosiy omili axborot resurslaridan unumli foydalanish zarurligi ta’kidlanadi. “Axborotlashgan jamiyat” konsepsiyasining asoschilari Z.Bjezinskiy, D.Bell, E.Tofflerlardir27. Jamiyat taraqqiyotini “bosqichlar almashinuvi” sifatida o‘rganar ekanlar, axborotlashgan postindustrial jamiyat nazariyasi tarafdorlari uning taraqqiyotini, qishloq xo‘jaligi, sanoat va boshqa iqtisodiy xizmat sohalaridan keyin keluvchi “to‘rtinchi” iqtisod axborotlashgan sektorining ustuvorligi bilan bog‘laydilar. Ular industrial jamiyatning asosi – kapital va mehnat o‘z o‘rnini axborotlashgan jamiyatda axborot va bilimga bog‘liq deb hisoblaydilar. Boshqa ba’zi nazariyotchilardan farqli o‘laroq bu omillar inqilobni ijtimoiy – siyosiy harakat natijasi sifatida emas, balki jamiyatning sinfiy tuzilishini ijtimoiy nodifferensial “axborotlashgan jamoa” bilan almashtiruvchi “axborotli portlash”da ko‘radilar28.
“Uchinchi to‘lqin” asarida E.Toffler “postindustrial jamiyat”ga o‘tish manzarasini yoritadi, ya’ni “to‘lqinlar – bu tarix to‘lqinlari bo‘lib, uni insoniyat o‘z taraqqiyoti jarayonida o‘tib sivilizatsiyani yaratadi29. Bir – biridan keyin keluvchi bu to‘lqinlar uch harakatdan iborat tarix dramasini ko‘rsatuvchi fanni yaratadi: uch sivilizatsiya to‘lqini; industrial jamiyatgacha bo‘lgan (agrar) sivilizatsiya, industrial (sanoat) sivilizatsiya, va jamiyat infratuzilmasini va kishilar turmush tarzini o‘zgartiruvchi axborot texnologiyalar asosida postindustrial (kompyuter - axborotlashgan) sivilizatsiyadir30. Bunda E.Toffler bugungi kun uchun radikal, yangi bo‘lgan va kelgusi avlod turmushini tubdan o‘zgartiradigan axborotlashgan jamiyat elementlarini bayon etadi.
A.Turen fikricha, axborotlashgan jamiyat tushunchasi haqida so‘z borganida asosiy e’tiborni iqtisodiy munosabatlarga qaratish zarur. U telekommunikativ – axborot inqilobi jarayonida investitsiyaning boshqarish siyosatidagi o‘zgarishlarga alohida ta’sirini ta’kidlaydi. U axborotlashgan jamiyatda boshqaruvni axborot va kommunikatsiyalarning murakkab tizimini qo‘llash qobiliyatini ko‘radi, postindustrial jamiyat iqtisodiy tizim elementlarining jamiyatning o‘zidagi harakatlarga tegishli ekanligini tan oladi. Bu harakatlar doim har ongli iroda shaklida amalga oshmaydi, shuning uchun bu jamiyatni u dasturlashgan jamiyat deb ataydi31.
G.Makluen “Axborotlashgan jamiyatni elektron (audiovizual) kommunikatsiya g‘alabasi sharoitida shaxsning intellektual qobiliyati va ijodiy Harakterini oshiruvchi individ davri”32 deb ta’rif beradi. U elektron inqilob hayotni o‘zgartiradi deb hisoblaydi.
A.I.Rakitov «Axborotlashgan jamiyat ijtimoiy tuzilmalarda keskin o‘zgarishlar sodir bo‘lib, uning oqibatida axborotlashgan faoliyat va xizmatni ishlab chiqarish va boshqarishning barcha sohalarida avtomatlashtirish va robotlashtirish jarayoni jadal sur’atlar bilan shakllanadi”33, deb ta’kidlaydi. Binobarin axborotlashgan jamiyat qancha muhokama qilinsada, lekin hali u mukammallikdan yiroq. Bu nazariyaning tarafdorlari sivilizatsiyaning yangi holatini uning alohida belgilarini tahlil qilgan holda aniqlashga intiladilar, bunda asosiy e’tibor jamiyatga ijtimoiy bir butunlik sifatida belgilanmaydigan hodisalarga qaratadi.
Darhaqiqat, axborotlashgan jamiyat qancha muhokama qilinsada, lekin hali u mukammallikdan yiroq. Chunki, bu nazariyaning tarafdorlari sivilizatsiyaning yangi holatini uning alohida belgilarini tahlil qilgan holda aniqlashga intiladilar va asosiy e’tiborni jamiyatga ijtimoiy bir butunlik sifatida belgilanmaydigan hodisalarga qaratadilar.
Axborotlashgan jamiyat - bu shunday jamiyatki, unda ijtimoiy - iqtisodiy rivojlanish eng avvalo axborotni ishlab chiqarish, unga ishlov berish, uni saqlash va jamiyat a’zolari orasida tarqatishga bog‘liq bo‘ladi. «Biz XXI asrga qadam qo‘ymoqdamiz. Tirik mavjudot organizmida nerv to‘qimalari qancha ko‘p bo‘lsa, bu asrda sivilizatsiya organizmida ham elektronika shuncha ko‘p bo‘ladi... Agar hisoblash texnikasi lozim darajada rivojlanmasa, biz «yo‘naltirilgan rivojlanish» davriga qadam qo‘yishga umid qila olmaymiz», deb qayd etadi N.N.Moiseyev34. Bu yerda jamiyatni sanoatlashtirish emas, balki uni axborotlashtirish masalalari birinchi o‘ringa qo‘yiladi.
Axborot texnologiyasibu axborotni tanlash, jamg‘arish, tahlil qilish va foydalanuvchiga etkazib berishga yo‘naltirilgan hisoblash texnikasi, elektr aloqa, informatika texnik imkoniyatlarining uyg‘unligidir.
Axborot texnologiyalari jamiyat axborot resurslaridan oqilona foydalanishning eng muhim usullaridan biri bo‘lib, hozirgi vaqtga qadar bir necha evolyusion bosqichlarni bosib o‘tdi:

  1. bosqich. - XIX asrning ikkinchi yarmigacha davom etgan. Bu bosqichda “Qullik” axborot texnologiya taraqqiy etgan. Uning vositasi: Pero. Siyohdon. Kitob. Yozuvning kashf etilishi. Kommunikatsiya, ya’ni aloqa odamdan odamga yoki pochta orqali xat vositasida amalga oshirilgan. Uzatilayotgan axborotning ishonchliligi sezilarli darajada oshdi va axborotni og‘zaki uzatishga xos bo‘lgan kamchiliklarga ma’lum darajada barham berildi. (XIII asrning o‘rtalari) – kitob bosishning ixtiro qilinishi (Gutenberg va Ivan Fyodorov). Bu inqilob axborotning ko‘p nusxalarda tarqalishi imkoniyatlarini keltirib chiqardi. Kitob bosish ixtiro qilingunga qadar bilimlar kishilarning tor, maxsus guruhlarigagina yetib borishi mumkin edi. Kitob bosish ixtiro qilingandan keyin axborot ommaviy harakter kasb eta boshladi.

2-bosqich. XIX asrning oxiri, unda «Mexaniq” texnologiya rivoj topgan. Uning asosiy vositasi yozuv mashinkasi, arifmometr kabilardan iborat. Elektr energiyasi kashf etilgandan so‘ng telegraf, telefon, radio paydo bo‘lishi bilan bog‘liq holda sodir bo‘ldi. Axborot uzatishning bu vositalari uni uzatish tezligini bir necha barobar oshirdi. Ular ommaviy axborot vositalari rolining aholiga ta’sirini keskin kuchaytirdi. Kishilar hayoti va faoliyatining ilgari mavjud bo‘lmagan qator sohalari qaror topa bordi.
3 - bosqich. XX asr boshlariga mansub bo‘lib, ”Elektromexaniq” texnologiyalar bilan farq qiladi. Uning asosiy vositalari sifatida telegraf va telefonlardan foydalanilgan. Bu bosqichda axborot texnologiyasining maqsadi ham o‘zgardi. Unda asosiy urg‘u axborotni tasvirlash shaklidan, uning mazmunini shakllantirishga ko‘chirildi. XX asrning o‘rtalarida, hisoblash texnikasining ixtiro qilinishi, shaxsiy kompyuterlarning paydo bo‘lishi, aloqa va telekommunikatsiya tarmog‘ining yaratilishi. Aloqa va elektron texnika vositalari rivoji dastlab tasvirni uzoq masofaga uzatish imkonini bergan televideniening paydo bo‘lishiga olib keldi. Televidenie bilan deyarli bir vaqtda insoniyat aqliy mehnatini yengillatuvchi hisoblash mashinasi kashf etildi. Axborot bilan elektron ko‘rinishda ishlash uning tarqalishining amalda chegarasiz bo‘lishini ta’minladi.
4 - bosqich. XX asr boshlariga to‘g‘ri kelib “Elektron” texnologiyalar qo‘llanilishi bilan belgilanadi. Bu texnologiyalarning asosiy vositasi EXMlar va ular asosida tashkil etiladigan avtomatlashtiriladigan boshqarish tizimlari va axborot izlash tizimlaridir.
5 - bosqich. XX asr oxirilarida “Kompyuter” texnologiyalari taraqqiy etdi. Ularning asosiy vositasi turli maqsadlarga mo‘ljallangan dasturiy vositalarga ega bo‘lgan shaxsiy kompyuterlardir. Bu bosqichda kundalik turmush, madaniyat va boshqa sohalarga mo‘ljallangan texnik vositalarning o‘zgarishi ro‘y berdi. Lokal va global kompyuter tarmoqlari ishlatila boshlandi.
Axborot texnologiyasi faqatgina fan texnika hodisasi bo‘lmasdan, balki jamiyat sohalarining ham muhim omiliga aylandi.
Axborot texnologiyasining funksiyasi – yagona boshqaruv asosida mahsulotni loyihalash va ishlab chiqarish uchun axborot texnikasi negizida, axborotga ishlov berish yo‘li bilan ishlab chiqarish samaradorligini oshirishdan iborat35. Bu funksiyani bajarish jarayonida bir qancha vazifalar hal qilinadi.
Hozirda axborot texnologiyasiga katta e’tibor zamonaviy hisoblash texnikasi vositalarining jadal rivojlanishi hamda ishlab chiqarish komplekslarini yaratishda ulardan faol foydalanilishi bilan belgilanadi. Bilimlarni ishlab chiqarish va ulardan foydalanishda axborotga avtomatlashtirilgan yo‘sinda ishlov berish asosiy rol o‘ynaydi. Ma’lumki, moddiy ishlab chiqarish hajmini ikki baravar oshirish uchun bunday ishlab chiqarishga zarur axborot hajmini ikki baravar ko‘proq, ya’ni to‘rt baravar oshirish kerak. Axborot jamiyatning eng qimmat boyligiga aylanmoqda. Bu yangi informatika vositalari tarqalishining o‘sishi va kengayishiga turtki berdi.
Axborot texnologiyasi avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimida aylanadigan axborotga asoslanadi. Axborot texnologiyalarini ishlab chiqarishga tatbiq etishning asosiy maqsadi zamonaviy EHM, mini va mikro EHM, shaxsiy EHM yagona tizimlaridan foydalanish negizida ishlab chiqarishning samaradorligini oshirishdan iborat. Bu maqsad hozirgi ishlab chiqarishda mavjud qarama-qarshiliklarni bartaraf etish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunday qarama-qarshiliklarga, birinchidan, ishlab chiqarish ob’ektlarining kichik seriyaliligi bilan ishlab chiqarish ko‘lamining yirikligi o‘rtasidagi qarama-qarshilik kiradi. Zamonaviy ishlab chiqarishga komplektlovchi va ishlov beruvchi detallar nomenklaturasining kattaligi, texnologiyalar tez-tez almashib turishi xosdir. Ikkinchi qarama-qarshilik bu ishlab chiqarishning murakkablashuvi bilan boshqaruv funksiyalarini bajarish uchun zarur vaqt resurslarining qisqarishi o‘rtasidagi qarama-qarshilikdir. Axborotga ishlov berish tezligi ko‘pincha ishlab chiqarish sur’atidan ortda qolmoqda, bu qarorlarni o‘z vaqtida qabul qilishni ancha qiyinlashtirmoqda. Nihoyat, uchinchi qarama - qarshilik bu ixtisoslashishning chuqurlashuvi bilan ishtirok etuvchi rang-barang omillarni kompleks hisobga olishning zarurligi o‘rtasidagi qarama - qarshilikdir. Hozirgi zamon axborot texnologiyasi negizida ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yuqorida zikr etilgan qarama-qarshiliklarni bartaraf etishning asosiy vositasidir.36
Nihoyat, axborot texnologiyasining rivojlanishi ilmiy-falsafiy asoslarga ham ega. Bular: Dekart, Paskal, Leybnits ayrim falsafiy g‘oyalarining, matematik mantiqning rivojlanishi, dasturlashtirish tillari sohasidagi lingvistik tadqiqotlar, hisoblash texnikasi va algoritmlar nazariyasi sohasidagi tadqiqotlar va hokazodir.
Axborot texnologiyasi qolgan barcha texnologiyalarga va ilmiy bilimga nisbatan birlashtiruvchi xossaga ega. U formal sintezni amalga oshirishning muhim vositasidir. Iqtisodiyotni strukturaviy qayta qurish jarayonida axborot texnologiyasi alohida rol o‘ynaydi. Axborot texnologiyasi xo‘jalikning boshqa tarmoqlarini qisman yoki to‘liq avtomatlashtirish yo‘liga o‘tkazadi. Shu narsa diqqatga sazovorki, “Axborot texnologiyasi mehnat resurslarini tejash imkonini beradi. U o‘zining tadrijiy rivojlanishi vositalarini o‘zi yaratadi. O‘zini o‘zi rivojlantiruvchi tizimning shakllanishi - axborot texnologiyasi sohasida erishilgan muhim yutuqlardan biri”37. Bu texnologiyaning muhim xususiyati shundaki, u moddiy-energetik ekspansiyasiz fan-texnika taraqqiyotining rivojlanish istiqbollarini ochadi. Bu katta ekologik ahamiyatga ega hodisadir.
Yangi axborot muhiti katta qiyinchiliklar bilan yuzaga kelmoqda. Ko‘pgina qadriyatlar, chunonchi, ma’naviy-madaniy, moddiy-iqtisodiy qadriyatlar qayta baholanmoqda. Iqtisodiy rivojlanishning miqdoriy ko‘rsatkichlarini oshirishga intilishdan turmush sifatini oshirishga, barqaror rivojlanishga va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga o‘tilmoqda, ommaviy standart mahsulot ishlab chiqarishdan shaxsiy foydalanish uchun individual tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish, tafakkur mahsullari yaratish, yonilg‘i - xom ashyo tarmoqlarining oraliq mahsuloti ulushini qisqartirish hisobiga fan - texnika majmualari yaratish sari asta-sekin siljish sodir bo‘lmoqda.

Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   120




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin