Adabiyotlar ro’yxati: «Anomaliya razvitiya i korreksionno- vospitatelnaya rabota pri glubokom narushenii zreniya u detey». Ped. Red I.M. Zemsovoy M. 1980g.
«Defektologiya va lagopediya asoslari». V.S Rahmonova T.1994 y.
(4-ilova) MAVZU: Tug’ma va orttirilgan ko’z nuqsonlari Reja:
1. Ko’rishga aloqador tug’ma nuqsonlar.
2. Orttirilgan ko’rish anomaliyalari
3. Ko’rishga aloqador nuqsonlari bor bolalarni tarbiyalash.
Tayanch so’z va iboralar: Tug’ma nuqsonlar, orttirilgannuqsonlar, distrofiya,
traxoma, chechak, so’zak, ko’z sili, noto’g’ri muhit, oftalmolog, mikroblefaron, kriptoftalm, koloboma
Ko’rishga aloqador nuqsonlar kelib chiqish sabablariga ko’ra tug’ma va orttirilgan bo’ladi. Tug’ma nuqsonlar sabablari orasida irsiy kasalliklar (masalan, tug’ma kataraktaning ba’zi shakllari va boshqalar), xomilador ayolning toksoplazmoz, qizilcha kasalliklari bilan og’rishi, xomila ko’rish organlarining embrional rivojlanish paytda zararlanishi, miya o’smasi va shu kabi kasalliklar katta rol o’ynaydi.
Orttirilgan ko’rish anomaliyalari hozirgi kunda nisbatan kam uchraydi. Aholiga davolash-profilaktika, oftalmologiya yordamining yaxshilangani tibbiyot sohasidagi katta yutuqlar qo’lga kiritilgani munosabati bilan zaif ko’ruvchi bolalar ancha kamaydi. Traxoma, chechak, so’zak, ko’z sili, skarlatina va boshqa kasalliklar oqibatida bolalarning ko’r yoki zaif ko’ruvchi bo’lib qolish hodisalariga deyarli tamomila barham berildi.
Ko’z ojizligi, ya’ni ko’rish nuqsonlari zo’rayib boradigan va bir xil turadigan (muqim) bo’ladi. Zo’rayib boradigan xili kun sayin og’irlashib, bora-bora ko’rlikka olib keladi. Muqim xili esa turg’un bo’ladi, bolaning ko’rish darajasi doim bir xilda turaveradi. Ko’rish qobiliyatining zo’rayib boradigan zaifligi, ko’ksuv, ya’ni glaukoma kasalligi (ko’z ichki bosimining ko’tarilib ketishi) ko’ruv nervi atrofiyasi, to’r parda (ko’zning yorug’likni qabul qiladigan qismi) distrofiyasi (aynishi) ga bog’liq bo’lib, bolaning har qanday rivojlanish davrida vujudga kelishi mumkin. Gigiyenik talablarga rioya qilmaslik refraksiya anomaliyalar bilan bog’liq bo’lgan ko’z kamchiliklari zo’rayib borishiga ham olib keladi (faqat yaqindan yoki uzoqdan ko’rishga).
Yosh go’daklarda ba’zan ko’zga oid tug’ma nuqsonlar xam uchraydi: kriptoftalm - ko’z olmasi, qovoqlarining tug’ilishdan rivojlanmay qolgani; mikroblefaron -ko’z qovoqlar kaltaligi tufayli ko’zning yumilmay turishi, koloboma— ko’z qovoqlarining nuqsoni va boshqalar shular jumlasidandir. Bunday kamchiliklarning ko’pchiligini jarrohlik yo’li bilan davolab, ularni bartaraf etsa bo’ladi.
Ko’zi ojiz, so’qir bolalar ko’r tug’ilgan va ko’r bo’lib qolgan bolalar deb ikki guruhga ajratiladi. Birinchi guruhga tug’ilishdan ko’zi ojiz va tug’ilganidan so’ng to uch yoshgacha bo’lgan davr ichida ko’rish qobiliyati buzilgan bolalar kiritilsa, ikkinchisiga keyinchalik ko’zi ko’r bo’lib qolgan bolalar kiritiladi, bunday bolalar xotirasida ko’rish tasavvurlari qolgan bo’ladi. Ko’rish qobiliyatining og’ir shakldagi buzilishlari bolaning xarakterida, psixikasida ikkilamchi asoratlar paydo bo’lishiga olib keladi.
Ko’r bo’lib qolgan bolalar bilan barcha ishlar ularning ko’rish tasavvurlarini tiklash asosida olib boriladi va bunda ma’lum natijalarga erishish mumkin bo’ladi. O’ar holda bola rang, shakl va boshqalarni bir qadar eslab qoladiki, bu tegishli tushunchalar hosil qilishni osonlashtiradi. Ko’z ojizligi qancha kech paydo bo’lgan bo’lsa, bolaning tevarak-atrof haqidagi tasavvurlari shuncha boy va ularni mustahkamlash, takomillashtirish, kenggaytirish shunchalik oson bo’ladi.
Ko’rish qobiliyati keskin kamaygan bolalar ko’zi ojiz bolalar uchun maxsus tashkil etilgan maktablarda yoki sog’lom tengdoshlari orasida ta’lim olishlari kerak. Bu maktablarda sog’lom analizatorlarning aktiv faoliyati asosida (tuyg’u va eshitish, boshqa sezgi analizatori) ko’rish analizatori faoliyatini qoplash ishlari olib boriladi. Maxsus ta’lim-tarbiya ishlari ko’rish qobiliyatining zaifligi natijasida paydo bo’lgan ikkilamchi psixik asoratlarning oldini olish, ularni bartaraf etish, korreksiyalashga qaratiladi. Bolada mustaqil hayot uchun zarur bo’lgan barcha bilim ko’nikma, hamda malakalar shaklantirib boriladi.
Zaif ko’ruvchi bolalar tevarak-atrofni ko’rish analizatori orqali idrok etadilar. Ular ham ko’rish qobiliyati zaif bolalar uchun tashkil etilgan maxsus maktabda yoki ko’rlar maktabi qoshidagi maxsus sinflarda sog’lom tengdoshlari orasida ta’lim olishlari kerak. Biroq bunday bolalar aksari ommaviy maktablarda o’qishni boshlashi ma’lum. Bir necha yil muvaffaqiyatsiz ravishda, qiynalib o’qigach, ular maxsus maktabga yuboriladi. Bunday bolalarni tarbiyachi va o’qituvchilar sog’lom tengdoshlaridan ajratib olib, iloji boricha vaqtli maxsus maktablarga jo’natishlari yoki inklyuziv ta’limni tashkil etishlari kerak. Ko’rish qobiliyati zaiflashgan bolalar satrlarni yaxshi ajrata olmaydilar, shakli o’xshash narsa, harflarni bir-biri bilan adashtirib yuboradilar, natijada o’qish va yozishda ko’p xatolarga yo’l qo’yadilar. Raqamlarni bir-biridan yaxshi ajrata olmaslik oqibatida hisoblashda va matematika masalalarini yechishda qiynaladilar. Ular doskaga yozilganlarni, jadval, sxema va boshqa tasvirlarni yaxshi ko’rmaydilar, ko’rish bilan bog’liq ishni bajarish vaqtida tez charchab qoladilar.
Noto’g’ri muhit, noqulay sharoit bolaning ko’rish qobiliyati keskin pasayib borishiga olib kelishi mumkin.
Tarbiyachi va o’qituvchilar ko’rish qobliliyati zaif bolalarni o’z vaqtida oftalmolog huzuriga maslahatga yuborishlari kerak.
Oftalmolog bolani tekshirib, kerak bo’lsa unga korreksiya qiladigan ko’zoynak taqib yurishni tavsiya etadi va bola qayerda ta’lim olishi kerakligini aniqlaydi. Ko’zoynak taqib yurishi kerak bo’lgan bolalarga bog’cha va maktab sharoitida to’g’ri sanitariya-gigiyena sharoitlari yaratilishi zarur. Bolaning ish o’rni to’g’ri va yetarli darajada yoritilgan bo’lishi lozim. Bola doska, jadval, kartada chizilgan tasvirlar va boshqa o’quv materiallarini qanchalik aniq ko’rayotganiga e’tibor beriladi. Anomal refraksiyali bolalarning ko’zi tez charchab qolishini hisobga olib, dars vaqtida ularga ish turlarini mumkin qadar o’zgartirib turish, ko’z qadash bilan bog’liq bo’lgan ishlar, topshiriqlar hajmini g’oyat jiddiy nazorat qilib borish zarur.
Ko’z o’tkirligi 0,05 dan to 0,4 gacha bo’lgan zaif ko’ruvchi bolalar maxsus bog’cha va maktablarda ta’lim-tarbiya olishadi. Bu joylarda o’quv ishlari ko’rish asosida olib boriladi, ammo turli texnik va kattalashtiruvchi optik vositalardan, yirikroq harflar bilan bosib chiqarilgan darsliklardan, maxsus yoritgichlardan va hokazolardan foydalaniladi. Maxsus maktabning asosiy vazifalaridan biri — bolalarda saqlanib qolgan ko’rish imkoniyatlaridan o’qish jarayonida to’g’ri foydalanish va bularni rivojlantirish, ko’rish qobiliyati pasayib ketmasligi uchun shart-sharoit yaratish, oliy ruhiy jarayonlarni tarbiyalab, bolaning bilim faoliyatini rivojlantirish, kengaytirish, bolada ko’rish qobiliyati zaifligi natijasida paydo bo’lgan ikkilamchi ruhiy asoratlarni bartaraf etish va boshqalardir.
Maxsus maktablarni bitirgach, ko’rish qobiliyati zaif bolalar jumhuriyat ko’rlar jamiyati qoshidagi muassasalarda ishlaydilar, intellektual faoliyat bilan shug’ullanadilar (yozuvchi, shoir, oliy va o’rta maktab o’qituvchilari, muzikachi, va boshqalar bo’lib).
Shunday qilib, ko’rish qobiliyati zaif bolalarni ta’lim-tarbiya yo’li bilan rivojlantirib borish imkoniyatlari juda katta, to’g’ri tashkil etilgan kompensator, korreksion chora-tadbirlar natijasida ular hayotida o’z o’rnini topib ketishlari mumkin.
(5-ilova)