www.ziyouz.com kutubxonasi
9
Otabek xufton namozi uchun tahorat olishg‘a mehmonxonadan chiqg‘an edi, uning
keticha:
— Otaning bolasi-da, — deb Ziyo shohichi mehmon-larga qarab qo‘ydi.
— Umri uzoq bo‘lsin, — dedi Akram hoji, — yigitlarimiz ichida eng aqllig‘i ekan...
Agarda xon ko‘tarish manim qo‘limda bo‘lsa edi, xon qilib Otabekni ko‘tarar edim... O‘zi
o‘qug‘anmi?
Bu maxtovlar bilan terisiga sig‘may ketkan Hasanali javob berdi:
— Toshkand Beklarbegi madrasasining peshqadam mullabachchalaridan edi, lekin
uch yilcha bo‘ldi, xo‘jamiz madrasadan olib savdo ishiga qo‘ydilar.
— Xudo har narsadan ham bergan yigit ekan, — dedi qutidor.
Ahli majlis Otabekni ko‘klarga ko‘tarib maxtar edi, lekin Homid bu maxtashlarg‘a
ishtirok etmas va nimadandir g‘ijing‘andek ko‘rinar edi. Shu orada qutidorning
«uylanganmi?» deb Hasanalidan so‘rashi Ho-midga yana boshqacha holat berdi.
Hasanalining so‘ra-g‘uchig‘a bekning qiz yoqdirmaslig‘ini sabab ko‘rsatib, shu kungacha
uylanmay kelganligini tafsili bilan hikoya qilib berishidan so‘ng ul toqatsizlang‘andek
bo‘ldi:
— Balki begingizning tama’lari xon qizidadir, — dedi istehzo bilan Homid, — bundog‘
yigitlar uylanganlarida ham kishi qizini umr bo‘yi azob ichida o‘tkazadirlar...
Sababiga tushunish qiyin bo‘lg‘an bu istehzoga qar-shi Hasanali sukut qilmadi:
— Men uning xon qizini olish maqsadi borlig‘ini bilmayman, — dedi kulimsirab, —
biroq ul xon qizini olsa arzimaydirgan yigit emas... hatto zarxarid quli bo‘lg‘anim holda
menga ham qattig‘ so‘z aytishdan saq-lang‘an bir yigit o‘z nikohida bo‘lg‘an ozod bir
qizg‘a albatta zahmat bermas, deb o‘ylayman. Ba’zi xotin uradirgan va xotin ustiga xotin
olib, xotinlarig‘a zulm qiladirg‘an hayvonsifat kishilardan bo‘lib ketishi menimcha
ehtimoldan juda uzoqdir, inim mulla Homid...
Hasanali o‘tkan faslda Homidning o‘z og‘zidan xotinlarig‘a qarshi qamchi ishlatkanini
eshitkan edi. Shunga binoan uning bu oxirg‘i jumlasi Homidni yerga qaratib, lom
deyishka majol bermay qo‘ydi. Ziyo shohichi qaynisi Homidga «Tuzlatildingmi»?
degandek qilib qaradi va Hasanalidan afu so‘radi:
— Kechirasiz, ota, — bizning Homidboy shunaqa qo‘lansa gaplar uchun yaratilg‘an
odam.
Qutidor ham Hasanalining ko‘nglini ko‘tarib tushdi:
— Gapingiz to‘g‘ri, ota, — dedi, — Otabek xon qizig‘a loyiq bir yigit ekan.
Bahslashish uchun Homidga yo‘l qolmag‘an edi. Bir turlik iljayib yer tegidan
Hasanaliga ko‘z tashladi.
Oshdan keyin boshlab Homid, so‘ngra boshqa meh-monlar tarqalishdilar. Otabek bilan
qutidorning yo‘llari bir bo‘lg‘anliqdan birgalashib ketdilar. Qutidor havlisiga qayrilar ekan,
bek bilan xayrlashdi:
— Albatta, birisi kun biznikiga marhamat qilasiz, tuzikmi?
— Xo‘b, amak.
— Bizniki mana shu burchakdagi eshik... Qaytag‘a bu kun biznikida qolsangiz
bo‘lmasmi-a?
— Rahmat... Xayr, salomat bo‘lingiz.
Ular to‘xtab so‘zlashqan o‘rinlaridan xayrlashib uzoq-lashg‘ach, shundagi bir
burchakdan choponig‘a burkangan bir kishi chiqib, haligilar kelgan tomong‘a qarab
yurdi...