www.ziyouz.com kutubxonasi
11
emasdir» deb to‘xtaldi. Yana kiraymi, yo‘qmi, deb ikkilanib turg‘andan keyin yurib,
o‘zining hujrasiga keldi. Ammo Otabek to‘g‘risidagi tashvishi boyag‘idan o‘n qayta ortqan
edi. Yeshinib uxlarg‘a yotqan bo‘lsa ham bekning xususi uni ko‘z yumg‘ali qo‘ymadi. Bek
to‘g‘risida har turlik xayollarga bormoqda edi. Yusufbek hojining «O‘g‘lim yosh, sen
dunyoning issiq-sovug‘ini tatig‘an va manim ishongan kishimsan. O‘g‘limning har bir
holidan xabar olib turish sening vazi-fangdir», deb ta’kidlashi, Otabekning onasi —
O‘zbek oyimning yoshliq ko‘z bilan: «Seni xudoga, Otamni senga topshirdim!» — deb
yolborishlari, zorillashlari uning quloqlari ostida takrorlang‘andek bo‘lar edilar. Uxlab
ketalmadi. Ko‘ynakchan egniga choponini yopinib o‘rnidan turdi, hujradan chiqib Otabek
darichasi ostig‘a yana kelib o‘lturdi.
Tun ayoz, izg‘iriq yel to‘rt tarafka yugurib jon achitmakchi bo‘lar edi. Hasanali yarim
yalang‘och holda junjayib daricha ostida, izg‘iriq quchog‘ida o‘lturar erdi. Ul yegan
sovug‘ig‘a iltifot etmas, vujudini izg‘iriqqa topshirib, fikrini hujra ichiga yuborg‘an edi.
Hujra ichiga bir muncha quloq solib o‘lturgandan keyin, uzun tin olib boshini tirqishdan
uzdi, Otabekning pishillab uxlag‘an tovshini eshitib bir darajada tinchlandi. Vasvasadan
ariyozg‘an bo‘lsa ham o‘rnidan qo‘zg‘almadi, nima uchundir tag‘in ham sovuqqa junjib
o‘ltira berdi. Oradan yana bir necha daqiqa fursat o‘tib, Hasanali tamom tinchlandi, ham
turib ketmakchi bo‘ldi va shu holatda ichkaridan uyqusirash eshitdi:
— «Qora ko‘zlari, kamon qoshlari...»
— A-a-a, — dedi Hasanali va qaytadan qulog‘ini tirqishg‘a olib bordi. Endi uning
butun borlig‘i quloq bo‘lib aylangan, o‘zini unutib barcha diqqati hujra ichiga oqg‘an edi.
O‘rtadan ko‘b fursat o‘tmadi, boyag‘i uyqusirash yana takrorlandi:
— «Oy kabi yuzlar, kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar... Uff».
Hasanali uchun birinchida onglashilmay qolg‘an ma’nolar bu keyingi gap bilan
yeshildi. Hasanali endigi o‘lturishni ortiqcha topib o‘rnidan turdi, hujrasiga kirar ekan,
boshini chayqab o‘zicha so‘zlandi:
— Bek oshiq!
O‘rni ustiga choponini yopdi-da, ko‘rpasi ichiga kirib o‘lturdi va «chindan oshiqmi?»
degan savolni ko‘nglidan kechirdi. Tanish bo‘lmag‘an bir shaharda kimning bo‘lsa ham
qizig‘a uchrashsin, besh-olti kun ichida bu yanglig‘ uyquda ham... masalaga bu jihat
bilan qarab bekning ishqig‘a ishongusi kelmas edi. Ammo ikkinchi tomondan qulog‘i
ostida bekning o‘z og‘zidan eshitilgan— «kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar...» jumlalari
takrorlang‘andek bo‘lib xo‘jazodasidagi bir necha kunlik o‘zgarishka muhabbatdan
boshqa hodisa, deb ma’no beralmas edi. Bu ikki turlik masalalarning o‘ng-tersini
aylandirib muhokama qildi va o‘lchadi. Hasanalining o‘zi tarozuning ishonmasliq
pallasida bo‘lsa ham — «kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar» hamon quloqlari ostida
takrorlanar edilar. Tun tong otarg‘a yaqinlashg‘an, uning uyquliq miyasi hech bir turlik
bu muammoni yesha bilmas edi. Ko‘b o‘ylasa ham bir qarorg‘a kela olmadi. Ammo
ertaga bekning o‘zini sinab ko‘rmakchi bo‘lib ko‘zi uyqug‘a ketdi.