www.ziyouz.com kutubxonasi
12
— Aytkaningizdek, — dedi Hasanali. — Marg‘ilonning havosi buziq ekan, bir-ikki
kundan beri manim ham ahvolim o‘zgarib boshladi. Marg‘ilondan tez jo‘namasaq men
ham ishdan chiqadirg‘an o‘xshayman...
Bu gapdan keyin Hasanalining ko‘zi bekka tikilgan edi, agar tundagi uyqusirash
Hasanalining o‘ylag‘an ehtimoliga to‘g‘ri kelsa, o‘zining haligi so‘zi Otabekka bir
o‘zgarish berishida shubha qilmas edi.
Otabek boshi berk ko‘chada qolg‘ondek bo‘ldi, javobg‘a qiynaldi:
— Ketamiz, — dedi bir oz o‘ylang‘andan keyin, — mol baholari to‘g‘risida bitisha
olmay turamiz — olg‘uchilar arzon so‘raydirlar. Shuning uchun tag‘in bir necha kun
qolishimizg‘a to‘g‘ri kelarmikin. Bilmadim...
Hasanalining sinashi nihoyatiga yetkandek bo‘ldi, hatto yuqoridag‘i javobni eshitkan
vaqtida nima uchundir o‘zini bir turlik kulgidan arang to‘xtatib qolg‘an edi. Yana o‘rtada
xomushlik hukm surib, Hasanali ishni tuzikroq ochish va yo shu ko‘yi qoldirib ketaberish
talashida edi. Hasanali bekning har bir siriga o‘zini mahkam deb hisoblag‘anliqdan,
darhaqiqat, Otabekka mahram bo‘lishg‘a loyiq bir mehribonchiliqqa ega bo‘lg‘anliqdan
xo‘jazodasi bilan ochiq so‘zlashish fikriga keldi. Bir necha daqiqa muqaddima uchun reja
qurib o‘lturgandan so‘ng tilga keldi:
— O‘g‘lim, Otabek.
— So‘zlangiz.
— Aytingiz-chi, men sizning kimingiz?
Otabek, Hasanalining maqsadig‘a tushunolmay maj-hul unga nazar tashladi:
— Sizmi? — deb kulimsiradi. — Otam bo‘lmasangiz ham meni otaliq muhabbati bilan
suygan sodiq va mehribon bir kishimsiz — ya’ni ma’naviy otam.
— Barakalla, o‘g‘lim, — dedi Hasanali, — javobingiz o‘z o‘ylag‘animchadir. Endi sizdan
shuni ham so‘rayin: xo‘jasig‘a sodiq bir qul, sizning ta’biringizcha, ma’naviy bir padar o‘z
o‘g‘lig‘a yomonlik sog‘inarmi, bu to‘g‘rida javob beringiz-chi?
Otabek kutilmagan bu savoldan ajablandi:
— So‘zingizga tushunolmadim, ota, — dedi, — shundog‘ bo‘lsa ham javob beraman:
bu kungacha siz yolg‘iz meninggina emas, bizning oilamizga otaliq mavqi’ida turib,
yaxshiliqdan boshqani sog‘inmay kelasiz.
Hasanali tusini buzmadi:
— Ilgariroq balki shundog‘ bo‘lg‘andir, ammo endi, ayniqsa siz...
— Ayniqsa men... ochib so‘zlangiz.
— Ayniqsa sizning menga saqlag‘an ishonchingiz tugalganga o‘xshab, o‘zimdan
qandog‘ kamchilik o‘tkaniga hayratdaman.
— Qiziq gaplar so‘zlaysiz, — dedi Otabek, taajjubi ortqan edi. — Menga qandog‘
yomonlik sog‘indingiz-ki, sizga ishonchim bitsin? Vasvasalanishning o‘rni yo‘q, mundan
so‘ng ham sizning xayrixohona kengashlaringizga, ham vujudingizga muhtojman,
amonatim, boshqam mundan keyin ham ona qornida saqlang‘andek sizda saqlanishig‘a
ishonaman va bunga sizning ham amin bo‘lishingiz kerak, ota.
— Lekin... til bilan ko‘ngil boshqa-boshqadir, o‘g‘-lim...
Otabek bu ters va qo‘rs muqobaladan toqatsizlandi:
— Yanglishasiz, ota.
— Yanglishmayman, bil’aks bilib, qanoatlanib so‘z-layman.
— Tilim bilan ko‘nglimning boshqalig‘ini isbot qilingiz.
Hasanali ginalik qiyofada qoshlarini chimirdi va:
— Mendan yashirib yurgan bir sirringiz bor, — dedi.
— Sizdan yashirg‘on bir sirrim bor?