www.ziyouz.com kutubxonasi
14
bilinur. Havlining janub tarafi do‘konlar orqasi, ammo katta tup gilos yog‘ochlari qoplab
yotadirlar.
Endi biz tashqari havlini qo‘yib mehmonxonaning yonidan ichkariga kiramiz. Ichkari
havlining yo‘lagi ham nargisidek usti va bag‘ri yopiq — qorong‘u, yo‘lakning nihoyatiga
borib o‘ngga yurilsa axtaxonaga, chapka yurilsa birinchi martaba kirganimizdek ulug‘ bir
havliga chiqarmiz. Havlining to‘rt tarafi turlik ehtiyoj binolari bilan va to‘rdagi binoning
ikki biqini katta uylar bilan o‘ralg‘an bo‘lib, shu ikki uyning orasig‘a o‘lturgan koshinkor
va naqshin chorxari ayvon bu havlining birin-chi martaba ko‘zga chalinadirg‘an
ortiqliqlaridandir. Shu chorxari ayvonning o‘rta bir yerida, ustiga atlas ko‘rpalar
yopilg‘an tanchaning to‘rida devorga suyanib, avrasiga qora movut sirilgan sovsar
po‘stin kiyib bir kishi o‘ltu-radir. Bu kishi bilan ikkinchi martaba tanishib o‘lturmaymiz,
chunki, bu odam o‘qug‘uchi bilan tanishqan — Mirzakarim qutidor. Tanchaning ikki
biqinida ikki xotin: bulardan bittasi ichidan atlas ko‘ynak, ustidan odmi xon atlas guppi
kiygan, boshig‘a oq dakanani xom tashlag‘an, o‘ttuz besh yoshlar chamaliq go‘zal, xush
bichim bir xotin. Yuzidan muloyimlik, eriga itoat, to‘g‘riliq ma’nolari tomib turg‘an bu
xotin qutidorning rafiqasi — Oftob oyim, ikkinchisi yetmishlardan o‘tkan bir kampir.
Oftob oyimning onasi — Oysha bibi. O‘choq boshida qo‘polg‘ina, qirq besh yoshlar
chamaliq yana bir xotin choy qaynatib yuradir. Bu xotin ersa oilaning cho‘risi —
To‘ybeka. Biz bular bilan tanishishni shu yerda qoldirib ayvonning chap tarafidagi
daricha orqalik uyga kiramiz, ham uyning to‘riga soling‘an atlas ko‘rpa, par yostiq
quchog‘ida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi uyg‘oq yotqan bir qizni
ko‘ramiz. Uning qora zulfi par yostiqning turlik tomonig‘a tartibsiz suratda to‘zg‘ib,
quyuq jinggila kiprak ostidag‘i timqora ko‘zlari bir nuqtag‘a tikilgan-da, nimadir bir
narsani ko‘rgan kabi... qop-qora kamon, o‘tib ketkan nafis, qiyig‘ qoshlari chimirilgan-
da, nimadir bir narsadan cho‘chigan kabi... to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuzi bir oz
qizilliqg‘a aylangan-da, kimdandir uyalg‘an kabi... Shu vaqt ko‘rpani qayirib ushlagan oq
nozik qo‘llari bilan latif burnining o‘ng tomonida, tabi’atning nihoyatda usta qo‘li bilan
qo‘ndirilg‘an qora xolini qashidi va boshini yostiqdan olib o‘lturdi. Sariq rupoh atlas
ko‘ynakning ustidan uning o‘rtacha ko‘kragi bir oz ko‘tarilib turmoq-da edi. Turib
o‘lturgach boshini bir silkitdi-da, ijirg‘anib qo‘ydi. Silkinish orqasida uning yuzini
to‘zg‘ig‘an soch tolalari o‘rab olib jonso‘z bir suratka kirgizdi. Bu qiz suratida ko‘ringan
malak qutidorning qizi — Kumushbibi edi.
Kumushbibi bir necha kundan beri sovuq havo tegdirib, bosh og‘rig‘i va ko‘z tinishka
o‘xshash og‘rig‘lardan shikoyat qilib yurar, shuning uchun onasi «tinch uxlasin, ortiq
urinmasin» deb bu kun namozga ham uyg‘otdirmag‘an edi.
Kumush, kiyinib uydan chiqdi, To‘ybeka tomonidan hozirlanib berilgan issig‘ suv bilan
yuzini yuvdi. Uyiga kirib artinib, tuzatingach ayvonga chiqdi. Ayvondagilarga salom berib
otasining yonig‘a kelib o‘lturdi.
Qutidor qizini kuzatdi:
— Tuzikmisan, qizim?
— Yo‘q, otajon, boshim hamon og‘rib turadir.
Qutidor qizining peshonasini ushladi:
— Ey-ha, Kumush, hali issig‘ing bor, — dedi. — O‘zingni teja qizim, o‘rningni qalin
qilib burkanib yot, terlasang yorisharsan, qizim. To‘ybeka, Kumushning choyini oqlab
ber-chi.
Oftob oyim erining so‘zini kuchlab tushdi:
— Issig‘i bor, yuzi ham qizarib bo‘rtib turibdir.
O‘zining ruhsiz tovushi bilan Oysha buvi ham gapka aralashdi.