www.ziyouz.com kutubxonasi
20
— Ko‘ray-chi, qadamim muborak bo‘larmikin, — deb qo‘ydi.
Kechlik oshni o‘tkazgach, Hasanali o‘z hujrasidan kiyinib chiqdi-da Otabek yonig‘a
kirdi. Otabek «Boburnoma» mutolaasi bilan mashg‘ul edi. Ba’zi bir ehtimollarga qarshi
o‘zining niyatini bildirmay:
— Menda yumishingiz yo‘qmi, bek? — deb so‘radi Hasanali. — Hammomga bormoqchi
edim...
Otabek ko‘zini kitobdan uzmay javob berdi:
— Yumishim yo‘q, boraveringiz.
Hasanali chiqdi. Qosh qorayib, qorong‘u tushayoz-g‘an edi. Havo bulut, achchig‘,
sovuq yel to‘rt to-mong‘a yugurar, onda-sonda qor uchqunlarini quvlab ziriqtirar edi.
Eruv vaqtida yarim beldan loy kechishka to‘g‘ri keladigan ko‘chalarning loyi
qatqaloqlang‘an, shuning uchun yurguchi qiynalmas, aksincha ola-chalpoq qor
pag‘alarini bosishdan vujudga kelgan oyoq ostidag‘i «g‘arch-g‘urch» tovushlari kishiga
bir turlik kayf, musiqaviy yengillik berar edilar. Do‘konlar yopiq bo‘lsalar ham
choyxonalar ochiq, kishilar o‘rtaga gulxan solib, choyxonachining bachchasini gohi
o‘zlariga xon ko‘tarib va gohi «xon qizi» deb ham qo‘yadirlar. Xon saylag‘uchilar orasida
yosh yigitlar bor bo‘lg‘anidek, katta sallalik mullanamolar, yetmish yoshliq keksalar ham
ko‘rinadirlar... Qish kechalari juda uzun, shuning uchun choyxonalar obod; xalq
lazzatlanib bachchaning tabarruklangan choyini ichadir, husniga tamosho qilib xudoning
qudratiga hayron qoladilar...
Hasanali Ziyo shohichining tashqarisig‘a kelib kirdi-da, mehmonxona darichasiga
qaradi. Daricha tirqishidan ko‘rilgan yorug‘liq mehmonxonada kishi borliqni bildirar edi.
Hasanali tuzatinib oldi va ichkariga kirdi. Ziyo shohichi namoz o‘qumoqda bo‘lib,
mehmonxona chet kishidan xoli edi. Bu tasodufdan Hasanali so‘yindi va Ziyo akaning
namozni bitirishini kutib o‘lturdi. Ziyo shohichi yonig‘a salom berib joynamozdan
orqasiga qarab qo‘ydi. Fotihaga qo‘l ko‘tardi. Fotihadan so‘ng kelib Hasanali bilan
so‘rashdi:
— Keling ota, tinchlikmi?
— Shukur, tinchlik.
Tancha tevaragiga ulturishdilar. Bir muncha vaqt so‘zsiz edilar. Ziyo shohichi bu
vaqtsiz tashrifka tushuna olmay «nima qilib yurasan?» degandek etib, bir necha qayta
Hasanaliga qarab oldi.
— Ajablanmangiz, boy aka, kelishimda bir majbu-riyat bor.
— Sizni Otabek yubordimi?
— Yo‘q, o‘zim keldim, boy aka.
Ziyo shohichi yana tushuna olmadi. To‘g‘risi ham Hasanalining bu kelishi Ziyo aka
uchun yot bir ish edi. Chunki, Hasanali Otabekning quli. Qullar bilan jiddiy muomalada
bo‘linmoq, ayniqsa Ziyo shohichilardek odamlarg‘a favqulodda bir ish. Buning ustiga
majburiyat ostida o‘zicha kelishi...
Ziyo akaning boshi qotib oxirda so‘radi:
— Majburiyatingiz?
Hasanali kulimsirab oldi:
— Majburiyatimni eshitsangiz, balki ishonmassiz.
— Xo‘sh.
— O‘zingizga ma’lumki, — dedi tuzuklanib Hasan-ali, — Marg‘ilon kelganimizga
yigirma besh kun, bir oylar chamasi fursat o‘tdi. Shundan beri Otabek dard-mand.
Ziyo aka ajablangan edi:
— Qanday dardmandlik, Otabek sog‘-ku?