Qo‘qondan har kun deyarlik xabarlar kelib turar edi. «Qo‘qon sipohi tomonidan
Toshkand o‘raldi» degan xabarga endi o‘n besh kunlab vaqt o‘tgan edi. Ammo hanuz —
«Toshkand olindi» degan gap yo‘q edi.
Kechadan beri kishilar og‘zida: «Normuhammad qushbegi yaralangan, Qo‘qon
yigitidan bir yarim mingi qirilgan» degan xabar yurib ketdi. Chamasi, Azizbek osonliq
bilan jon beradigan ko‘rinmaydir.
Anovi yarasining ustiga Toshkand foji’asi kelib qo‘shilg‘ach, Otabek tag‘in ham
xayolchanlangan, tag‘in ham xomushligini ortdirgan edi. Hatto ba’zi kunlar hujrasidan
tashqarig‘a chiqmas, kishilar bilan so‘zlashmas, boshqacha aytkanda kundan-kunga
go‘shanishinlikka yaqinlashib borar edi.
Bu kun ertalabki choydan so‘ng Hasanali kechagi fikrini chinlab amalga oshirmoqchi
bo‘ldi. Chunki Otabekdagi o‘zgarish — kundan-kunga rangining siniqib borishi, hujradan
chetka chiqmasligi, xomushligi va boshqalar Hasanalini yaxshig‘ina qo‘rquvg‘a solg‘an,
o‘zining faqat tomoshachig‘ina bo‘lib yurishidan rizosiz-langan edi. Durust, ul Otabekning
muhabbatiga voqif bo‘lg‘anidan beri bir daqiqa ham uni o‘zining ko‘z o‘ngidan uzoq
tutmag‘an: mahbubasi kim, kimning qizi, birar ebini qilsa mumkinmi? — Mana
shuningdek masalalarni tekshirib, bilib ham o‘ylab kelgan edi. Ammo bu to‘g‘rida
Otabekning ko‘magiga chinlab bel bog‘lashdan uni ba’zi ehtimollar to‘xtatib: «Otabek
yosh, yoshlar muhabbati uchar qush, balki, bu kun-erta unutib ham yuborar» kabi
mulohazalarda bo‘ling‘an edi. Nihoyat, Otabekdagi o‘ychanliq va o‘zgacha hollarning
kundan-kunga kuchayib borishi Hasanali haligi mulohazadan voz kechdirib, boshqa
yo‘sunlarni qaratmoqqa majbur etdi.
Garchi uning qarori bir nuqta ustida to‘xtag‘an bo‘lsa ham shu holda tinib turmadi,
yana yuz turlik boshqacha yo‘sunlarni o‘yladi, ming turlik xayollarga borib qaytdi, ammo
ularning bittasini ham Otabek og‘rig‘ig‘a em deb topmadi va nihoyat: