Bu kunlarda Marg‘ilonda shunday xabar chiqib qoldi. «Toshkand hokimi bo‘lg‘an
Azizbek Qo‘qong‘a qarshi bosh ko‘targan. Xon tomonidan xiroj (zakot, soliq) uchun
yuborilg‘an devon beklarini o‘ldirgan!» Ikkinchi kun bu xabar tag‘i ham boshqacha to‘n
kiydi: «Musulmonqul Normuhammad qushbegiga besh ming sipoh qo‘shib, Toshkand
ustiga jo‘natqan!»
Bu xabarlar xalq tomonidan juda oddiy, ortiqcha sovuqqonliq bilan qarshi olindilar. Bu
voqi’aga hech kim ajabsinmadi va bunda favquloddaliq ko‘rmadi. Xalq bunga haqli edi,
chunki, bunday tinchsizliklarni endi ko‘ra-ko‘ra juda ham o‘rganib qolg‘an, bu kun
bo‘lmasa ertaga o‘zining botir boshisining, oftobachasining, xullas, kim bo‘lsa ham
beklaridan birining shunday tinchsizlik chiqarishig‘a «mumkin va bo‘ladirg‘an ish» deb
qarar edi. Ammo biz Otabekni bu to‘g‘rida xalq bilan birgalashtira olmaymiz. Chunki ul
bu xabarga sovuqqonliq bilan qaray olmas edi va qaray olmadi. Bu xabarni eshitar ekan,
yeb turgani og‘zida, yutkani bo‘g‘zida qoldi: bunday o‘zboshimchalik orqasidan o‘zining
ochiq ko‘zi, o‘tkir zehni orqaliq mudhish, falokatlik manzaralar ko‘rar, millatini — xalqini
— musulmonini qo‘rqunch jar, tegsiz jahannam yoqasida, yiqilish oldida topar edi-da,
seskanib «o‘zing saqla tangrim!» der edi. Bu xabarni eshitkandan so‘ng gangib esini
yo‘qotdi. Yarasi yangilandi:
— Oq bilan qorani ajratolmag‘an fuqaroning bir necha g‘arazgo‘ mustabidlar kayfi
yo‘lida bir-birisining qonig‘a tashna bo‘lishlari va natijada istiqbolning vahim ko‘rinishlari!
Shunday qayg‘ular ichida bo‘kib o‘lturar ekan, Hasanali qo‘lida bir maktub bilan
hujraga kirdi. Maktubni Otabekka uzatib — «Toshkanddan emish, otangizdan bo‘lsa
kerak» dedi. Otabek xatni ochdi: katta qog‘ozda, yo‘g‘on qalam bilan yozilg‘an uzun bir
maktub edi. O‘qudi (aynan):
«Huvalboriy ...ko‘zimizning nuri, belimizning quvvati, hayotimizning mevasi o‘g‘limiz mulla Otabekka yetib ma’lum va ravshan bo‘lg‘aykim, alhamdulilloh biz duogo‘y padaringiz, mushtipar onangiz va yaqin do‘stlaringiz munda Xaq taoloning hifzi himoyatida sihhat va salomat bo‘lib ko‘z nurimizning duoyi jonini subhi shom, balki