www.ziyouz.com kutubxonasi
21
— To‘g‘ri aytasiz, — dedi Hasanali, — ammo men ham uning dardiga bir necha kunlab
tushunmay yurgan edim.
— Xo‘sh, dardi?
— Muhabbat.
— Muhabbat?
— Muhabbat! — deb takrorladi Hasanali. — Shu yigirma besh kunlik bir muddatning
ichida ul butunlay odamgarchilikdan chiqayozdi. Bu o‘rtada qanday tashvishlarga
tushmadim, so‘rasangiz.
— Kimga muhabbat qo‘yg‘an, xabaringiz bo‘ldimi?
— Bo‘ldi. Qutidorning qizig‘a.
— Ha, ha-a! — deb yubordi Ziyo aka va bir oz o‘ylang‘adan keyin so‘radi, — buni siz
aniq bilasizmi?
— Aniq bilaman.
— O‘zi aytdimi?
— O‘zi aytmasa ham shunga yaqinlashtirdi.
— Otabek qizni qayerda ko‘rgan?
— Afsuski, buni bila olmadim.
Hasanalining kelish majburiyati va nima uchun kelganligi Ziyo akaga yaxshi
onglashildi ersa-da, yana shunday bo‘lsa ham so‘radi:
— Endi nima qilmoqchisiz?
— Huzuringizga kelishimning bosh sababi ham shundandir, — dedi Hasanali. — Bu
to‘g‘rig‘a siz qanday yo‘llar ko‘rsatasiz va nima kengashlar berasiz, albatta shunga qarab
bir ish qilamiz, deb xizmatingizga keldim.
Ziyo aka o‘ylab qoldi. Qiziq gap, deb bir-ikki qayta nos otib oldi. Bu orada Hasanali
boshdan-oyoq hikoyani so‘zlab chiqdi.
— Nozik gap, — dedi oxirda Ziyo aka, — agar biz Otabekni bu yerdan uylandirib
qo‘ysak, hoji bizdan xafa bo‘lmasmikin?
— Ko‘b yashang, boy aka. Qulingiz ham bu to‘g‘rida ko‘b o‘yladim. Xafa bo‘lsa nima
chorakim, biz shu ishka majbur bo‘lg‘an bo‘lsaq. Shuning bilan birga Yusufbek hoji ham
unchalik aqlsiz kishilardan emaski, bu gapka xafa bo‘lsa. Ammo men qutidor ko‘nadimi,
yo‘qmi, deb bu tomonni o‘ylab turibman?
Ziyo aka yana o‘ylanib bosh qashindi:
— Aytkaningizdek masalaning bu tarafi ham nozik,— dedi, — ammo qutidorning
Otabekka qarashini yaxshi bilsam ham o‘rtada yirog‘liq masalasi bor... Qizimni
musofirga bermayman, deb qo‘yarmikin, bilmadim...
— Menimcha qutidorning oldidan bir yo‘li o‘tilsin,— dedi Hasanali, — agarda ko‘nib
xo‘b desaku xayr, ko‘nmagan taqdirda bu xabarni Otabekka yetkuzsak, zora, shuning
bilan ko‘ngli sovib tushsa.
Hasanalining bu so‘zi Ziyo akaga ham ma’qul bo‘lib tushdi:
— Bo‘lmasa, qutidornikiga qachon borilsin, deysiz?
— Bundagi ixtiyor sizdadir.
Ziyo aka o‘ylab turdi-da, yuziga kulgi chiqardi:
— Hozir boramiz, — dedi, — biz ham umrda bir sovchiliq qilayliq.
Ziyo aka kiyinish uchun qo‘zg‘algan edi. Hasanali undan so‘radi:
— Manim ham birga borg‘anim ma’qulmi yoki yolg‘iz o‘zingiz?
Ziyo aka qo‘l silkib:
— Sizning borishingizdan zarar yo‘q, — dedi.