www.ziyouz.com kutubxonasi
27
— Mana, bekachim, — dedi kulib To‘ybeka. — To‘ybeka opangni sen hech narsaga
sanamaysan. Biroq uning nafsilamrda karomati bor. Opang bir narsani tiliga va yo
ko‘ngliga oldimi, darrav farishtalar «omin!» deydirlar. Anovi kungi yosh mehmonni
senga maxtasam achchig‘landing, ammo kelib-kelib bu kun seni o‘shanga berdilar...
Endi mundan keyin To‘ybeka opangg‘a ixlos qo‘y, bekachim!
Bu xabarni eshitkuchi Kumushbibining qora ko‘zlari jiq yoshg‘a to‘lib, kipraklari yosh
bilan belandilar.
— Yig‘lama bekachim, — dedi To‘ybeka, — biz bi-lamiz sizning ko‘z yoshlaringizning
nimaga ekanin: erlar so‘yinganda kulsalar, sizga o‘xshash qizlar yig‘laydirlar; sizning
yig‘lag‘aningiz — quvong‘aningiz... Meni erga berganlarida senga o‘xshash men ham
yig‘lag‘an edim, ammo ichimdan nikoh kunining tezroq kelishini kuta-kuta o‘lgan edim.
— Toqatim tugadi, opa, — dedi Kumush, — ortiq so‘zlamangiz.
— So‘zlamayman, — dedi To‘ybeka, — lekin sirasini so‘zlayman... Oh, ko‘rsang edi bir
kuyavni. Qanday chiroylik, qanday aqllik ekanini bilar eding, bekachim. Yulduzingiz nax
bir-biringizga to‘g‘ri tushkan ekan, ik-kingizning ham bir-biravingizdan kamligingiz yo‘q.
Kumushbibi ortiq chidalmadi, qo‘rqunch bir tovush bilan hayqirdi:
— Oh, o‘laman, ko‘b so‘zlama!
Kumushning bu tovshiga Oftob oyim bilan Oysha kampir uydan yugurishib chiqdilar:
— Nima bo‘ldi, nima bo‘ldi?
Kumushbibi onasi bilan bibisining uydan chiqishlari ila boshini sandalning ko‘rpasiga
burkab, yotib oldi. To‘ybeka juda qo‘rqqan edi:
— Qallig‘i to‘g‘risida so‘z ochqan edim, men bilan urishdi.
Oftob oyim To‘ybekani qarg‘ab berdi:
— Sen aqlsiz o‘lgur, Kumushni uyaltirg‘ansan! Tinch yursang seni birav bir nima
qiladimi? Bor, ishingga bor!
Onalar Kumushning bu hayqirig‘ini uyalg‘anga yo‘ydilar-da, yana uyga kirib bisot
kavlashka, to‘y hozirligini ko‘rishka mashg‘ul bo‘ldilar.
Kumushbibi bir necha fursatkacha shu ko‘yi burkanib yotdi. So‘ngra o‘rnidan turib
tashqari havliga qarab ketdi. Ko‘b yig‘lag‘anliqdan ko‘zlari qizarg‘an, qovoq-lari
shishkan, yuzlar bo‘rtkan edi. Ammo bu o‘zgarishlar uning husnini, latofatini bir zarra
ham kamitmay balki, o‘n qayta oshirg‘an edilar. Tashqarig‘a chiqg‘andan keyin
ayvonning tumshug‘iga kelib o‘lturdi va o‘ng qo‘lining kaftiga yuzini olib fikrga toldi. Shu
holda uzoq qoldi. Shundan keyin ul qo‘lini yuzidan bo‘shatdi-da, entikib dam oldi va
kimnidir izlagandek, kimnidir kutgandek tevaragiga qarab qo‘ydi...
— Ariq bo‘yi, sirlik ariq bo‘yi.
Yoshliq ko‘zlar ariq bo‘yig‘a tushib, nozik oyoqlar ariq bo‘yi tomong‘a harakatlandilar.
Ul ariq bo‘yig‘a yetkach, ma’lum o‘ringa sakrab o‘tdi-da, cho‘nqaydi. Bir hovuch suv olib
yuzidan to‘kib tushirdi va ohistagina yo‘lak tomong‘a qarab olg‘andan keyin suvning
oqishig‘a ko‘zini tikdi. Kumushning dardini hech kim bilmas, uning xayoliga hech kim
tushunmas, magar shu ariq bo‘yi tushungandek, bilgandek... Sirlik ariq bo‘yi unga
nimalarnidir so‘zlar, undan nimalarnidir tinglar, bunga chetdan hech kim voqif bo‘la
olmaydir-da, bo‘lmog‘i ham mumkin emas.
Ko‘zlaridan oqqan marvarid tomchilarini shu sirlik ariq suvi bilan yuvdi, bir
martabagina yuvdi emas — qaytalab-qaytalab yuvdi. Boyag‘i achchig‘idan bir muncha
tinchlanib, ko‘z qizilliqlari ketkan holda bitta-bitta bosib ichkariga qaytdi.