www.ziyouz.com kutubxonasi
30
qaraydirlar. Majlisda bir xil ma’yusi-yat. Qizlar nimani o‘ylaydirlar va nima to‘g‘risida
ma’yuslanadirlar, bu ersa qizlarning bizga noma’lum bo‘lg‘an ichki sirlaridir.
Qizlar ipka chizilg‘an guldek uy tevaragini olg‘anlar, buning ustiga yovoshliq,
o‘ychanliq ularning tuslariga ma’naviy bir husn va jiddiyat berib, birga yuz husn
qo‘shqan edi. Agar biz shu kezda zarshunosliq uchun yeng shimarsak, ya’ni gulni guldan
ajratadurg‘an bo‘lsaq boyag‘idek esankirab, mutaraddid qolmaymiz, chunki Kumushbibi
lolalar isidagi bir gul va yo yulduzlar orasidag‘i to‘lg‘an oy edi.
Orada hamon boyag‘i jimjitlik hukm surar edi.
Har bir majlisning jonlandirg‘uchi, idora qilg‘uchi bir-ikki qahramoni bor bo‘lganidek,
bu qizlar majlisi ham shunday qahramonlardan holi emas edi. Majlisni bunchalik
ruhsizlanib, ma’yusiyat ichida qolishig‘a Gulsinbibi chidab turolmadi:
— Biz nima uchun yig‘ildiq-da, nimaga yer chizishib o‘lturamiz! — dedi. — Biz bu
yerga aza ochqali keldikmi?
Gulsinning yonig‘a Xonimbibi qo‘shilishdi:
— Ko‘b o‘ylashmang, o‘rtoqlar! — dedi, — baribir bu gap hammamizning ham
boshimizda bor! Tur Savra! Havlig‘a olov yoqib childirmangni qizit! Anorgul, sen
dutoringni ol! Kumushbibi, siz uncha xayol surmang kulib o‘lturing. Baribir ertaga joysiz
chekkan qayg‘in-gizdan o‘kinarsiz! — dedi-da, majlisni ost-ust kuldirib yubordi.
Kumushbibi ham ixtiyorlik, ixtiyorsiz bu kulgulikka tortilib, uning yovoshqina iljayishidan
yoqutdek lablari ostidagi sadaf kabi oq tishlari bir oz ko‘rinib qo‘ydilar.
Shu gapdan keyin majliska kutilmagan bir ruh kirdi. Anorgulning qo‘lidag‘i dutor
«O‘rtoqlar» kuyini tanlarga larza berib, tarona qildi. Xonimbibi qizlarg‘a qistatib
o‘lturmay o‘rnidan sakrab turdi-da, o‘ynab ham ketdi. Dutor yonig‘a childirmaning
chertmagi kelib qo‘shilg‘andan keyin bazm tag‘in ham jonlandi. Chapaklar ham ko‘tarildi.
O‘yin qizib borar edi, uning daricha eshiklari beklanib toqchalarg‘a sham’ yoqil-g‘andan
so‘ng, bazmning ruhi yana oshdi. Yel bilan o‘ynashib yong‘an sham’ nuri qizlarni
allaqanday ajib holatka qo‘ymoqda, majlis ersa «Alif laylo» hikoyala-ridagi «parilar»
bazmini xotirlatmoqda edi. Dutor «Ifor» kuyini chalib, childirma ham nozik yo‘l bilan
unga qo‘shilisha bordi. O‘yin ham bir turlik nazokat kasb etib, Gulsinbibi yo‘rg‘alay ketdi.
Dutor ko‘ngilning allaqanday ingichka joyini qitiqlaydir, childirma yurakni nimagadir
oshiqdirib, Gulsin qizning yo‘rg‘alashi borliq a’zoni zirillatadir. Bazm juda qiziq, juda
ko‘ngillik edi.
Kumushbibini ham bu qiziq bazmdan boshqalardek hissa oladir, so‘yinib quvonadir,
deb o‘ylanmasin, chunki vujudi qizlar bazmi ichida bo‘lsa ham xayoli allaqa-yoqlarda
uchib yurgandek, ko‘zlari o‘ynag‘uchi qizlarda bo‘lsa ham, ammo haqiqatda boshqa bir
narsani ko‘rgandek... Ko‘rinishdan natija chiqarib aytkanda, bu qiziq majlis uning uchun
bazm o‘rnini emas, aza joyini tutqandek...
Ikki soatlik qiziq bir bazmdan so‘ng qizlar charchadilar-da, o‘yinni to‘xtatdilar. Gulsin
bilan Xonimbibi endi dutor bilan qo‘shiqqa o‘lturdilar. Gulsin o‘zining qo‘ng‘uroqdek
tovshi bilan «Yig‘larman» kuyidan boshladi:
Ikkinchi qaytarib aytishda unga Xonimbibi qo‘shilishdi. Bir turlik, bir ohanglik nafis,
musiqaviy tovushlar kishining borliq vujudiga, qon tomirlarig‘a ajoyib bir o‘zgarish
bergan edilar. Shu choqqacha mo‘ltayib, xayol ichida sho‘ng‘ib o‘lturg‘an Kumushbibi bir
seskandi-da, qo‘shiqchi qizlarg‘a qaradi.
Qizlar ikkinchi baytka o‘tdilar: