www.ziyouz.com kutubxonasi
33
yangalar kuyav so‘radilar. Ikki yoshg‘a muhabbatlik umr so‘rab fotiha o‘qilg‘andan so‘ng
Otabek ichkariga uzatildi.
Hasanali mehmonxona ayvonida bekni kutib turar edi:
— Endi kuyavlik muborak bo‘lsin, begim?
— Qutlug‘ bo‘lsin.
Hasanali boshdan-oyoq bekni kuzatdi, otaliq muhab-bati bilan bekning orqasini siladi
va yoshli ko‘zlari bilan duo qilib unga ruxsat berdi. Otabek yangalar kutib turg‘an tarafka
yurdi. Ul hozir qiziq holatda edi: bu nima gap, tushimi, o‘ngimi, nima gaplar o‘tib,
nimalar bo‘lmoqda, bo‘lib turg‘an ish haqiqatmi?
Biz ichkariga kiramiz: havlining ikki tomoni to Kumushbibining uyigacha qator kuyav
kutkan xotinlar, bola-chaqalar bilan to‘lg‘an. Ba’zan kutkuchi xotinlar-ning qo‘lida yonib
turg‘an sham’, kuyav tushadirgan uy to‘y mollari bilan juda ham bejalgan. Yuqorida
yozilib o‘tilgan qutidor uyining aksar jihozlari shu uyga, Kumush qiz uyiga ko‘chirilgan.
Bir bulargina emas xotin-qizlar qo‘li bilan chatib ishlangan turlik ziynat chodirlari bilan
ham bejalgan, shipda katta qandil, qandilda o‘ttuzlab sham’lar yonib uyni sirlik bir
holatka qo‘yadirlar. Burchakda qizlar majlisida ko‘rilgan oq kiyim-lar bilan Kumushbibi
turadir... Uning husni bejalgan uyning oqlari, ko‘klari, sariqlari va qizillari bilan tovlanib
xayoliy bir siymoda... Ko‘z yoshlarini oquzib yangasi-ning so‘ziga quloq osmaydir.
Tashqaridan eshitilgan «kuyav! kuyav!» so‘zi bilan tag‘in ham uning ko‘z yoshisi
ko‘payib tusi ham o‘zgardi. Yangasi Kumushni shu holda qoldirib o‘zi yugirganicha
eshikka chiqdi. Kuyav kelar edi: ikki tomonni sirib olg‘an xotin-qizlar o‘rtasidan Otabek
kelar edi. Uning ketidan Oftob oyimning egachisi isiriq tutatar edi. Xotinlar qo‘llarida
sham’ bilan unga qarar va kuzatib qolur edilar. Kuyav uyning yonig‘a yetdi. Uning yuzi
uyatidan juda qizarg‘an, qochqali joy topolmas edi. Shu kezda uyning eshigi ochildi-da,
yanga tomonidan qarshilandi.
— Kiringiz, bek.
Otabekning yurak urishi ehtimol yangasiga ham eshitilar edi... Otabek uyga kirgandan
keyin yangasi tashqari chiqib, eshikni o‘zi ko‘rarlik qiya qilib yopdi... Uyning to‘rida
yonini Otabekka berib ro‘ymolining uchini tugibmi, yirtibmi Kumushbibi turadir va kim
keldi, deb yonig‘a qaramaydir. Ro‘ymol tugish bilan mashg‘ul latif qo‘llarni chet qo‘l kelib
siqdi:
— Jonim!
Kumushbibi begona qo‘ldan seskandi va qo‘llarini qutqazmoqqa tirishib:
— Ushlamangiz, — dedi ham siquvchi qo‘ldan quti-lish uchun orqag‘a tislandi.
Titrag‘an va qovjirag‘an bir tovushda:
— Nega qochasiz? Nega qaramaysiz? — dedi bek. Kumushbibi shu choqg‘acha
qaramag‘an va qarashni ham tilamagan edi. Majburiyat ostida, yov qarashi bilan
sekingina dushmaniga qaradi... Shu qarashda bir muncha vaqt qotib qoldi. Shundan
keyin bir necha qadam bosib Otabekning pinjiga yaqin keldi va esankiragan,
hayajonlang‘an bir tovush bilan so‘radi:
— Siz o‘shami?
— Men o‘sha, — dedi bek. Ikkisi ham bir-birisiga beixtiyor termulishib qoldilar.
Kumushbibi og‘ir tin olib:
— Ko‘zlarimga ishonmayman, — dedi.
Otabek ko‘zlarini to‘ldirib qarab:
— Men ham, — dedi.
Shu vaqt ikki lab o‘z-o‘zidan bir-birisiga qovishdi... Kichkina nozik qo‘llar yelka ustiga,
kuchlik qo‘llar qo‘ltiq ostig‘a yopishtilar.
Kumushbibi Otabekning yuziga uzoq tikilib turdi-da: