* * * Otabek Marg‘ilon kelganning ikkinchi kuni poyafzal bozorida bo‘lg‘an edi. Asr
namozning vaqti o‘tib borg‘anliqdan ul shundagi do‘kondorlarning birisidan tahorat olish
uchun suv so‘radi. Ko‘chadagi suv ariqning tegidan sayoz oqar, shuning uchun undan
foydalanish qulay emas edi. Do‘kondor unga suvning qulay o‘rnini ko‘rsatdi: «Mana shu
burchakdagi darbozadan ichkariga kirsangiz, ariqning yuza joyini topib tahorat olursiz»,
dedi. Otabek do‘kondorning ko‘rsatishicha qutidorning tashqarisig‘a kirdi. Shu vaqt
tasodufan nima yumish bilandir mehmonxonadan chiqib kelguchi farishtaga ko‘zi tushdi.
Kumush ham ariq yoqasig‘a kelib to‘xtag‘an chingilin yigitka beixtiyor qarab qoldi.
Ixtiyoriy emas, g‘ayri ixtiyoriy ikkisi ham bir-birisidan bir muncha vaqt ko‘z ololmadilar.
Oxirda Kumush nimadandir cho‘chig‘andek bo‘ldi, yengilgina bir harakat bilan o‘zini
ichkari yo‘lak tomong‘a burdi. Bu burilishdan uning orqa-o‘ngini tutib yotqan qirq
kokillari to‘lqinlandilar. Kumush ichkariga qarab chopar ekan, yo‘l ustidan ariq-bo‘yida
qotib turg‘an yigitka yana bir qarab qo‘ydi va bu qarashda unga yengilgina bir tabassum
ham hadya qildi... Kumush ichkariga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, lekin Otabek yana bir
necha daqiqa yerga mixlangandek qotib turdi... Oxirda ko‘zini katta ochib o‘tkan
daqiqada uchrashkani xayoliy go‘zalni istab xayol-landi. Biroq haqiqat boshqacha edi.
Tahorat olmoq uchun ariq bo‘yig‘a o‘lturdi. Ammo ko‘zi xayol yashi-ring‘an yo‘lakda edi.
Tahoratlanib bo‘ldi, yana ko‘zini o‘sha tarafdan uzolmadi. Artinib olg‘andan keyin yana
oyog‘ ustida to‘xtab qoldi. Yashiring‘an go‘zal ikkinchi qayta ko‘rinmadi, ehtimolki,
Otabekni ipsiz bog‘lab, o‘zi qaysi burchakdan bo‘lsa ham asirini tamosha qilar edi.
Ko‘b kutdi, asr namozini qazo qilib kuch bilan qutidor uyidan chiqdi va shu daqiqadan
boshlab unda muhabbat mojarosi tug‘ilg‘an edikim, bu yog‘i o‘qug‘uchimizga ma’lumdir.
Kumushbibining yuqorida «Siz o‘shami!» deb so‘rashi shunga binoan bo‘lib, ammo unga
masalaning onglashilmay qolishi va chin baxtni bil’aks kutib olinishi qiziq edi. Shunday
qilib ikki yoshning birinchi ham sof muhabbatlari qovishish bilan natijalandi.