www.ziyouz.com kutubxonasi
37
Homid kavlana boshlag‘andanoq qo‘rboshining ustidan sovuq suv sepilgan edi. Ul
oltinlarni yonig‘a solib joylag‘ach, tovush ham eski holiga qaytib, so‘zlar ham muloyim
tortdi.
— Demak, nozik joy edi, degin Homidboy.
— Taqsir...
— Badbaxtlar shunday maslahat qildilarmi hali?
— Taqsir... Bu ishning oldini olinmasa natija yomon albatta.
— Albatta, biz o‘sha buzuqilarning jazolarini berarmiz... Men hozir borib bekka arz
qilay, shu kechadan qoldirmay qo‘lg‘a olamiz muttahamlarni, — dedi qo‘rboshi.
Homidning chehrasi ochilib ketkan edi. Qo‘rboshi o‘zining imo va ishorasiga
o‘tkanlikdan uning ko‘zida o‘ch olish quvonchlari va undan keyingi Homidning o‘ziga
ma’lum bo‘lg‘an bir baxt umidlari o‘ynar edilar. Qo‘rboshi tokchadan davot, qalam olib
oldig‘a qo‘ydi-da, yozuvg‘a hozirlanib so‘radi:
— Ayt-chi, Homidboy, muttahamlar kimlar edi?
— Bittasi toshkandlik Yusufbek hojining o‘g‘li — Otabek.
Qo‘rboshi yozdi:
— Ha-ha! Hali Yusufbek hojining o‘g‘li degin. Bizning Marg‘ilonni ham qong‘a
botirmoqchi ekan-da, muttahamlar, ikkinchisi?
— Shu kunlarda Otabekka qizini bergan marg‘ilonlik Mirzakarim.
— Pes-pesni qorong‘ida topqan ekan, uchinchisi?
— Otabekning quli — Hasanali.
— To‘rtinchisi?
Homid bir oz o‘ylab javob berdi:
— Bilmadim... Hozir Marg‘ilondami, yo‘qmi, andijonlik Akram hoji.
Qo‘rboshi yozdi:
— Ish katta ekan, tag‘in?
— Endi yo‘q, taqsir, — dedi Homid va so‘ziga shuni ham qo‘shdi, — Otabek bilan
Mirzakarim qo‘lg‘a olinsalar ilonning boshi yanchilgan hisoblanib, o‘zgalarning qo‘lidan
ish keladirgan odamlar emas, taqsir.
Qo‘rboshi yozuvni bitirib qo‘yniga tiqdi — «Bo‘l-masa ish bitdi, ertaga erta bilan
mojaroni eshitarsan», — dedi. Homid o‘rnidan turib qo‘rboshig‘a qulliq qilib chiqdi.