www.ziyouz.com kutubxonasi
44
sipohlari tomonidan muhosara holatida ekanligi to‘g‘risidagi xabarlar kelib turmoqda edi.
Hasanali bu gaplardan xabarsiz emas, Toshkandga kirib olishning qay daraja qo‘rqunch
bo‘lg‘anlig‘i ham uning ko‘z o‘ngida edi. Ish shundog‘ bo‘lsa ham ul Toshkand jo‘nash
uchun o‘zida bir majburiyat his etar, najot yo‘llarini endi Toshkanddan izlamasa boshqa
chora yo‘q edi. Qarorni shunga berib, bu fikrini Kumush bilan Oftob oyimg‘a so‘zladi.
Ularda epaqalik bir miya, Ha-sanaliga yo‘l ko‘rsatadirg‘an ixtiyor qolmag‘an, topqanlari
faqat yig‘i edi. Hasanalining «Siz bilan manim qo‘llarimizdan bir ish chiqadirg‘an
o‘xshamaydir. Nima bo‘lsa ham men Toshkand borib, najotni o‘sha yerdan izlamasam
bo‘lmas», deyishiga qarshi Kumushbibi bir xil siniq tovushda:
— Marg‘ilondan topilmag‘an najot Toshkanddan topilsinmi? — dedi.
— Biz endi shunga majburmiz, qizim, — dedi Hasanali, — qayin otangiz ehtimol
buning birar chorasini topar.
— Biz endi shunday qolaberamizmi, agar zolimlar...— dedi-da Kumush so‘zining
oxirini aytalmay o‘krab yubordi. Hasanali ham o‘zini kuch hol bilan yig‘idan bosar ekan,
Kumushni yupatdi:
— Unday bo‘lmag‘ir xayollarga tushmang, qizim, — dedi, — qushbegi boshqalarg‘a
qarag‘anda insoflik hokimdir. Xudo xohlasa, men Toshkanddan qaytquncha ular ham
zindondan qutilurlar.
Bu kun kechasi ul yo‘l tayyorliqlarini ko‘rdi. Minib ketishi uchun qutidorning saman
yo‘rg‘asini belguladi. Ertasi ertalab Marg‘ilonning Qo‘qon darbozasidan bi-rinchi galda
chiqg‘uchi Hasanali bo‘ldi.