15. TOSHKAND QAMALDA Bu kun Toshkand qamalining elli birinchi kuni. Sovuq bir oz yumshab tushkan, quyosh
ochiq havoda harakat etmakda edi. Yerlar erib, hamma yoq shilt-pilt loy, qo‘rg‘on
kungiralaridagi qirovlar bo‘g‘qa aylanib ko‘kka ko‘tarilmakda edilar.
Bu kun tongdan boshlab, Toshkandning Samarqand darbozasi tomonidan bo‘lg‘an
qo‘qonlilarning hujum-lari o‘zlari uchun so‘ng darajada halokat bilan tugalgan. Qo‘qon
sipohlari endigi hujumgacha shikastrextlarini tuzatish, yaralarini bog‘lash, damlarini olish
uchun qo‘rg‘on yonidan qayoqqadir, qo‘shlariga ketkanlar. Qaramoqqag‘ina emas,
so‘zlashka ham dahshat: Kamolon darbozasi bilan Samarqandg‘acha bo‘lg‘an qo‘rg‘on
ostlari (bu ikki darboza oralari besh yuz adim keladir) boshsiz va ishtondan boshqasi
tunalgan inson gavdalari bilan to‘libdir. Bu ochiq mozoristonni qo‘rg‘on kungiralari ustida
mudofaadan so‘ng charchab, quyoshda jilinib o‘lturgan sallalik, qalpoqlik va popoqlik
Toshkand mudofi’lari ming turlik shodliqlar ichida tomosha qiladirlar. Bu ikki darboza
orasida ikki xil holat hukm suradir — qo‘rg‘on ostlarida jahannam dahshati bilan
yalang‘och, boshi tanidan olinib qora qonig‘a belangan odam gavdalari yotib, qo‘rg‘on
ustida ikkinchi kishilar dunyo shodlig‘i ichida suzadirlar.
Qo‘rg‘on ustidagi qahramonlardan bittasi kula-kula bir sarkardani otib o‘ldirganligini
so‘zlab: «Padar la’natini o‘zim xo‘bam otdim-da, otning ustidan uch gaz ko‘tarilib
yiqildi!» deydir. Tag‘in bittasi o‘liklar ichidan kimnidir ko‘rsatib: «Ana, ana, hov ana!
O‘sha qipchoqqa o‘q tegib o‘lib o‘lalmay, yurib yuralmay ingrab yotqan ekan. Qilichim
bilan boshini shartta kesib, belidagi oltin kamari va ustidagi kimxob po‘stunini olib
chiqdim!» deydir. Har kim bu kungi urushdagi o‘zining erliklari bilan, qo‘lg‘a tushirgan
oltin kamari, yoqut ko‘zlik uzugi, sovsar po‘stuni, kumush qinli qilichi va boshqa o‘ljalari
bilan maxtanadir.
Shu vaqtda qo‘rg‘on ustidan qo‘shiq tovshi eshiti-ladir: