www.ziyouz.com kutubxonasi
39
Ko‘b fursat o‘tmadi. To‘rdagi kichkina eshik ochilib ichkaridan to‘la yuzlik, o‘siq
qoshliq, og‘ir qarag‘uchi ko‘zlik, siyrak soqol, o‘rta bo‘yliq, ustidan kimxob to‘n kiyib,
beliga qilich osqan qirq besh yoshlar chamasida bir kishi ko‘rindi. Ahmadxon bilan
qo‘rboshining o‘rinlaridan turib ta’zim qilishlaridan bu zotning kim ekanligi bilinar edi. Bu
kishi kelib atlas ko‘rpacha ustiga o‘lturdi va o‘zining salmoq tovshi bilan:
— Qalay, Xoliqbek, — dedi, — yurtlaringiz tinch-likmi, o‘lturing.
— Xudog‘a shukur, davlatlari ko‘lankasida, — deb qo‘rboshi tavozi’landi va qo‘l
qovushtirib qushbegining yaqinig‘a cho‘kkaladi. Ahmadxon bo‘sh laganni dastur-xoni
bilan ko‘tarib qushbegi kirgan eshikdan chiqdi.
— Kechagi o‘g‘rilar nima bo‘ldi, qo‘lg‘a tushirdingizmi?
— Davlatlari ko‘lankasida... O‘g‘rilardan bittasi tutildi, davlatlari yori bersa qolg‘anlari
ham ushlanur, deb o‘ylayman.
— Boshqa nima xabarlar bor?
Qo‘rboshi yuziga jiddiylik holati berdi:
— Davlatlari yori bersa hukumatimiz uchun qo‘rqunch bo‘lg‘an buzuqilar uyasini
topqandekman, — dedi.
Qushbegi o‘ziga o‘ng‘aysizliq bermakda bo‘lg‘an qilichini tizasiga olib hamon
sovuqqonliliq bilan so‘ra-di:
— Qanday buzuqilar uyasi?
— Qanday buzuqilar uyasi bo‘lsin, taqsir, — dedi qo‘rboshi, — dunyoda qora
choponliqlardan ham kuchlirak buzuqilar bo‘ladimi?
Qushbegi ko‘tarilinqirab oldi va ko‘zlari bir oz kattaroq ochildi:
— Xo‘sh?
— Ma’lumingiz, ulardan Azizbek bilan Yusufbek Toshkandda bilfe’l isyon chiqarib
yotadirlar. Biroq ular shuning o‘zigagina qoniqmay, Marg‘ilonni ham buzish fikriga
tushkanlar va shu maqsadda bu yerga odam ham ko‘ndirganlar.
— Odami kim, tanidingizmi?
— Tanidim, taqsir, — dedi qo‘rboshi mag‘rur bir ohangda, — Yusufbek hojining o‘g‘li
va o‘zimizning Marg‘ilondan ham yana bir necha buzuqilar.
— Yusufbek hojining o‘g‘li?
— Taqsir... ismi Otabek.
Qushbegining ko‘zi yondi... Manglay etlari tirishib, so‘l qo‘l bilan soqolini tutamlab
fikrga ketdi. Bu xabar unga boshqacha ta’sir bergan edi: Toshkandning Qo‘qong‘a qarshi
isyon qilg‘an bir zamonida, isyonchi-lardan biri ham birinchisi bo‘lib tanilg‘an Yusufbek
hojidek bir kimsaning o‘z o‘g‘lini Marg‘ilonga yuborib, bunda ham isyon chiqarish qasdida
bo‘lmog‘i uningcha juda yaqin va shubhasiz edi.
— Ul hozir qayerda turadir?
— Mirzakarim qutidor ismlik bir kishinikida.
— Mirzakarim bilan qanday aloqasi bor emish?
— Barakalla, taqsir, — dedi qo‘rboshi, — Otabekning Marg‘ilondan topqan eng yaqin
kishisi shu qutidordir. Mundan bir necha kun ilgari Otabekka o‘z qizini berib kuyav ham
qilibdir. Aytishlaricha, Otabekning barcha rejalari shu qutidor bilan kengashib bo‘lar
ekan.
— Ularning tevaragiga kimlar yig‘ilg‘an?
Qo‘rboshi qo‘ynidag‘i yozuvni olib qushbegiga uzatdi:
— Hozircha menga ma’lum bo‘lg‘an buzuqilar shunda.
Qushbegi yozuvg‘a ko‘z yugurtirib ro‘yxatdagi kishilarni darhol keltirishga buyurdi.
Qo‘rboshi qulliq qilib chiqg‘ach, yana bir qayta yozuvni o‘qub fikrga toldi.