9. QARSHILASH Bu kungi kutilmagan tun Hasanali otani gangitkan, uning keksa ko‘zlari uyqu bilan
tamom chaplashib olg‘an edilar. Ul bu xabarni ertaga ertalab qaysi yo‘sun bilan bekka
bildirish yo‘llarini o‘ylar edi. Bu favqulodda so‘yinch xabarni bekning qaysi yo‘sunda
qarshilashini o‘ylar edi. Bu xabarni eshitish bilan Otabekda ko‘riladirgan o‘zgarishlarni,
hollarni, harakatlarni... barchasini birma-bir ko‘nglidan kechirar edi. Bu gapni eshitgach,
haftalab hujra ichidan chiqmay yotqan bekni ko‘chalarda, bozorlarda, qutidor uylarida
shodlanib, ruhlanib yurganini ko‘rar edi. Bu o‘ylarni tugatkandan keyin uning ko‘zlari
uyqu sari yumila boshlab, qarshisig‘a Otabek kelib to‘xtar edi: «Ota, men sizning bu
qilg‘an yaxshilig‘ingizni sira unutmasman» deb minnatdorlik qilg‘andek bo‘lar edi.
Hasanali uyg‘onib ketar va qaytadan shu to‘g‘rida o‘ylab boshlar edi: «Bechora.
Suyganing to‘g‘risida o‘ylay-o‘ylay boshlaring og‘rib, ohlar tortib yotadirgandirsan...
Yordamching yo‘qlig‘i-dan umiding kesilib, hasratingni kimga aytishni bilmay-
dirg‘andirsan. Qayg‘irma begim. Hasanali otang u to‘g‘rida ham seni yodidan
chiqarmadi... Bu kecha se-ning qayg‘uliq kechalaringning eng keyingisi va oydinliq ham
she’riyatlik tunlaringning arafasidir, begim».
Hasanalining ko‘zlari tag‘in uyqug‘a ketar, qarshisig‘a Otabek bilan ko‘hlik, ko‘rkam
bir qiz kelib chiqar va ikkisi unga qarab iljayishar edilar: «Bizning chin otamizsiz»
degandek bo‘lar edilar. Hasanalining yana uyqusi qochar edi. Yoshim oltmish to‘rtka
yetdi, o‘g‘ul-qizim bo‘lmadi... Dunyodan charog‘chisiz boraman... Darvoqi’ Otabek
menga o‘g‘ulliq qilmasmi, xotini menga qiz bo‘lmasmi, ularning bolalari meni «bobo»
deb ketimdan yugurmasmikinlar? Tuproq ostlarida unutilib yotqan kezlarimda: «Bir vaqt