www.ziyouz.com kutubxonasi
25
judoliqqa sira toqatim yo‘qdir... Mana shu ta-rafni yengilroq o‘ylag‘anga o‘xshadingiz,
jonim.
— So‘zlaring to‘g‘ri, xotin, — dedi o‘ylab qutidor, — lekin taqdir bitkandanmi, nimadan
bo‘lsa ham bu yigitka qarshi ko‘nglim jizillab turadir. Bu fikrim senga ma’qul tushadimi,
yo‘qmi, har holda biz endi uzoq o‘ylashib o‘lturmayliq-da, o‘z xohishimizcha qilib javob
beraylik: masalan, sovchilarg‘a rizolig‘imizni bildirib, ammo Kumushni Marg‘ilondan olib
ketmaslikni shart qilaylik. Agar shartimizni qabul qilsalar yolg‘iz bolamiz ikki bo‘lib —
ayni bizning muddaomiz; yo‘q, qabul qilmasalar ul vaqtda kinalari o‘zlaridan bo‘lsin,
mana bu maslahatka nima deysan, xotin?
— Musofirlig‘i?
— Biz ta’nani kuyav qilmaymiz, — dedi qutidor, — bizga chin yigit kerak, xalq
«musofirga berdi» deb so‘z qilsa — qilsin.
Oftob oyim eridagi maylni boshdayoq payqagan edi, shuning uchun tilar-tilamas
«o‘zingiz bilasiz» javobini berdi. Javobni olib qutidor sovchilar oldig‘a chiqdi va ma’lum
shartni ularga e’lon qildi. Bu shartni Otabek ismidan Ziyo shohichi qabul etib qutidorni
Otabekdek bir yigitni kuyav qilishi bilan tabrikladi va shu takallufsiz sovchilik ila umr
savdosi bitkan hisoblandi. Ikki yosh-ning muhabbatlik, uvalik-juvalik bo‘lishlarig‘a duo
qi-ling‘ach sovchilarg‘a zarrin to‘nlar kiydirildi. Hasanali qutidorga o‘zining
minnatdorchiligini aytib tugata olmas, so‘z oralarida uni duolar bilan g‘arq etmakda edi.
— To‘nlar muborak bo‘lsin!
— Sizga kuyav o‘g‘ul muborak bo‘lsin!
Qutidor ixlos va samimiyat bilan:
— Qutlug‘ bo‘lsin! — dedi.