www.ziyouz.com kutubxonasi
93
— Muhabbat degan narsa husnga qaramaydir.
— Qaraydirmi, yo‘qmi, sandan uni so‘rayotqanim yo‘q. Qaysi birisi ko‘hlikrak deb
so‘rayman?
Hasanali qiynaldi va gapni boshqag‘a chalg‘itish uchun:
— Endi maslahat nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
— Oldin so‘zimga javob ber-chi, yer yutkur!
— Savolingiz qiziq, nima deb javob berishga hayronman... To‘g‘risini aytaymi?
— To‘g‘risini!
— To‘g‘risini indallo so‘zlasam, — dedi va qiynalib to‘xtadi, — har bir gulning isi o‘z
yo‘lig‘a.
— To‘g‘risini deyman!
— Anuv keliningizning o‘lsa o‘ligi ortiq...
— Gapirma-gapirma, — dedi O‘zbek oyim, — boshda shu marg‘ilonliq balosiga o‘zing
sababchi bo‘lg‘anmisan, hali ham o‘shaning tomonini olib so‘zlaysan! Sandek soqoli
uzun, aqli qisqadan kengash so‘rab o‘lturg‘an men ham ahmoq!
Hasanalining chalg‘itishi va hayron bo‘lishi O‘zbek oyimning tabi’atini yaxshi bilgani
uchun edi. Ul o‘z xohishiga teskari kelgan haqiqatni ko‘rmaydirgan qiziq bir tabi’atka
molik edi.
— O‘zingiz to‘g‘risini so‘zlatib, tag‘in nega mendan xafa bo‘lasiz, oyi, — deb muqobala
qila boshlag‘an edi, O‘zbek oyim yana gurullab ketdi:
— Bo‘ldi-bo‘ldi... tuzingni ichib, tuzlig‘ingga tupurganni xudoy ko‘tarsin, — dedi.
Hasanali xo‘jabekasining qarg‘ish va koyishi ostida kula-kula uydan chiqdi.
Bu musohaba ko‘rinishda O‘zbek oyimg‘a uncha o‘zgarish bermagandek sezilsa ham,
lekin ruhan uni ancha bo‘shashdirg‘an edi.