www.ziyouz.com kutubxonasi
116
ko‘rgan qayin onam Saodatning vafotining ikkinchi yili meni zo‘rlab uylantirdi. Lekin bu
ikkinchi xotin menga Saodat bo‘lolmadi. Haqiqatan saodatim ko‘milgan edi. Keyingi
yillarda futurdan keta boshlag‘an qayin onam qizidan yigirma oy so‘ng, o‘n bir yoshliq
o‘g‘lini menga tashlab dunyodan o‘tdi. Qayin onamning vafotidan so‘ng, biylik o‘z qo‘lig‘a
qolg‘an keyingi xotinim fahsh suratda ro‘zg‘orimni to‘zita bosh-ladi. O‘g‘riliqcha va
to‘g‘riliqcha qimorboz akasiga in’om qilishg‘a kirishdi. Kundan-kunga ishim keyin ketib,
ishlaganim ro‘zg‘orga uchurvoq ham bo‘lmay boshladi. Yomon xotinning shum qadami
bilan uyimdan baraka ko‘tarilganligini va barcha barakalarimni rafiqam Saodat bilan
birga ko‘milganligini onglab, keyingi xoti-nimni taloq qildim. Endi uchunchi yildirki,
xotinsiz yashayman va uylanishni ham o‘ylab ko‘rmayman. Chunki marhuma Saodat
bilan kechirgan kunlarimning totli xotiralari menga abadiy lazzat bag‘ishlag‘anlaridek,
ham achchig‘-achchig‘ yig‘latadirlar. Uylanishimga kengash berguchi o‘rtoqlarimg‘a: —
Men endi dunyodan o‘tkan kishi, bu kun bo‘lmasa ertaga yor qabri ustida yong‘an
sham’da o‘zini halok qilg‘uchi bir parvona, — deyman.
Endigi o‘ylag‘anim faqat qaynimni uylantirish, so‘ngra... so‘ngra yuzni yoruq qilib
Saodat quchog‘iga kirish... — dedi va darmonsizlang‘an kabi yostiqqa yonboshladi.
Ustaning bu so‘ngg‘i so‘zi Otabekni ortiq asarlantirgan, ko‘z chuquri bir-ikki qayta yosh
suvi bilan to‘lib chiqg‘an edi.
Ikkisi ham uzoq jim qoldilar. Otabek o‘z qayg‘usini butunlay deyarlik unutib qo‘yg‘an,
qarshisidag‘i yerga singibkina yotqan mujassam ishqdan ko‘z uzolmay boshladi.
Ustaning moziysida emas, holida ulug‘ bir ma’no ko‘rar edi. Ammo uning istiqbolida bir
bo‘shliqdan o‘zga hech gap uchrata olmasa-da, yana ulug‘ bir ma’no ko‘rgandek bo‘lar
edi. O‘z istiqbolini ham shu ustaniki qabilidan ko‘rmakchi bo‘lsa-da, buning uchun bir
narsa kamdek, yetishmag‘andek kelar, ikkinchi usta Alim bo‘lish uchun bir «o‘ldi»
so‘zigina oradan topolmas edi. Keyinroq bu «o‘ldi» so‘zini qo‘shqan bilan ham usta Alim
bo‘lish qiyinlig‘ini onglay boshladi, chunki Otabek Kumush tomonidan so‘kilgan va
tashlang‘an edi. Holbuki, Saodat so‘kmagan va tashlamag‘an, balki eri-ning bir gunohi
sababidan yosh umrini xazon qilg‘an va usta Alim qayin otasi tomonidan hayvoncha
quvlanmag‘an... va qayin ota tomonidan kuyav yo‘lig‘a tuzoq qo‘yilib, Saodatni chiqarib
olish fikriga tushilmagan, ya’ni orag‘a shaytanat oralamag‘an... Bu so‘ngg‘i fikrni ul
o‘ylamag‘an joydan ilhom qabilidan to‘qib olg‘an edi, ya’ni o‘zining Toshkanddan
uylanishiga qutidor tomonidan rizoliq berilishini, hatto uning to‘yni o‘z qo‘li bilan o‘tkazib
kelishini ilgaridan hozirlanib kelingan tuzoq, deb tushungan edi. Muhokamasi shu
yergacha kelib yetkach, usta Alim darajasiga yetish uchun o‘zida hech bir munosabat
ko‘rmadi... Usta Alim yozib bergan o‘ringa kirib yotar ekan, o‘z-o‘ziga aytar edi:
«Quvlanishg‘a, tahqir etilishka loyiq ko‘rilgan Otabek usta Alim bo‘lishg‘a ham sazovor
emas!» Ul uyqug‘a ketar ekan, yuragi bolalarini uchurib ketkan karrukning uyasidek
bo‘m-bo‘sh edi.
* * * Otabek ertagi namozga turg‘anda ko‘zi Shamshodbekning bazmidan azonda qaytib
kelib, dong qotib uxlab yotqan Sayfiga tushdi. O‘n besh yoshlar chamasida bo‘lg‘an bu
yigit o‘zining o‘tkur husni bilan Saodatdan xabar berar edi.
Bir-ikki piyola choy ichkan bo‘ldi-da, usta Alim bilan xayrlashdi.